«Akamni qutqara olmadim». Karaokedagi halokatli yong‘in tafsilotlari
29 iyul kuni Farg‘ona shahridagi 4 qavatli bino yerto‘lasida joylashgan karaoke kafesida yong‘in sodir bo‘ldi. Halokatli yong‘in oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan. 7 kishi turli darajadagi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib tafsilotlarni o‘rgandi. Yong‘indan omon qolib ayni paytda shifoxonada davolanayotganlar bilan suhbatlashdi.
Farg‘ona viloyat FVB axborot xizmati rahbari Ahliddin Alijonovning ma’lum qilishicha, karaoke ichkarisida foydalanilgan ventilyator yong‘in keltirib chiqargani taxmin qilinmoqda.

“Kelib tushgan xabarga asosan viloyat FVB maxsus guruh ham yong‘in qutqaruv ekipajlari zudlik bilan voqea joyiga yetib kelgan. Binoning yerto‘lasi tutun bilan qoplanganligi sababli maxsus uskunalar yordamida 13 nafar fuqaro tashqariga olib chiqildi.
Ulardan 6 nafari halok bo‘lgan. 7 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Karaoke ichkarisidagi foydalanilgan ventilyator yong‘in keltirib chiqargani taxmin qilinmoqda. Halok bo‘lganlarning barchasi tutundan zaharlangan. Sodir bo‘lgan holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilyapti”, – deydi u.
Shifoxonada bo‘lib hodisadan jabrlangan fuqarolar bilan suhbatlashdik.

“Xolamning o‘g‘li xonadan chiqa olmay halok bo‘ldi”
“Karaokega soat 11:00larda to‘rt kishi bo‘lib kirgan edik. Oradan yarim soatlar o‘tib xonamizga tutun kira boshladi. Yo‘lakkacha bazo‘r chiqib oldim. Qolganlar xonada qolib ketdi. Biz o‘tirgan xonadan tashqari 3-4 ta xonada odam bor ekan. Biz 5-xonada edik. Biz o‘tirgan xonada xolamning o‘g‘li ham bor edi. U tutun orasidan chiqa olmay halok bo‘ldi. Unga yordam bera olmadim.
Lekin yonimdagi ikki sherikni olib chiqishga ulgurdim. Xonada chaqnash yoki boshqa biror hodisa ko‘rmadik. Ko‘zimga faqat tutun ko‘rindi xolos”, – deydi ismi sir qolishini istagan jabrlanuvchilardan biri.
Surishtiruv davomida karaoke ichkarisida Farg‘ona shahridagi o‘quv markazlaridan birida kirish imtihonlariga tayyorlanayotgan abituriyentlar ham bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
“Karaokega 8 kishi kirgan edik. Birimiz ichkarida qolib ketdi”
“Farg‘ona davlat universitetiga kirish uchun hujjat topshirgan edim. Farg‘ona shahridagi o‘quv markazlaridan birida kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Bugun o‘quv markazidagi oxirgi imtihonni topshirib xursandchiligimizni karaokeda nishonlashga qaror qilgandik. Soat 11:00 larga yaqin karaokega kirdik. Qo‘shiq aytib o‘tirganimizda birdan svet o‘chib qoldi. Xonadoshim eshikni ochishi bilan atrofni tutun qoplab oldi. Tashqariga chiqishga harakat qildik. Lekin yo‘lni topa olmadik.
Xonada jami bo‘lib 8 kishi edik. Oramizdan 5 kishi tashqariga amallab chiqib ketdi. 3 qiz qolib ketib yordam so‘rab baqirdik. Qora tutun ichida hech kim bizni ko‘rmadi. Yo‘lakda yerga uzala tushib yotgan qizga ko‘zim tushdi. Uni tashqariga olib chiqib keta olmadim. U o‘sha yerda qolib halok bo‘ldi”, – deydi yong‘inda ichkarida bo‘lgan abituriyent.
“Karaokega men bilan birga kirgan ikki tanishim tutundan chiqib keta olmadi...”
“Tanishlarim jami 8 kishi (4 o‘g‘il, 4 qiz) bo‘lib qo‘shiq aytib o‘tirganimizda tashqaridan qandaydir ovozlar eshitila boshladi. Keyin esa xonamiz tutunga to‘ldi. O‘rnimdan turib eshikni ochganimda yo‘laklarni tutun qoplab bo‘lgan ekan. Yo‘lakka chiqib karaoke binosining orqa tomonidagi eshigini ochishga urindim. Eshik ochilmadi. Tutundan nafas ololmay yerga yiqildim. Keyin esa tashqaridagi odamlar meni tortib olishdi. Keyin bilsam karaokega birga kirgan ikki tanishim ichkarida qolib ketib joni uzilgan ekan,” – deydi tutundan omon chiqishga muvaffaq bo‘lganlardan biri.
“Farzandi halok bo‘lgan ota-onalarga sabr tilayman”
“O‘g‘lim ertalab yaxshi niyatda o‘quv markazidagi so‘nggi imtihonini topshirish uchun uydan chiqib ketdi. Dalada ishda edim. Uyga kelsam mahalla raislari so‘roqlab kelishdi. Avvalida bo‘lgan voqeani mendan yashirishib, o‘g‘limning bexos mazasi qochib qolgani haqida aytishdi. Bo‘lgan voqeani eshitib ming tahlikada kasalxonaga yetib keldim. Yaratganga shukr. Bolam jiddiy lat yemagan ekan. O‘g‘lim bilan kirib gaplashdim.
Farzandi halok bo‘lgan ota-onalarga sabr tilayman”, – deydi farzandi bilan shifoxonada uchrashgan ona.
Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali direktor o‘rinbosari Behzod Ziyayevdan bemorlar holati bo‘yicha ma’lumot oldik.

“Filialimizga 13 nafar bemor qabul qilindi. Ularning 6 nafarida biologik o‘lim holati qayd etilgan. 7 bemordan biriga noma’lum etiologiyali gazdan o‘tkir zaharlanish og‘ir darajasi tashxisi qo‘yilib reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi.
3 nafar bemor noma’lum etiologiyali gazdan o‘tkir zaharlanish bilan o‘rta og‘ir darajada toksikologiya bo‘limida davolanyapti. Qolgan 3 nafar bemorga shok zalimizda yordam ko‘rsatilmoqda”, – deydi Behzod Ziyayev.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, 6 kishi tutundan zaharlanish oqibatida halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida tuzilgan hukumat komissiyasi yong‘in bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishda davom etmoqda.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
RFPI bosh direktori Dmitriyev muzokaralar uchun AQShga tashrif buyurishi mumkin
Jahon | 11:29
-
Yuqori hosil olgan fermerlar uch karra kam yer solig‘i to‘laydi
Iqtisodiyot | 11:19
-
Forbes: Rossiyada dollarli milliarderlar soni rekord darajaga yetdi
Jahon | 11:09
-
Octobank «Barqaror» prognoz bilan Moody’s xalqaro kredit reytingiga sazovor bo‘ldi
O‘zbekiston | 11:00
Mavzuga oid

10:12 / 31.03.2025
Namangandagi yong‘inda 4 yoshli bola halok bo‘ldi

09:05 / 25.03.2025
Janubiy Koreyani o‘rmon yong‘inlari qamrab oldi. Fotoreportaj

21:25 / 24.03.2025
Do‘rmonda bir-biriga tutash 3 ta uyda yong‘in sodir bo‘ldi

19:54 / 24.03.2025