Xuddi kinolardagidek yoxud 500 ming dollarlik firibgarlikning dramatik yakuni
Jizzaxda turgan “ovchi” poytaxtdagi o‘ljani bexato urgandi go‘yo. Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i baribir chiqdi, jinoyat ishi ortidan 2 kishi qamoqqa ravona bo‘ldi, ular nishonga olgan “o‘lja” – qariyb 25 mlrd so‘mlik mulk bir yildan ko‘proq sarsongarchiliklardan so‘ng o‘z egasiga qaytdi. Xalq banki xodimlari va notariusning bu firibgarlikdagi aloqalariga hozircha huquqiy baho berilgani yo‘q.
Kutilmagan xabar
Yillar davomida egalik qilib kelingan xususiy mulk birdaniga boshqa birovga o‘tib qolsa... Toshkent shahridagi “Denta-Servis” xususiy korxonasi rahbari Kamol Xo‘jayev bilan ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘ldi. U qariyb 25 mlrd so‘mlik mulkidan ayrilishiga bir baxya qoldi. Bu haqda Kun.uz oldinroq maqola e’lon qilgandi.
Toshkentlik tadbirkor 2022 yilning 5 iyul kuni Xalq banki Jizzax filialidan talabnoma oladi. Unda Xalq bankidan qariyb 700 ming dollar kredit olish uchun korxonaga tegishli xususiy shifoxona binosi garovga qo‘yilgani, qarz to‘lanmayotgani uchun undiruv bu mulkka qaratilayotgani nazarda tutilgandi. Kutilmagan bu xabardan tadbirkor hayratga tushadi.
Talabnomada aytilayotgan bino – Chilonzor tumani “Charx-Kamolon” MFY, Novza ko‘chasi 16-uyda joylashgan 2,3 ming kv/m maydonga ega shifoxona haqiqatan ham korxonaga tegishli edi.
Tadbirkor avvaliga bu holatni kichik bir anglashilmovchilik deb o‘ylaydi,vaziyat ancha jiddiy, talabnoma ortida kichik anglashilmovchilik emas, katta firibgarlik bor ekani xayoliga ham kelmagandi.
Sudning g‘irromi
2022 yil 12 avgust kuni Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish hamda tergovga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bu ish doirasida hujjatlar, xususan ularga qo‘yilgan imzo va muhr ekspertizaga yuboriladi. Jizzax viloyati ekspert kriminalistika markazi tomonidan ularning soxtaligi tasdiqlanadi. Ammo prokuratura tergovni davom ettirayotgan bir vaqtda Xalq banki Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi orqali otni qamchilayotgan edi.
Aslida sudda hujjatlar soxtaligiga, kredit oluvchi “Ayzenburg Ekspert” MChJ ham, unga kafil bo‘lgan “Yagona Sof Kapital” MChJ ham buncha kreditni olib ishlatishga layoqatli bo‘lmagan, boz ustiga yangi tashkil qilingan tashkilotlar ekaniga e’tibor qaratilishi lozim edi. Vaziyatga umuman aloqasi bo‘lmagan holda eng ko‘p jabr ko‘rayotgan “Denta-Servis” xususiy korxonasining ishga umuman aloqador bo‘lmaganiga diqqat qilinishi shart bo‘lgan. Ammo 2022 yil 18 avgust kuni juda qisqa muddat, nari borsa 15-20 daqiqa davom etgan sud o‘zining ilk majlisidayoq “Denta-Servis” xususiy korxonasidan qarzni undirish va buning uchun shifoxona binosini bank hisobiga musodara qilish to‘g‘risida qaror chiqarib yuboradi.
Jinoiy sxema qanday ishlagandi?
Aslida hammasi biri 5 marta, boshqasi 6 marta va yana biri 3 marta sudlangan uch firibgarning o‘zaro kelishuvidan boshlangandi. “Ayzenburg Ekspert” MChJning norasmiy rahbari Ozod Pirnazarov 2021 yilning mart oyida soxta hujjatlar tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan, xavfli retsidivist hisoblangan Ma’mur Erkaboyevga qo‘ng‘iroq qiladi. O‘zaro suhbat jarayonida Ozod Pirnazarov 700 ming dollar kredit olmoqchi ekanini, buning uchun bankka soxta hujjatlar asosida kredit ta’minoti sifatida garov mulkini qo‘yish kerakligini aytadi. O‘zini bu ishlarning piri deb biladigan Ma’mur Erkaboyev ishni sherigi Rashid Bakirov bilan birgalikda xamirdan qil sug‘urgandek hal qilishini bildiradi. “Buyurtmachi” va “bajaruvchi” 10 ming dollarga kelishadi.
