Sport | 17:39 / 04.09.2023
21013
10 daqiqa o‘qiladi

Kimlar hammadan ko‘p sarfladi? Yozgi transferlar yakunlari

Saudiyaliklarning aql bovar qilmas xaridlariga qaramay, Angliya klublari yetakchilikni o‘zida saqlab qoldi. Shu bilan birga, kuchli o‘nlikdan Saudiyaning birdaniga uch klubi joy oldi.

30 avgust kuniyoq bir transferlar oynasida sarflangan mablag‘lar miqdori ko‘pligi bo‘yicha jahon rekordi yangilab bo‘lingandi. Shu kuni bu 7,631 mlrd yevroga yetdi, bu esa 2019 yil yozidagidan 50 mln yevroga ko‘proq edi. Keyingi kunlarda ham o‘nlab transferlar amalga oshdi. Qolaversa, Saudiya Arabistonida oyna 7 sentabrgacha ochiq qoladi. Quyida bu yozda yangi futbolchilar uchun eng ko‘p mablag‘ sarflagan klublar keltirib o‘tiladi.

«An-Nasr» (165 mln yevro sarfladi)

Dastlab Krishtianu Ronalduni safiga qo‘shib olgan ushbu klub ham Yevropadagi yulduzlar savdosida ishtirok etdi. Ular «Bavariya»dan Sadio Maneni, «Siti»dan Emerik Laportni, «Inter»dan Marselo Brozovichni olib kelishdi. Ammo eng qimmatbahor xarid portugaliyalik vinger Otavio bo‘ldi, uning transferi uchun 60 mln yevro to‘landi. «Portu» bu sotuvdan mamnun ekani tayin, Transfermarkt portalida ushbu 28 yoshli futbolchining bahosi 35 mln yevro deb ko‘rsatilgan.

«Liverpul» (172 mln yevro sarfladi)

Klub transferlar oynasining so‘nggi kunida eng ko‘p xarajat qilgan klublar o‘nligiga kirib oldi. Bu «Bavariya»dan 40 mln yevro evaziga Rayan Gravenberh sotib olingani tufayli bo‘ldi. Bungacha mersisaydliklar Dominik Soboslai, Aleksis Mak Allister va Vataru Endo transferi bilan kifoyalangandi. Yozda qator yetakchilari bilan xayrlashgan klub uchun bu u qadar muvaffaqiyatli oyna bo‘lmadi, ammo ushbu tayanch yarimhimoyachisining kelishi vaziyatni ancha yaxshiladi. Klub bu mavsumda yana sovrinlar uchun kurashishga tayyor.

«Al-Ahli» (184 mln yevro sarfladi)

Saudiya Arabistonining ushbu klubi ham Yevropada diqqat markazida turdi. Ular katta pul evaziga (40 mln yevro) Ispaniya chempionatidan qit’aning umidli yoshlaridan biri – Gabriel Veygani olib ketishdi. Ushbu yigitcha 21 yoshida Yaqin Sharqqa yo‘l oldi va buning uchun erinmagan odam uni tanqid qildi. Lekin u uch yillik shartnoma uchun Yevropadagidan bir necha barobar ko‘proq maosh oladi. Qolaversa, saudiyaliklar «Siti»dan sotib olgan Riyoz Mahrez (35 mln yevro) va «Roma»dan olib kelgan Rojyer Ibanes (30 mln yevro) bilan birga to‘p suradi. Bu klub oldinroq Merix Demiral, Eduard Mendi, Frank Kessiye kabi yulduzlarni ham safga qo‘shib olgandi.

Bu klub tashkil topganidan buyon transferlar uchun 120 mln yevro atrofida mablag‘ sarflagandi, 2023 yil yozining o‘zida 184 mln yevro xarajat qildi.

«Manchester Yunayted» (207 mln yevro sarfladi)

«MYu»da ham faqat uchta katta xarid bo‘ldi. Asosiysi – Rasmus Hoylund. Uni birinchi mavsumdayoq liga to‘purariga aylangan Erling Holand bilan ko‘p solishtirishadi. Skandinaviyalik bu futbolchi uchun 75 mln yevroning bahridan o‘tildi. Dastlabki turlarni jarohati tufayli o‘tkazib yuborgan futbolchi faqat 4-turga kelib, «Arsenal»ga qarshi safar o‘yinida zaxiradan maydonga tushdi va barchada yaxshi taassurot qoldirdi. Meyson Maunt esa «Chelsi»dan 64 mln yevro evaziga xarid qilingandi, Devid de Xea ketganidan keyin bo‘sh qolgan darvoza chizig‘i 52 mln yevro evaziga «Inter»dan sotib olingan Andre Onana bilan yopildi. Transferlar oynasining so‘nggi kunida esa muammoli tayanch zonasi uchun «Fiorentina»dan Sofyan Amrabat ijaraga olindi. Qolgan transferlar u qadar ahamiyatli emas.

