KJCh. Yarimfinal
8 iyul. Ist-Ruterford. «Metlayf Stedium»
​​​​​​«Fluminense» — «Chelsi» 0:2
Gollar: Joao Pedro (18, 56).
«Fluminense» — Fabio, Ignasio, Silva, Santos (Keno, 54), Guga, Bernal (Lima, 70), Herkules (Kanobbio, 70), Rene, Nonato (Soteldo, 66), Arias, Kano (Everaldo, 54).
«Chelsi» — Sanches, Gyusto (Jyeyms, 68), Adarabioyo, Chaloba, Kukurelya, Kaysedo, Fernandes (Santos, 86), Palmer, Nkunku (Dyuzberi-Holl, 86), Netu (Madueke, 68), Pedro (Jyekson, 60).
Ogohlantirishlar: Nonato (59), Soteldo (72), Sanches (73).

Ikki qariya va muammolar

«Chelsi» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida xuddi Braziliya bo‘ylab turne uyushtirayotgandek bo‘lmoqda. Ko‘klar guruh bosqichida dominant futbol namoyish eta oladigan «Flamengo»ga yutqazib qo‘ygandi (1:3), chorakfinalda xuddi shu kabi kuchli «Palmeyras» to‘sig‘idan o‘tdi (2:1). To‘liq komplekt uchun faqat «Botafogo»ga qarshi o‘yin yetishmadi, turnirda maksimal darajada yopiq futbol namoyish etgan jamoa nimchorakfinalda «Palmeyras»ga yutqazib (0:1), turnirni tark etgandi. «Fluminense» esa Braziliyaning eng uzoqqa yetib borgan jamoasi bo‘ldi. Bu ko‘p jihatdan jamoa bosh murabbiyi Renatu Gaushning xizmatidir.

Braziliya chempionatida oltinchi o‘rinda borayotgan ushbu jamoa tarkibi mamlakatning klublar o‘rtasidagi mundialga kelgan boshqa vakillariga qaraganda kamtarroq. 44 yoshli darvozabon Fabio va 40 yoshli Tiagu Silva kabi tajribali yulduzlar bor. Kolumbiyalik Arias va 37 yoshli argentinalik hujumchi Kano qiyofasidagi qit’a darajasidagi yulduzlar ham. Shu bilan birga, «Flu» diskvalifikatsiya tufayli ikki muhim futbolchisining o‘rnini bosa oladigan futbolchi topolmadi. Albatta, Erkules turnir davomida ikkita muhim gol urdi, ammo uning darajasi Martinelliniki bilan tenglasholmaydi, AQShda faqat 18 daqiqa o‘ynagan faxriy futbolchi Tiagu esa Freytes kabi harakatlanolmasdi. Bundan tashqari, Samuel Shaver jarohat olgani tufayli markaziy himoyachi Gugani o‘ng qanotda o‘ynatishga to‘g‘ri keldi.

O‘zingdan chiqqan balo

Enso Mareska bunday fonda o‘z jamoasining qiyinchiliklaridan nolishi adolatdan bo‘lmasdi. Chorakfinalda tayanch zonasini qaytadan tashkil etishiga to‘g‘ri kelgan «Chelsi»da bu o‘yin arafasida muammolar yo‘q edi ham. Endi tarkibga Kaysedo qaytgan, Koluill va Delapning yo‘qligini bilintirmaslik keng tarkibga ega londonliklar uchun qiyin emasdi. Jamoa hujum chizig‘i uchun bir hafta oldin Joau Pedruni xarid qilgan va uni pley-off o‘yinlari uchun zayavka qilgandi.