Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Yaqin Sharqdagi vaziyat: O‘zbekistonning pozitsiyasi

O‘tgan hafta oxirida qaytadan boshlangan HAMAS–Isroil urushi butun dunyoda, xususan O‘zbekistonda ham muhokamadagi eng dolzarb mavzu bo‘lib turibdi. Mojaroning bu safargi keskinlashuvi harbiy harakatlar va insoniy yo‘qotishlar ko‘lami jihatidan avvalgilaridan keskin farq qilyapti. Urush bir hafta ichida G‘azo bo‘lgasida 2200 dan oshiq, Isroilda esa 1300 dan oshiq qurbonlarga olib keldi. Shunga qaramay, yaqin istiqbolda 75 yillik muammoning yechimi ko‘rinmayapti, chunki eng asosiy xalqaro o‘yinchilar o‘z pozitsiyasida sobit qolmoqda.

Urushning uchinchi kuniga kelib, 9 oktyabrda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqdi. Rasmiy Toshkent kurashayotgan tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatlarda tugatishga, inqirozni siyosiy va diplomatik vositalar orqali hal qilishga chaqirdi. O‘zbekiston tomoni halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Isroil bilan 1992 yilda, Falastin bilan 1994 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan, ularni suveren davlatlar sifatida tan oladi va iliq munosabatlarga ega. Toshkentda Isroil va Falastin elchixonalari faoliyat yuritadi. O‘zbekistonning Tel-Avivda joylashgan Isroildagi elchixonasi bir vaqtning o‘zida Falastin bo‘yicha diplomatik vakolatxona vazifasini ham bajaradi.

Avvalgi yillardagi eskalatsiyalar vaqtida berilgan bayonotlardan kelib chiqilsa, O‘zbekiston “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi va nizoning shu paytgacha qabul qilingan BMT rezolyutsiyalari asosida hal etilishi tarafdori. Bu pozitsiya 1967 yilgi chegaralar doirasida suveren Falastin davlatini tashkil etish bo‘yicha butun musulmon olamida qabul qilingan konsensusga mos keladi. Bu konsensusga ko‘ra, Isroil okkupatsiyani to‘xtatishi, 1967 yilgi chegaralarda suveren Falastin davlati to‘laligicha tashkil topishiga imkon berishi va Sharqiy Quddusni Falastinning poytaxti deb tan olishi kerak. Chunki bundan boshqa variantlar faqat simptomlarni vaqtincha davolashga o‘xshab qoladi, ya’ni uzoq muddatli va barqaror tinchlikni ta’minlay olmaydi.