«Arsenal» (235 mln yevro sarfladi)

Londonliklarda ham faqat uchta yirik transfer. Lekin biri rekord darajada. Bu yozda hech bir klub bir futbolchi uchun 116,6 mln yevro sarflamadi. Faqat Kaysedo uchun raqobatda ustun kelgan «Chelsi» bunga yaqin keldi. «Arsenal» bu pullarga Deklan Raysni safga qo‘shib oldi. U klubning asosiy futbolchisiga aylanmoqda va «MYu»ga qarshi o‘yinda qo‘shimcha daqiqalarda g‘alaba golini urdi. Shuningdek, 75 mln yevro evaziga «Chelsi»dan Kay Havers olib kelindi, nemis futbolchisi yozda «Bayyer» safiga o‘tib ketgan Granit Jakaning vazifalarini o‘ziga olgan. «Ayaks»dan 40 mln yevro evaziga niderlandiyalik himoyachi Yurriyen Timber sotib olingandi, ammo u ilk turdayoq jarohat olib, mavsum oxiriga qadar safdan chiqdi. Shuningdek, «Brentford» darvozaboni David Rayya keyinroq sotib olish sharti bilan ijaraga olingan.

Mikel Arteta bunday transferlar bilan birinchi navbatda ikki frontda - APL chempionlik poygasi va Chempionlar ligasida munosib qatnashishni ko‘zlagan.

«Manchester Siti» (241 mln yevro sarfladi)

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra trebl qayd etgan jamoa boshqalardan qolishmadi. «Shaharliklar» ham kam bo‘lsa-da, kuchli transferlar amalga oshirishdi: Yoshko Gvardiol uchun 90 mln yevro («Leypsig»), Mateus Nunes uchun – 62 mln yevro («Vulverhempton»),Jyeremi Doku uchun – 60 mln yevro («Renn») to‘landi. Qolaversa, transferlar oynasi boshidayoq «Chelsi»dan 29 mln yevro evaziga Mateo Kovachich olib kelingandi.

«Tottenhem» (249 mln yevro sarfladi)

«Tottenhem» bozorda muvaffaqiyatli ishladi. Eng yirik transfer – Brennan Jonson uchun «Nottinghem»ga 55 mln yevro to‘landi. Yana 40 mln yevro atrofidagi narxlarga uch futbolchi sotib olindi: «Lester»dan Jyeyms Meddison, «Sporting»dan – Pedro Porro, «Volfsburg»dan – Mikki van de Ven. Shuningdek, «Yuventus»dan ijaraga olib o‘ynatilgan Deyan Kulushevskining transfer huquqi sotib olindi (30 mln yevro). Harri Keyn «Bavariya»ga sotilgan holatda bunday xarajatlar ajablanarli emas. Shu bilan birga, markaziy hujum chizig‘iga faqat Alexo Velis sotib olindi - «Rosario»ga 15 mln yevro to‘landi.

«PSJ» (349 mln yevro sarfladi)

Bu ro‘yxatda uchinchi o‘rinni kutilmaganda «PSJ» egalladi – APL va Saudiya Arabistoni vakili bo‘lmagan yagona klub. Ular mablag‘larni rejasiz sarflamadi, ammo savollar tug‘diradigan holatlar ham bor. 60 mln yevro evaziga tayanch zonasi uchun Manuel Ugarte olib kelindi – muammoli chiziqni yopish uchun yaxshi transfer. Undan tashqari, «Barsa»dan Usmon Dembele (50 mln yevro), «Bavariya»dan – Lukas Ernandes (45 mln yevro) keldi. Klub chindan ham zarur pozitsiyalarni kuchaytirdi. So‘nggi kunda esa «Ayntraxt»ga hujumchi Randal Kolo Muani uchun 95 mln yevro to‘landi.

«Al-Hilol» (353 mln yevro sarfladi)

«An-Nasr» endi tarkibida Ronaldu borligiga qaramay Saudiya Arabistonining eng kuchli klubi emas. «Al-Hilol» yozgi transferlar kampaniyasini juda kuchli o‘tkazdi. «PSJ»dan Neymarni olib kelish uchun 90 mln yevro atrofida mablag‘ sarflandi. Ikkinchi o‘rinda – «Zenit»ning sobiq hujumchisi Malkom. Piterliklar bu braziliyalik futbolchisi uchun 60 mln yevro ishla oldi. Shuningdek, Aleksandar Mitrovich, Ruben Nevesh, Sergey Milinkovich-Savich va Kalidu Kulibali kabi yulduzlar ham bor.

«Chelsi» (464 mln yevro sarfladi)

Yozning so‘zsiz yetakchisi. Amerikalik biznesmen Todd Bouli boshqaruviga o‘tgan klubda faqat uning o‘ziga tushunarli bo‘lgan qayta qurish ishlari davom ettirilmoqda. O‘tgan yozda «Chelsi» birdaniga ikki jahon rekordini yangilagandi: bungacha hech kim bir mavsum doirasidagi ikki transfer oynasida 611 mln yevro va qishki transferlarning o‘zida 330 mln yevro sarflamagandi.

Endi esa yana bir rekord o‘rnatildi: 464 mln yevro - yangi tarixiy raqam, hech bir klub hali transferlar oynasida buncha xarajat qilmagan. Klubga yozda 17 futbolchi keldi, shundan olti nafari ijaradan qaytgan, 11 nafari sotib olingan.

Shu bilan birga, klub futbolchilari sotuvidan 264,2 mln yevro ishlab, odatda «Ayaks», «Benfika», «Atalanta», «Brayton», «Sporting» va «Monako» kabi klublar emas, aynan londonliklar sotuvlardan eng ko‘p mablag‘ ishlagan jamoaga aylandi.

Klubning eng katta xaridlari – Moyses Kaysedo va Romeo Lavia, shuningdek hujumchi Kristofer Nkunku bo‘ldi. Ular uchun sarflangan mablag‘ning yarmi to‘g‘ri keladi – 248 mln yevro. 

Mavzuga oid

E`lonlar