Jahon | 09:12 / 28.08.2023
5504
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina 2024 yilning bahorida F-16’dan foydalanishni boshlashi mumkin

Uchuvchilarni tayyorlash va infratuzilmani qurish uchun zarur bo‘lgan vaqt hisobga olinsa, Ukraina 2024 yilning bahorida F-16’dan foydalanishni boshlashi mumkin. 

Foto: Duncan C. Bevan/ZUMA Wire/picture alliance

G‘arbning F-16 qiruvchi samolyotlari Ukrainada 2024 yil bahorida paydo bo‘lishi mumkin, deya ma’lum qildi Ukraina mudofaa vaziri Aleksiy Reznikov 27 avgust, yakshanba kuni Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida.

«Bu (F-16’ning frontda paydo bo‘lishi) kelasi yilning bahorida sodir bo‘lishi mumkin, chunki biz uchuvchilar, muhandis va texniklarimiz uchun o‘quv kurslarini boshladik», — dedi Reznikov. Uning ta’kidlashicha, Ukrainada samolyotlardan foydalanish uchun infratuzilmani tayyorlash kerak. «Buning uchun kamida olti oy kerak, balki biroz ko‘proq vaqt ketadi», - deya xulosa qildi Reznikov. 

Qiruvchi samolyotlarning kelajakda frontda paydo bo‘lishi urushda «o‘yin qoidalarini o‘zgartirishi» mumkin, dedi vazir. «Biz Rossiyaning osmonda, jang maydonidan tashqaridagi hukmronligiga barham berishimiz kerak. F-16 samolyotlari havo mudofaasining bir qismiga aylanadi. Biz havo hududini, ya’ni shaharlarimizni himoya qilish uchun osmonda imkoniyatlarimizni kuchaytira olamiz. Biz uchun bu katta yutuq bo‘ladi», - deb tushuntirdi u. 

Ignat: F-16 UQKda mavjud bo‘lgan samolyotlardan uch baravar samaraliroq 

Ukrainaga samolyotlar yetkazib berish majburiyatini Daniya, Niderlandiya va Norvegiya oldi, bir qator boshqa davlatlar uchuvchilar va texniklarni zaruriy tayyorlashga hissa qo‘shish niyatida, deya eslatadi dpa agentligi. Ukraina qabul qiladigan qiruvchilarning aniq soni hozircha noma’lum. 

UQK Havo kuchlari vakili Yuriy Ignat DW nashriga bergan intervyusida F-16’ni olgandan keyin jang maydonida vaziyat o‘zgarishini taxmin qildi. «Agar bizda yetarli miqdorda F-16 bo‘lsa, u holda biz havo ustunligiga erisha olamiz va quruqlikdagi nishonlarga zarba berish orqali quruqlikdagi qo‘shinlarni olg‘a siljitishimiz mumkin. F-16 hozirda mavjud bo‘lgan samolyotlarga qaraganda uch barobar samaraliroq, aniqroq va uchuvchilar uchun xavfsizroq bo‘ladi», - dedi DW’ga Ignat. 

Mavzuga oid