Bugun yangi formatda ilk bor tashkil qilingan va bir oydan beri davom etib kelgan turnir o‘z yakuniga yetadi. Musobaqa finalida «PSJ» va «Chelsi» to‘qnash keladi.
G‘oliblar
Bu safar biroz kengroq formatda tashkil qilinayotgan bo‘lsa-da, klublar bo‘yicha jahon chempioni degan nom asr boshlarigacha yetib boradi va an’anaviy ravishda 1960 yildan buyon Tokioda tashkil etib kelingan qit’alararo kubok o‘rniga paydo bo‘lgan. Avvaliga faqat Libertadores va YeChL g‘olibi o‘rtasida bitta uchrashuv o‘tkazish bilan kifoyalanishgan bo‘lsa, keyin boshqa qit’alar vakillari ham qo‘shila boshlaydi.
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida eng ko‘p «Real» g‘alaba qozongan – 5 marta. «Chelsi» hisobida ham ushbu turnir g‘olibligi bor – 2021 yilda londonliklar «Palmeyras» ustidan 2:1 hisobida ustun kelishgandi. Umuman olganda, oxirgi 11 turnirda, jumladan bu safar ham shunday bo‘ladi, bosh sovrin Yevropa klubiga nasib qilib kelmoqda. Qizig‘i, boshqa qit’a vakili g‘alaba qozongan oxirgi final 2012 yilda bo‘lgandi va aynan «Chelsi» «Korintians»ga imkoniyatni boy bergan.
Agar bugun «PSJ» g‘olib chiqadigan bo‘lsa, klublar o‘rtasida jahon chempioniga aylangan ilk fransuz jamoasiga aylanadi. Nafaqat 2000 yildan keyin paydo bo‘lgan turnir, umuman, 1960 yildan boshlangan qit’alararo kubok tarixini qo‘shadigan bo‘lsak ham, Fransiya klublarida g‘oliblik yo‘q. E’tiborli tomoni, 1993 yilda Marselning «Olimpik» jamoasi Chempionlar Ligasini yutgan bo‘lsa-da, jahon chempioni bo‘lish nasib etmagan – moliyaviy qing‘irliklar tufayli klub diskvalifikatsiyaga uchragan edi. Demak, Enrike shogirdlari tarixiy voqea bo‘sag‘asida turishibdi.
Angliyadan esa ikki marta «Manchester Yunayted», shuningdek, bir martadan «Manchester Siti», «Liverpul» va yuqorida aytilganidek «Chelsi» dunyoning eng kuchli jamoasi sifatida qayd etilib, ushbu sovrin egasiga aylangan.
«PSJ» – yaqqol favorit
Bemalol aytish mumkinki, final oldidan deyarli hamma «PSJ»ni yaqqol favorit sifatida e’tirof etmoqda. Parijliklar bu mavsum o‘zi qatnashgan barcha musobaqalarda g‘olib chiqmoqda, yo‘lidan chiqqan barcha top-klublarni mag‘lub etmoqda.
«Chelsi» esa ushbu turnirda to‘rt yil oldingi YeChL g‘olibligi evaziga ishtirok etayotgani, shuningdek, pley-off setkasida nisbatan osonroq raqiblarga duch kelgani go‘yoki finalning tasodifiy ishtirokchisi deb baholanishga ham asoslar yaratishi mumkin, ammo londonliklar aynan mana shunday pozitsiyada natija ko‘rsata olishini ham yaxshi bilamiz. So‘nggi 10-12 yilda «Chelsi» ancha beqaror natijalarni qayd etib, juda ko‘p murabbiylar almashgan bo‘lsa-da, ayniqsa xalqaro maydonda jamoa Angliyaning eng muvaffaqiyatli klubi hisoblanadi. «Chelsi» mana shu davr mobaynida ikki marta Chempionlar Ligasini, ikki marta Yevropa Ligasini yutdi, hatto yaqinda tashkil etilgan Konferensiyalar Ligasini ham yutishga ulgurdi.