Shundan so‘ng ikki “ishbilarmon” – Ma’mur Erkaboyev hamda Rashid Bakirov sotilishi rejalashtirilgan “pichoqqa ilingulik” binolarni izlay boshlashadi. Ularning e’tiborini “Denta-Servis” xususiy korxonasining sotuvga qo‘yilgan binosi tortadi.
Keyingi qadam hujjatlarni soxtalashtirish edi. Firibgarlar korxona rahbari Komil Xo‘jayev nomidan soxta umumiy yig‘ilish qarori chiqarib, Rashid Bakirovni korxonaga rahbar qilib tayinlashadi. So‘ngra ta’sischilarining kredit olinishiga rozi ekani haqida yig‘ilish bayonnomasi, mulkni baholash hisoboti, kadastr hujjati, “Denta-servis” xususiy korxonasi guvohnomasi, ustavi, Kadastr agentligi, Arxitektura va qurilish boshqarmasi ma’lumotnomalarini qalbakilashtiradi. Shuningdek korxona muhrini ham soxtalashtirib yasaydi. Tayyor bo‘lgan hujjatlarni Ozod Pirnazarov bankka taqdim qiladi.
Ammo bir muammo chiqadi, bank xodimlari garov mulkini joyiga borib ko‘rishi kerak edi. Firibgarlar bu muammoni ham silliqqina hal qilishgan: “Denta-Servis” xususiy korxonasining mojaroga sabab bo‘layotgan binosi sotuvga qo‘yilgan emasmi, Ma’mur Erkaboyev makler niqobi ostida Komil Xo‘jayevning oldiga boradi va xaridor olib kelishini aytadi. Xaridorlar esa garov mulkini ko‘rishga borayotgan bank xodimlari edi. Erkaboyev bank xodimlariga o‘zini “Denta-Servis” xususiy korxonasining vakili deb tanishtirib, binoni ko‘zdan kechirishga imkon yaratib beradi.
Shu tariqa, notariusga ham soxta hujjatlar taqdim qilinib, kredit shartnomasi tuzilgan va kredit chiqarilgan.
Qilmish jazosiz qolmadi
2023 yil 21 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida mazkur yirik firibgarlik ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmi bilan Ma’mur Erkaboyev 6 yil-u 6 oy, Ozod Pirnazarov 8 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. Rashid Bakirovga esa oylik ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Bank xodimlari, notarius va adolatsiz qaror chiqargan sud masalasi ochiq qoladimi?
Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 18 avgustdagi hal qiluv qaroriga apellyatsiya kiritilgan hamda ishni ko‘rish tergov yakuniga qadar to‘xtatilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, jinoyatchilarga sud hukmi bilan tegishli jazolar tayinlanganidan so‘ng ishni ko‘rish tiklandi. Sud 21 avgust kuni kredit shartnomasini haqiqiy emas deb topish, mulkni taqiqdan chiqarish va egasiga qaytarish haqida hal qiluv qarori chiqardi.
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Sudyalar oliy kengashi apellyatsiya sudi natijasidan keyingina sudyaning xatti-harakati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilishini bildirgandi.
Albatta, bu ishda elektron bazadan mulkka oid bapcha hujjatlarni olib, taqdim etilganlari bilan solishtirmagan, mulkdorga oid elementar tekshiruv ham o‘tkazmasdan shartnoma rasmiylashtirgan notariusning, kredit chiqarishda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygani ham huquqiy jihatdan baholanishi lozim. Kun.uzʼga ma’lum bo‘lishicha, ishning notarius va bank xodimlariga oid qismi jinoyat ishidan alohida yurituvga ajratib olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ruslan Saburov
Kun.uz
Mavzuga oid
12:31 / 10.11.2024
2024 yilda Jizzax viloyatida bolalar ishtirokida 59 ta YTH sodir bo‘ldi
07:50 / 24.10.2024
Davlat mulki obektlarini “nol” xarid qiymati bo‘yicha realizatsiya qilish tartibi bekor etilyapti
10:20 / 19.10.2024
Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi yanada oshiriladi
09:56 / 24.09.2024