Agar AQShning qurollanish tarixiga qaralsa, Vetnam urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng amerikaliklar harbiy xarajatlarni keskin oshirib, yangi harbiy texnikalar yaratish uchun jiddiy harakatlar boshlaganini ko‘rish mumkin.

Keyinchalik, eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri deb topilgan F-16 samolyotlari ham aynan o‘sha davrda, 1970-yillar ikkinchi yarmida tayyorlangan edi.

Xo‘sh, shu paytgacha turli shov-shuvlarga sabab bo‘lgan F-16 samolyotlari qanday texnika? Uning qanday imkoniyatlari bor? Quyida shu haqda va samolyotning ishlab chiqarilishi tarixi tafsilotlarini eslab o‘tamiz.

F-16 ilk bor 1974 yilda AQShning General Dynamics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Biroq ko‘p o‘tmay kompaniya o‘zining aviasanoat biznesini Lockheed Corporation kompaniyasiga sotib yuboradi.

Bu kompaniyaning nomi keyinchalik Lockheed Martin deb o‘zgartirilgan va F-16 samolyotlari va ularning keyingi avlodlarini shu kompaniya ishlab chiqarib kelmoqda.

www.alamy.com

F-16 tarixi

1972 yil 6 yanvar kuni AQSh harbiy havo kuchlari uchun F-16 yengil qiruvchi (Light Weight Fighter) samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.

Tez orada tanlovga beshta – Northrop (ikkita loyiha), Boeing, General Dynamics, Lockheed va LTV aviasanoat korxonalari o‘z loyihalarini taqdim etadi.

Saralash bosqichida General Dynamics kompaniyasining YF-16 va Northrop kompaniyasining YF-17 loyihalari g‘olib deb topiladi. Ular bilan 39,1 va 38 mln dollarlik shartnoma imzolanadi.

1972 yil 2 dekabr kuni AQSh HHK qo‘mondonligi palubadan uchirilib qo‘ndiriladigan qiruvchi-tutuvchi samolyot (Naval Fighter Attack Experimental) ishlab chiqarish uchun konkurs hay’atiga shartli YF-16 va YF-17 deb nomlangan samolyotlar loyihalarini taqdim etadi.

1974 yil 2 oktyabr kuni General Dynamics va McDonnell Douglas/Northrop  konstruktorlar jamoasi hamkorlik haqida kelishuv imzolaydi.

1975 yil 13 yanvar kuni AQSh HHK qo‘mondonligi g‘olib loyihani e’lon qiladi. Bu General Dynamics kompaniyasining YF-16 modeli edi.