Gurjiston deganda eng avvalo Kavkazdagi tog‘li yurt va u yerda yashaydigan mag‘rur xalq eslanadi. Agar boshqa millatlarga qiyosan olinsa, dunyoda gurjilar uncha ko‘p emas.

Biroq ana shu kam sonli millat o‘zining alifbosini, boshqalarnikiga o‘xshamaydigan ism-sharifini saqlab qolgani tahsinga sazovor.

Yaqinda Kun.uz muxbiri Gurjiston poytaxtida bo‘lib, ushbu shahar hayoti va undagi diqqatga sazovor bo‘lgan tarixiy joylarini kadrga muhrladi.

Gurjiston-Sakartvelo haqida

Kavkazdagi bu mamlakatni yaqin qo‘shnilari Turkiya, Eron, Ozarboyjon va qisman O‘zbekistonda Gurjiston deb atashadi. Bu atama fors tilidagi gurg-bo‘ri so‘zidan olingan.

Gurjistonni sobiq ittifoq respublikalarida yashovchilar Gruziya deydi. Bu atama ilk bor ruslar orqali tarqalgan. Rossiya imperiyasi Gurjistonni bosib olar ekan, ruslar «Gurjiston» atamasini talaffuz qilishda qiynalishadi.

Ular bu davlat nomini Gurdjiya, Gurziya, gurjilarni esa «gurzin» deb atay boshlashadi. Keyinchalik Gurziya atamasi Gruziyaga, gurzin esa «gruzin»ga o‘zgaradi.

G‘arb davlatlarida Gurjistonni «Jorjiya» deyishadi va bu uning qadimda Georgiya deb atalishidan kelib chiqqan.

Gurjilar o‘z yurtlarini Gruziya deyilishini uncha xushlashmaydi va uni Sakartvelo deb atashadi. Bu atama «kartvelilar yurti» degan ma’noni anglatadi.

Gurjilarning Gruziya atamasini yoqtirmasligi Rossiyaning 2008 yil 8 avgust kuni bu mamlakatga bostirib kirib, uning bir qismi bo‘lgan Janubiy Osetiya va Abxaziyaning bosib olinishidan so‘ng kuchaygan. Biroq ungacha ham gurjilar Gruziya atamasini xushlamagan.

Gurjiston hududi 69 789 kilometr kvadrat, aholisi 3,8 million. Mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi 25 milliard dollarni tashkil etadi va aholi jon boshiga hisoblaganda qariyb 7 ming dollardan to‘g‘ri keladi.

Gurjistonning yirik shaharlari Tbilisi, Batumi, Kutaisi, Rustavi, Zugdidi, Gori, Poti, Suxumi va Tsxinvali hisoblanadi (Suxumi va Tsxinvali rasmiy Tbilisi boshqaruvida emas).