Rossiya Qora dengizdagi xalqaro suvlarda kemalarni ushlashda davom etsa NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvni provokatsiya qilishi mumkin, degan Shimoliy Atlantika alyansining Yevropadagi qo‘shinlari sobiq bosh qo‘mondoni Jyeyms Stavridis. U yaqinda Odessa portiga yo‘l olgan turk kemasiga rus harbiylari tushganini misol keltirgan. Anqara bu voqeadan so‘ng Moskvani taranglik oshishidan ogohlantirgan, Kiyev esa RFni «qaroqchilik akti»da ayblagan.

Rus harbiylarining Sukru Okan yuk kemasiga tushish chog‘i. RF MV videosidan skrinshot.

Sukru Okan kemasi bilan bog‘liq voqea

Qora dengizda taranglik iyul oyida Rossiya g‘alla bitimini birtomonlama tark etgach kuchaya boshladi. Ruslar Ukraina portlariga ketayotgan kemalarning barchasi potensial harbiy yuk ortgan harbiy nishonlar sifatida ko‘rilishidan ogohlantirgan. Boz ustiga, kemalarga bayroqlari ilingan mamlakatlarni Moskva Ukraina QK tomonida urushga kirgan, deb hisoblashini aytgan. RF TIV qandaydir chora ko‘rilishidan avval kemalar Qora dengizda tekshiruvdan o‘tkazilishi lozimligini ta’kidlagan.

13 avgust kuni RF mudofaa vazirligi «Vasiliy Bikov» patrul kemasidagi harbiylar Qora dengizda Turkiyaning Sukru Okan yuk kemasini to‘xtatish uchun ogohlantiruvchi o‘t ochish yuz berganini xabar qildi. Iddao qilinishicha, kema «taqiqlangan yuklarni yuklab olmaganini tekshirish uchun to‘xtatish talabiga bo‘ysunmagan». U Palau bayrog‘i ostida Ukrainaning Odessa oblastidagi Izmayil portiga yo‘l olayotgandi. Tekshiruv o‘tkazilib bayonnoma imzolangach, kema o‘z yo‘lida davom etgan. Qora dengiz strategik tadqiqotlar instituti rahbari Andrey Klimenkoning aniqlashtirishicha, kema Turkiya dengiz chegarasidan bor-yo‘g‘i 12 km uzoqlikda to‘xtatilgan.

Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi Sukru Okan’ni ko‘zdan kechirish videosini taqdim etdi. Kema unga yaqinlashgan Ka-29 vertolyotidan tasvirga olingan, uning palubasida bir necha kishi qo‘lini boshining orqasida birlashtirib tiz cho‘kib turgani ko‘rinadi. Rossiya dengiz piyodalari kema sahniga tushib, qo‘llarida qurol bilan boshqaruv xonasiga bostirib kirib, ingliz tilida baqirgancha dvigatelni to‘xtatishni talab qilgan. Dengizchilar ham qo‘llarini boshini ortida birlashtirgancha tiz cho‘kishgan.