Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha uzoq vaqtga cho‘zilib ketgan jarayon nihoyat yakuniga yetishi bo‘yicha yangi umidlar paydo bo‘ldi. 22 sentabr kuni alifbo islohoti bo‘yicha ishchi guruh konferensiya o‘tkazib, alifboning yangi loyihasi bo‘yicha kelishib oldi. Taklif etilayotgan o‘zgarishlar eng muammoli to‘rtta harfga taalluqli. o‘, g‘ va sh harflarini 1993 yilgi shakllariga (õ, ğ, ş) qaytarish, ch undoshini esa lotincha c harfining aynan o‘zi, ya’ni dumsiz shakli bilan ifodalash ko‘zda tutilgan.

Doimgidek, ilgari surilgan taklif yana keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bizningcha, bu galgi bahslarning avvalgilaridan muhim farqi bor. Hozir uzoq yillik qo‘shalifbo tizimi va savodsizlikdan charchagan faollar orasida hammaga ma’qul keladigan ideal alifboni yaratish imkonsiz ekanini tan olib, murosaga kelishga chaqirayotganlar soni ko‘paygandek. Chunki bir narsa aniq: lotin alifbomizdagi qusurlarni tuzatmay turib, qo‘shalifbo tizimidan qutulib bo‘lmaydi; tomonlar kompromissga bormas ekan, hozirgidek muammoli holat davom etaveradi.

Yozuvni to‘g‘rilashga qarshi bo‘lgan ko‘pchilik masalaning moliyaviy tomoniga murojaat qilyapti. Lekin bu ikki omilga ko‘ra asossiz. Birinchidan, to‘rtta harf o‘zgarishi faqat yangi hujjatlar, darsliklar, peshlavhalar va boshqalarga taalluqli bo‘ladi, amaldagilari esa qachonki yangilanadigan payti kelganida o‘zgaradi xolos. Almashtirilmaydigan hujjatlar esa shunchaki o‘z holicha qolaveradi. Bu o‘rinda millionlab aholimiz SSSR paytida berilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalardan foydalanayotgani, 1000 so‘mlik kupyura hozir ham kirill alifbosida ekani hech qanaqa muammo tug‘dirmayotganini eslatish o‘rinli. Ikkinchidan esa, to‘rtta muammoli harfning o‘zgarishi yozuvga ketadigan vaqt va tipografiya xarajatlarini kamaytiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, amaldagi lotincha alifboda yozilgan 100 betlik roman yangi alifboda nashr etilsa, 95 betga tushadi.