21:27 / 21.09.2023
24772

Qorabog‘ armanlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Ular nimadan xavotirda?

Payshanba kuni Qorabog‘ning Yevlax shahrida Ozarboyjon hukumati va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi ma’muriyati vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xalqaro vositachilar Bokudan Qorabog‘ armanlari uchun xavfsizlik kafolatlari va teng huquqlar berishini kutmoqda, biroq uchrashuv natijalari hozircha noma’lum.

Foto: ANADOLU AGENCY

Muzokaralarda Ozarboyjon delegatsiyasiga parlament deputati Ramin Mamedov boshchilik qildi, joriy yil martida u Qorabog‘dagi arman aholi bilan aloqalar uchun mas’ul etib tayinlangandi.

Arman tomonidan muzokaralarda tan olinmagan respublika parlamenti deputatlari David Melkumyan va Areg Avagyan qatnashdi.

Chorshanba kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken vaziyatni barqarorlashtirishda ishtirok etish niyatida ekani xabar qilingandi, ammo Yevlaxdagi bu uchrashuvda AQSh vakillari yo‘q edi.

Muzokaralarning asosiy maqsadi — Qorabog‘ armanlarining yangi reallikka moslashishi uchun shart-sharoitlarni ishlab chiqishdan iborat. Ular hudud Ozarboyjon nazoratiga o‘tganidan keyin mintaqada etnik tozalash boshlanishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Ozarboyjon prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Elchin Amirbekov uchrashuvda arman tomoniga tinchlik shartnomasi loyihasi topshirilganini aytdi. UQorabog‘ning arman aholisini ijtimoiy-iqtisodiy integratsiya qilish rejasi allaqachon tayyor ekanini ma’lum qilib, bu integratsiya — Ozarboyjonning ichki ishi ekanini qayd etgan.

«Armaniston bilan kelishuv xalqaro huquqqa asoslangan beshta banddan iborat. Xususan, har ikki davlat bir-birining ishiga aralashmaslik majburiyatini oladi. Qorabog‘ armanlari bilan alohida kelishuv shart emas. Endi bu Ozarboyjonning ichki ishi», dedi u.

Ma’muriyat Qorabog‘ armanlari delegatsiyasi birinchi navbatda yonilg‘i va oziq-ovqat bilan yordam qilishni so‘rashganini ma’lum qilgan.

Bu vaqtda Yerevanda Qorabog‘da yashovchi armanlarni Armanistonga ko‘chirishni tashkil qilish uchun tayyorgarlik boshlangan.

Yevroittifoqdagilar ham mazkur hududdagi armanlarning taqdiridan xavotir bildirgan. Ayrim siyosatshunoslar taxmin qilishicha, Qorabog‘da faqat o‘zi tug‘ilgan uylarni tashlab ketishni istamaydigan keksa yoshli armanlar qolishi mumkin.

«Poytaxt rasmiylari ohangi»

Olga Prosvirova, BBC rus xizmati korrespondenti

Muzokaralar ko‘p davom etmadi va Qorabog‘ armanlari delegatsiyasi Stepanakertga (Xonkandi) qaytib ketdi. Ular aynan nima bilan ortga qaytgani — hozircha hech kimga ayon emas. Tomonlarning hech biri jurnalistlar bilan gaplashmadi, faqat tan olinmagan respublika vakillari ayni vaqtda Boku bilan yakuniy kelishuv yo‘qligi va «detallarni kelishish» zarurligini aytishgan.

Bu formulirovkaga ko‘ra bugungi uchrashuvni to‘laqonli muzokaralar deb atash mumkinligiga ishonish qiyin — ayniqsa, Ozarboyjon armiyasi Stepanakert ostonasida turgan va unga shaharga kirishga hech kim to‘sqinlik qilmayotgan sharoitda.

Manbalarimiz aytishicha, Ozarboyjon Qorabog‘ bilan muloqotni markaz chekka hududga shart qo‘ygan ohangda olib borgan. Va prezident Ilhom Aliyevning vakili ham qo‘shimcha muzokaralarga hojat yo‘qligi, Qorabog‘ armanlarining kelgusi taqdiri esa — «Ozarboyjonning ichki ishi» ekanini aytdi.

