Jahon | 11:41 / 17.08.2023
8265
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Qozog‘iston, Rossiya va Slovakiya kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi

Rossiya Ukrainadagi urush paytida yo‘qotayotgan o‘q-dorilar va qurol-yarog‘lar uchun Shimoliy Koreya va boshqa ittifoqchilarga tobora ko‘proq murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda, deya ma’lum qildi AQSh Moliya vazirligi.

Foto: AFP

Amerika Qo‘shma Shtatlari Vashington Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi qurol-yarog‘ bitimlariga aloqador deb hisoblagan uch kompaniyaga nisbatan sanksiyalar joriy qildi, deb xabar berdi Reuters 16 avgust, chorshanba kuni kechqurun. AQSh Moliya vazirligi Rossiya Ukrainadagi urush paytida yo‘qotayotgan o‘q-dorilar va qurol-yarog‘lar uchun KXDR va boshqa ittifoqchilarga tobora ko‘proq murojaat qilishga majbur bo‘layotganini ma’lum qildi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga, xususan, Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan va Verus konsalting guruhi sifatida tanilgan Rossiyaning «Verus» MChJ kompaniyasi qo‘shildi. Bundan tashqari, ro‘yxatga Qozog‘istonning «Defens injiniring» korxonasi hamda Slovakiyaning Versor kompaniyasi ham kiritilgan. Vashington ushbu kompaniyalarning barchasi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtichev bilan aloqadorligini ta’kidlaydi. Mkrtichev - Versor prezidenti, Verus asoschisi va egasi, Defense Engineering direktori. 

KXDR uchun tovarlar evaziga qurol 

AQSh Mkrtichevni Shimoliy Koreya va Rossiya vakillari bilan muzokara olib borishda aybladi. Bu muzokaralardan maqsad, Vashingtonga ko‘ra, Shimoliy Koreya uchun tovarlar evaziga Rossiyaga 20 dan ortiq turdagi qurol va o‘q-dorilarni yetkazib berish bo‘lgan.

«Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyadan Rossiyaga yordam ko‘rsatishga urinayotgan noqonuniy moliyaviy tarmoqlarni fosh qilishda davom etmoqda. Biz ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda Ukraina urushi markazida bo‘lgan noqonuniy qurol savdosiga qarshi kurashni davom ettirmoqdamiz», - dedi moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelson. 

Jismoniy shaxslar yoki kompaniyalarning SDN ro‘yxatiga kiritilishi Qo‘shma Shtatlarda joylashgan barcha aktivlarni muzlatish, shuningdek, ushbu mulkdorlarga 50 foizdan ko‘proq qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita tegishli bo‘lgan tashkilotlar faoliyatini bloklab qo‘yishni o‘z ichiga oladi. Ularning mulki yoki manfaatlari bilan bog‘liq barcha operatsiyalar AQSh Moliya vazirligi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasining (OFAC) maxsus litsenziyasi bo‘lmagan taqdirda taqiqlanadi. 

Mavzuga oid