Jahon | 08:43 / 06.09.2023
7866
5 daqiqa o‘qiladi

Belarus fuqarolari endi chet elda pasportini almashtira olmaydigan bo‘ldi. Tafsilotlar

Shuningdek, Lukashenkoning yangi farmoniga binoan, belarusliklar mamlakatiga qaytmaguncha u yerdagi o‘z mulkiga egalik qila olmaydi.

Foto: Anton Spiridonov / Kommersant’

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 278-sonli «Hujjatlarni berish va harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi farmoni kuchga kirgach, Belarus fuqarolari elchixonalar va konsulliklarda o‘z pasportini almashtira yoki yangilay olmaydi, buning uchun ular Belarusga shaxsan kelishi kerak. 

Nima o‘zgaradi? 

Yangi farmon rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi va u allaqachon davlat reyestriga kiritilganligidan kelib chiqilsa, bu yaqin vaqt ichida sodir bo‘ladi. Birinchidan, Belarus elchixonasi yoki chet eldagi konsulligida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ma’muriy protseduralar ro‘yxati qisqartiriladi. Ikkinchidan, hokimiyat Belarusda chet elda berilgan ishonchnoma bo‘yicha hujjatlarni olish va bitimlarni rasmiylashtirish imkoniyatini cheklaydi - bu faqat Belarusga kelish yoki Belarus hududida ishonchnoma berish orqali amalga oshirilishi mumkin. 

«Chet elda bo‘lgan belarusliklar fuqarolik pasportlarini konsullik idoralarida ololmaydi yoki muddatini uzaytira olmaydi, deydi huquqshunos va «Belarus huquqshunoslari: Mustaqillik va hamkorlik» tashabbusi asoschisi Anton Gashinskiy. - Shuningdek, ko‘chmas mulk, avtomobillarni sotish yoki sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq bitimlar uchun ishonchnomalar berish imkoni yo‘qoladi».

Bundan tashqari, chet elda berilgan ishonchnoma orqali boshqa davlatda ishga yoki universitetga kirishda talab qilinishi mumkin bo‘lgan apostil qo‘yilgan diplomni olib bo‘lmaydi. 

Farmon barchaga ta’sir qiladi

Belarus elchixonasida berilgan ishonchnomalar haqiqiy bo‘ladimi? «Hamma narsa murojaat qilish amaliyotiga bog‘liq bo‘ladi, lekin qonuniy ravishda elchixona - Belarus hududi emas», - deya ogohlantirdi Anton Gashinskiy. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu farmon Belarusdan tashqarida bo‘lgan barcha belaruslarga ta’sir qiladi - ular hozir qaysi davlatda yashashidan qat’i nazar. 

«Bola tug‘ilgan taqdirda, belaruslik elchixonada tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma ololmaydi. Belarusga borib, bu hujjatni u yerda olish kerak bo‘ladi, - deb tushuntirdi advokat. - Pasport bilan ham xuddi shunday. Belaruslarda pasport muddati ertami-kechmi tugaydi va uni uzaytirish yoki yangisini olish ehtiyoji yuzaga keladi».

Elchixonada navbat kutib, farmon kuchga kirgunga qadar ro‘yxatdan o‘tganlar pasport olishi mumkinmi? «Munozarali masala, hamma narsa qo‘llash amaliyotiga bog‘liq bo‘ladi, – dedi Anton Gashinskiy. - Farmonda aytilishicha, u kuchga kirgunga qadar boshlangan ma’muriy tartib-taomillar e’lon qilingunga qadar amalda bo‘lgan qoidalarga bo‘ysunadi. Lekin mening fikrimcha, bunda ro‘yxatda borlarga rad javobi beriladi».

Demokratik kuchlar yordam beradimi? 

«Lukashenko rejimi belaruslarga konsullik yordamini rad etdi, - dedi demokratik kuchlar rahbari Svetlana Tixanovskaya. - Shu tariqa, davlat fuqarolariga g‘amxo‘rlik qilishi kerak bo‘lgan muhim sohadan uzoqlashdi. Ko‘plab muhim xizmatlardan foydalanish imkoni yo‘qoldi».

Tixanovskaya chet eldagi belaruslarni vahima qo‘zg‘amaslikka va shoshilinch harakatlar qilmaslikka chaqirdi. «Pasport muddati tugagan bo‘lsa ham, agar siz ta’qibga uchragan bo‘lsangiz, vatanga qaytmasligingiz kerak, axir, dunyoda birorta hujjat inson erkinligiga arzimaydi, asosiysi o‘zingiz va xavfsizligingiz haqida qayg‘uring», — dedi u. 

Tixanovskaya idorasining yuridik maslahatchisi Kristina Rixter DW nashriga tushuntirishicha, Litva va Polshada bunday muammolarni hal qilish mexanizmlari allaqachon mavjud: bu mamlakatlarda Belarusda berilgan pasportning amal qilish muddati tugashi bilan «chet ellik pasporti»ni olish mumkin.

Kristina Rixter, shuningdek, demokratik kuchlar «Yangi Belarus» pasportlarini tan olish ustida ish olib borayotganini eslatib o‘tdi: «Bu jarayon vaqt talab etadi. Chet elda pasport olishning iloji yo‘qligi bilan bog‘liq vaziyat bu jarayonni tezlashtirishi mumkin, chunki xalqaro hamkorlarimiz vaziyat murakkabligini tushunadi».

Rixterning so‘zlariga ko‘ra, idora 2020 yilgi voqealardan keyin belaruslarni qabul qilgan mamlakatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, barcha darajadagi qonuniylashtirish masalalarini ko‘taryapti.

Mavzuga oid