Bugun Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida AQShning harbiy bazalari bor. Ularda ko‘plab amerikalik harbiylar xizmat qilishadi va turli harbiy texnikalar saqlanadi.

1949 yilda NATO (North Atlantic Treaty Organization – Shimoliy Atlantika harbiy tashkiloti) tuzilganda uning ta’sischilari bo‘lgan 12 davlat orasida Italiya ham bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay Italiyaga birin-ketin AQSh harbiy bazalari joylashtirila boshlanadi. Bugun bu davlatda o‘ndan oshiq AQSh va NATOga tegishli harbiy bazalar bo‘lib, ularda harbiy-havo kuchlari, harbiy-dengiz floti va quruqlikdagi qo‘shinlar joylashgan.

AQSh harbiy bazalarining Italiyada joylashishi mamlakatning barcha aholisiga yoqadi deb bo‘lmaydi. Vaziyat tug‘ilishi bilan ularga qarshi namoyishlar o‘tkazib turishadi.

Eng yirik namoyishlar 1998 yilda bo‘lib o‘tgan va odamlar Italiyadagi AQSh harbiy bazalarini yopishni talab qilib chiqqandi.

O‘shanda namoyishlarga AQSh harbiylarining mamlakat shimolidagi Kavaleze kurorti yaqinida dor yo‘lini uzib yuborgani, oqibatda 20 nafar sayyoh vafot etgani sabab bo‘lgandi.

Hujjatli filmdan kadr

Halokatdan avvalgi vaziyat

Italiya shimolida, Alp tog‘lari bag‘rida joylashgan Trentino hududida dunyodagi eng yaxshi tog‘-chang‘i kurortlaridan biri Val-di-Femme joylashgan.

Bu kurort tog‘li hududda qurilgan 11 ta shaharchani qamrab oladi. Shaharchalarning eng mashhuri Kavaleze shahri hisoblanadi.

Shuningdek, Val-di-Femme kurortiga yaqin joyda NATOning harbiy bazasi bor. U kurortdan 70-80 kilometr uzoqlikdagi Aviano shaharchasida joylashgan.

Bazada asosan NATO harbiy-havo kuchlari joylashgani uchun, kurort tepasidan AQSh harbiy samolyotlari tez-tez uchib o‘tadi.

Val-di-Femme kurortiga har yili dunyoning turli davlatlaridan bir necha yuz ming sayyoh dam olishga keladi. Sayyohlarga bir vaqtning o‘zida 50 dan ortiq dor yo‘llari xizmat ko‘rsatadi.

Dor yo‘llari tez-tez zamonaviylariga almashtirib turiladi. Shu sababli Val-di-Femmega kelib dam oluvchilar ulardan bexavotir foydalanishadi.

Biroq 1998 yilda sodir bo‘lgan halokatdan so‘ng vaziyat bir muddat o‘zgaradi va odamlarda dor yo‘llariga chiqishda qo‘rquv paydo bo‘ladi.