Boku hozirda Qorabog‘ bilan muzokaralarda hech qanday vositachilarga hojat yo‘q, degan pozitsiyada. Muzokaralarni yoritish uchun borgan jurnalistlar rossiyaliklar faqat Qorabog‘ armanlari delegatsiyasini kuzatib kelish bilan shug‘ullanganiga, muzokaralarning o‘zida qatnashmagani va eshiklar ortida qolganiga e’tibor qaratgan — ular muzokaralar stoliga qo‘yilmagan.

Ekspertlar fikricha, tomonlar o‘rtasidagi muloqot taxminan shunday kechgan: Ozarboyjon o‘z shartlarini qo‘ygan va ularni bajarish uchun muhlat bergan.

Qorabog‘ allaqachon qurollarni tashlab, armiyani tarqatishga rozilik bildirgani hisobga olinsa, bu qanday shartlar bo‘lishi mumkin? Katta ehtimol bilan asosiy talablardan biri — Qorabog‘ni Aliyevning odami boshqarishi uchun o‘zini o‘zi e’lon qilgan respublikaning barcha institutlarini tarqatib yuborish hisoblanadi.

«Ko‘p uchrashuvlarning dastlabkisi»

«Menimcha, Yevlaxdagi bugungi muzokaralar - keyingi ko‘plab uchrashuvlarning birinchisi. Qorabog‘ armanlari va Ozarboyjon o‘rtasidagi barcha muammolar birgina uchrashuvda hal bo‘lishini kutish o‘rinsiz», — degan Ozarboyjon prezidentining alohida topshiriqlar bo‘yicha vakili Elchin Amirbekov Sky News Arabia telekanali efirida.

Politolog Vladimir Pastuxovning hisoblashicha, natijalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, kelgusida Qorabog‘da arman-ozarboyjon ziddiyati yana keskinlashishi istisno etilmaydi.

«Yanglishmaslik kerak – bu so‘nggi sikl emas. Va agar hammasi avvalgidek qolsa, agar Ozarboyjon tarkibiga qo‘shilgan armanlar hamon qonundan tashqaridagi odamlar bo‘lib qolaversa, agar Qorabog‘ etnik yot unsurlardan tozalash zonasiga aylansa, ya’ni bu zamin adovat olmasi bo‘lib qolaversa, bu sikl Armaniston uchun qanchalik sharmandalik bilan yakunlangan bo‘lsa, keyingi sikl Ozarboyjon uchun ham shunday yakunlanadi», — deb hisoblaydi Pastuxov.

Payshanba tongida ayrim armanparast telegram-kanallar o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga qaramay, Xonkandida (Stepanakart) otishma ovozlari eshitilgani haqida xabar tarqatdi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi esa payshanba kuni Xonkandiga hujum qilingani haqidagi xabarlarni inkor etdi.

Muzokaralar bo‘lib o‘tgan Yevlax Xonkandidan 100 km masofada joylashgan. Uchrashuv aynan shu shaharda o‘tkazilish Bokuning talabi bo‘lgan.

So‘nggi ikki kunda nimalar ro‘y berdi?

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi harbiy amaliyoti yoppasiga artilleriya zarbalari berish bilan boshlandi

19 sentabr kuni Ozarboyjon armiyasi Qorabog‘da harbiy amaliyot boshlagandi.

Boku uni aksilterrorchilik amaliyoti deb atadi, Yerevan - Qorabog‘ armanlari genotsidi.

Ozarboyjon TIV bayonotida aytilishicha, amaliyotdan maqsad - ozarboyjonlik harbiy xizmatchilar xavfsizligini ta’minlash va Ozarboyjon Respublikasining regiondagi konstitutsion tartibini tiklash bo‘lgan.

Qorabog‘ hukumatiga to‘liq qurolsizlanish va arman harbiy texnikalarini regiondan olib ketish shartlari qo‘yildi.

Ozarboyjon barcha shartlarni bajarish uchun harbiy harakatlarni oxirigacha davom ettirishga tayyor edi, ammo 20 sentabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining arman ma’muriyati o‘t ochishni to‘xtatish va to‘liq qurolsizlanishga qaror qilganini e’lon qildi.

Shu kuni xalqaro hamkorlar talabi bilan tomonlar o‘rtasida muzokaralarning birinchi raundi payshanba kuniga belgilangani ma’lum bo‘ldi.

Mavzu
Armanlarning Qorabog‘dan ko‘chishi
Xonkandi Ozarboyjon nazoratiga o‘tgach, Qorabog‘ni 100 mingdan oshiq etnik armanlar tark etdi.
Barchasi
Top