7 oy muqaddam poraxo‘rligi aytilgan davlat mulozimi shu davlat muassasasiga direktor etib tayinlandi
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov shu yil fevral oyi boshida o‘tkazgan tanqidiy yig‘ilishda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining maxsus raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘limi boshlig‘i Agzam Nortoyevni “firmalardan bir dori uchun 1000 dollargacha pul undirib keladi” degan edi. Oradan 7 oy o‘tib, shu shaxs ushbu tashkilotga aynan Inoyatovning buyrug‘i bilan direktor etib tayinlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Agzam Nortoyev “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga direktor etib tayinlandi.
U tayinlovga qadar ayni shu muassasaning maxsus raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
E’tiborlisi, aynan vazirning o‘zi fevral oyi boshida “Dok-1 Maks” voqeasi ortidan mazkur muassasada o‘tkazgan tanqidiy yig‘ilishida Nortoyevni poraxo‘rlikda ayblagandi.
Tanqidiy yig‘ilishda Amrillo Inoyatov markaz xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yib kelingan xato va kamchiliklarga birma-bir to‘xtalib o‘tgan. Jumladan, Agzam Nortoyev haqida gapira turib, shunday degan:
“Referent narxlarni shakllantirishda sun’iy ravishda elektron tizim ishini murakkablashtirib, tadbirkorlar uchun tushunarsiz qilib olgan. O‘zining retseptini qilib olgan bu noinsof. Farmkompaniyalar referent narxlarini elektron bazaga kiritishda unga yordam uchun murojaat qilganda, firmalardan bir dori uchun 100 dollardan 1000 dollargacha pul undirib keladi”.
Agzam Nortoyev bo‘lim boshlig‘i sifatida bir nechta vazifalarga, jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarga majburiy raqamli markirovkalash masalalari yuzasidan tushuntirish va maslahat ishlarini olib borish hamda raqamli markirovkalash tartib-qoidalari haqida xabardor qilishga mas’ul bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan mas’ul xodimi har ikkala holatni ham tasdiqlab, vazirning 2023 yil fevral oyidagi ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan axboroti huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilmay qolib ketganini, shu sababdan ham Nortoyev va boshqalarning harakatlariga huquqiy baho berilmay qolgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Agzam Nortoyev 1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini hamda Moskva davlat universitetini (magistr) tamomlagan. Mutaxassisligi – siyosatshunos.
Nortoyev markazda ish boshlaganidan buyon “Allseeds Trade”, “Masʼuliyati cheklangan jamiyat Qaz Global Trade” hamda “All Seeds” kabi MChJlarni tashkil etgan. Hozirda ularning barchasi tugatilgan.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024