O‘zbekiston | 09:15 / 11.10.2023
9051
9 daqiqa o‘qiladi

“Haqorat qilish va o‘lim bilan qo‘rqitish javobgarlikka sabab bo‘ladi” – huquqshunos

Suv ta’minoti korxonasi xodimlari qarzdor iste’molchilardan undiruvni ta’minlash maqsadida o‘tkazgan reydlarida faol qarshilikka uchradi. Haqorat va o‘ldirish bilan tahdid qilindi. Korxona va iste’molchining o‘zaro majburiyatlari, bu kabi holatlarning huquqiy oqibatlari haqida huquqshunos fikr bildirdi.

Iste’molchilar tomonidan suv ta’minoti korxonasi xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani holati aks etgan videolavha muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Iste’molchilarning bunday xatti-harakati uchun qonunchilik hujjatlarida javobgarlik masalasi bor. 

Suv tekin emas...

Suvning maqsadsiz iste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni tejab sarflashda davlat va fuqarolar birdek mas’ul hisoblanadi.

“Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga binoan suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki — umummilliy boylik hisoblanadi. Undan oqilona foydalanish lozim bo‘lib, suv davlat tomonidan qo‘riqlanadi.

Mazkur qonunning 351-moddasida suv iste’molchilari majburiyatlari belgilangan bo‘lib, unga muvofiq suv iste’molchilari quyidagi majburiyatlarga ega:

suv iste’molchilari suv resurslaridan oqilona foydalanishi, suvning maqsadsiz iste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi, suvni tejab sarflash, suvlar sifatini tiklash va yaxshilash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi;

belgilangan suv olish limitlari va suv iste’moli qoidalariga rioya etishi;

boshqa suv iste’molchilari va suvdan foydalanuvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv obektlariga, xo‘jalik obektlari va tabiiy resurslarga (yerlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, foydali qazilmalar va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymasligi;

suv resurslaridan foydalanganlik, shuningdek suvni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar va ko‘rsatilgan boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida shartnomaviy asosda to‘lashi.

Demak, qonunchilikka muvofiq barcha iste’molchilar suv resurslaridan foydalanganlik, shuningdek suvni yetkazib berish va ko‘rsatilgan boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashi shart.  

Prezidentning 2019 yil 26 noyabrdagi “Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. 2020 yil 1 yanvardan MIBning ko‘rsatilayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilar qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalari “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkazildi.  

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga asosan iste’molchilarga (subiste’molchilarga) suv berish va ulardan oqova suvlarni qabul qilish faqat suv quvurlari — kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari (ISXK) bilan iste’molchi (subiste’molchi) o‘rtasida tuzilgan shartnoma mavjud bo‘lgandagina amalga oshiriladi.

Iste’molchilari ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati uchun hisobga olish priborlari mavjud bo‘lganda oxirgi uch oyning o‘rtacha sarfi bo‘yicha hamda hisobga olish priborlari mavjud bo‘lmaganda oylik iste’mol normasi bo‘yicha keyingi oy uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq to‘lashni amalga oshirishlari lozim.

To‘lovning shartnomada belgilangandan kechiktirilgan har bir kuni uchun — yuridik shaxslar 0,4 foiz, jismoniy shaxslar esa 0,1 foiz penya to‘laydilar. Ammo bu ko‘rsatkich jami kechiktirilgan summaning 50 foizidan oshmasligi kerak. 

Iste’molchilari keyingi oy uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq to‘lovlarini amalga oshirmasalar, ISKX tashkiloti iste’molchilarni yozma ravishda xabardor qilgan paytdan boshlab besh ish kuni o‘tgandan keyin qarzlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda iste’molchilarni ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati tarmoqlaridan uzib qo‘yish yo‘li bilan undirish choralarini ko‘radi.

Agar suv iste’molchisida hisob-kitobning noto‘g‘ri qilingani yuzasidan shubhalari bo‘lsa, to‘lov hujjati olingandan keyin 5 kun muddatda ISXK tashkilotiga Hisob-kitoblarning noto‘g‘ri qilingani (tariflar noto‘g‘ri hisobga olingani va shu kabi holatlar) to‘g‘risida yoziladigan e’tiroznoma taqdim etilishi kerak. E’tiroznoma ISKX tashkiloti tomonidan 10 kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Ular asosli deb topilsa, to‘langan ortiqcha summa keyingi to‘lov hujjati hisobiga o‘tkaziladi. Iste’molchi e’tiroznoma ko‘rib chiqilgani to‘g‘risidagi ma’lumotdan, aloqa vositalari orqali e’tiroz ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan muddat tugagandan keyin 3 kun muddatda xabardor qilinishi lozim. Ko‘rsatilgan muddat ichida iste’molchi xabardor qilinmasa, masala iste’molchi foydasiga hal qilingan hisoblanadi.

Suv ta’minoti xodimlari iste’molchini tarmoqdan uzib qo‘yishga haqli

Suv ta’minoti xodimlari iste’molchilarni ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati tarmoqlaridan uzib qo‘yish yo‘li bilan to‘lovni undirish choralarini ko‘rishga haqli. Agar iste’molchilar tarmoqlardan uzib qo‘yilgandan keyin ham qarzdorlikni to‘lamasa, Fuqarolik-protsessual kodeksi 26- va 171-moddalariga muvofiq fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qiladi. Sud buyrug‘i u berilgandan so‘ng o‘n kunlik muddat o‘tgach qonuniy kuchga kiradi hamda MIB organlarining davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijroga qaratiladi.

Tahdid va haqorat uchun jazo bor

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda iste’molchilar tomonidan suv ta’minoti xodimlariga nisbatan bir qator noqonuniy xatti-harakatlar amalga oshirilganini ko‘rish mumkin. Ushbu holatda bunday xatti-harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi ham mumkin.

Xususan, Jinoyat kodeksining 140-moddasi uchinchi qismiga muvofiq haqorat qilish jabrlanuvchining o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda qilingan bo‘lsa, BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Jabrlanuvchining o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi hamda ushbu holat ma’muriy javobgarlikka emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 112-moddasi uchinchi qismiga muvofiq o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan qasddan badanga shikast yetkazish ham yetkazilgan shikast darajasiga qarab Jinoyat kodeksi 104-105 hamda 109-moddalariga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Agar iste’molchilar suv ta’minoti xodimlari tomonidan hisoblab chiqarilgan to‘lov miqdorini asossiz hamda noto‘g‘ri deb hisoblasa, Fuqarolik-protsessual kodeksi 26-moddasiga muvofiq fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish hamda o‘zlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish huquqiga ega.   

Adxam Ahrorov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi
katta o‘qituvchisi.  

Mavzuga oid