Jahon | 11:12 / 28.09.2023
5320
4 daqiqa o‘qiladi

Peskov: «Shimoliy oqim»dagi teraktga AQSh va Britaniya aloqador bo‘lishi mumkin

Kreml matbuot kotibiga ko‘ra, jurnalist Seymur Xersh tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar, shubhasiz, Rossiya razvedka xizmatlariga tegishli axborotga to‘g‘ri keladi.

Foto: AFP 2023 / JOHN MACDOUGALL

«Shimoliy oqimlar»dagi terakt u yoki bu tarzda AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan uyushtirilgan. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga amerikalik jurnalist Seymur Xersh yangi ma’lumotlarini izohlar ekan, ma’lum qildi.

«Biz janob Xershning manbalari nima ekanligini bilmaymiz, lekin har holda, u e’lon qilgan ma’lumotlar, albatta, bizning maxsus xizmatlardagi ma’lumotlarga to‘g‘ri keladi», dedi Kreml vakili.

«Bu yerda kimning qaysi mexanik yozuv mashinkalarida yozgani unchalik muhim emas, muhimi, de-fakto xalqaro qo‘shma korxonaga tegishli energetika infratuzilmasiga terrorchilik harakati Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya tomonidan u yoki bu tarzda uyushtirilganidir. Ular qandaydir tarzda ushbu terrorchilik aktiga aloqador», - dedi Peskov. 

AQSh sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning NATO kengayishida Putin «aybdor» ekani haqidagi bayonoti 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi AQSh sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin NATOning kengayishida «aybdor» ekani haqidagi bayonotiga ham izoh berdi. 

«Klinton xonim hamma narsani o‘z tomoniga og‘dirib, tushunchalarni o‘zgartirishga urinishlari bilan tanilgan», - dedi Kreml matbuot kotibi. 

Shu bilan birga, u Klinton va uning fikriga qo‘shilganlarga amerikalik siyosatchi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga «qayta yuklash» so‘zi o‘rniga «ortiqcha yuk» yozuvi bo‘lgan tugmachani sovg‘a qilgan vaziyatni eslatishni taklif qildi. 

«Bu, ehtimol, ataylab qilingan xato emasdir. Prezident Putinning harakatlari ketma-ketligiga kelsak, ehtimol Klinton xonimga NATO kengayishining ko‘p to‘lqinlari va alyans harbiy infratuzilmasining chegaramizga yaqinlashayotganini, so‘ngra prezident Putinning g‘arb davlatlariga ushbu vaziyatni muhokama qilish bo‘yicha qat’iy takliflarini eslatish kerakdir. Aytgancha, tegishli hujjat Rossiya tomonidan tayyorlandi, g‘arb davlatlari uni muhokama qilishdan qat’iyan bosh tortdi. Shundan so‘ng, amalga oshirilayotgan va davom etayotgan maxsus harbiy operatsiyaga nima sabab bo‘lgani oydinlashadi», — deya qo‘shimcha qildi Peskov. 

Avvalroq Amerika OAV AQSh Davlat departamentida nutq so‘zlagan Klinton Putinga ismini aytib murojaat qilgani va NATOning kengayishini «o‘zi so‘rab olganini» aytgani haqida xabar bergan edi. 

Bundan tashqari, Peskov Sevastopoldagi (anneksiya qilingan Qrim) Qora dengiz floti shtabiga hujum paytida halok bo‘lganlar haqidagi savolni Rossiya Mudofaa vazirligiga yuborishni tavsiya qildi. 

«Kecha flot qo‘mondoni [Viktor Sokolov] bilan bog‘liq holat [o‘limi] haqida gap bordi, u yig‘ilishda qatnashdi, shuning uchun Mudofaa vazirligidan aniqlashtiring», dedi Peskov. 

26-sentabr kuni Sokolov video-konferens-aloqa orqali Rossiya Mudofaa vazirligi hay’ati yig‘ilishida ishtirok etdi. Avvalroq Ukrainaning bir qator ommaviy axborot vositalari va Telegram-kanallari Sokolov hamda qator yuqori martabali zobitlar 22 sentabr kuni Kiyev tomonidan Qora dengiz floti shtabiga raketa hujumi natijasida halok bo‘lgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

Mavzuga oid