17:28 / 20.05.2023
15785

Rossiyalik bloger Ilya Varlamov «O‘zbekiston temiryo‘llari»dagi xizmat ko‘rsatish sifatini tanqid qildi

Taniqli bloger Ilya Varlamov “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishidagi poyezdning “lyuks” kupesidagi sharoitlarni tanqid qilib, poyezd egasiga hayfsan berishni so‘radi.

“Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida “lyuks” kupega chipta sotib olgan bloger xizmatlar namunali emasligiga, kupedagi sharoitlar qoniqarsiz ekanligiga e’tibor qaratgan.

Ikki xil turdagi chipta bor: oddiy va “lyuks”. Oddiysi o‘tirib ketadigan vagon, “lyuks”i esa bir yoki ikki kishilik, hojatxona va yuvinish xonasi alohida bo‘lgan kupe. Bu vagon uchun chipta narxi qimmat, 100 dollardan oshiqroq. O‘zbekcha “lyuks” qanday ekanligiga qiziqib, chipta oldim.

Afsuski, kupe oynasiga negadir skotch yopishtirib tashlangan. Juda yoqimsiz holat. Yostiq va o‘rindiq jildlari yuvilgan, biroq oppoq emas. Stol toza emas. Bu yerda deyarli hech narsa yo‘q, hatto ichimlik suvi qo‘yib qo‘yishmagan. Asosiysi, yuvinish xonasi umuman yopib qo‘yilgan, hojatxonasi esa juda iflos.

Bu holatni ko‘rgan sayyohlar o‘zbeklar toza xalq emas ekan, degan fikrga keladi. Ammo o‘zbeklar toza xalq. Shunchaki, ushbu poyezdning egasi yoki ushbu vagon nazoratchisi o‘zbeklarni “podstava” qilyapti”, — deya ta’kidlagan Ilya Varlamov.

Jurnalist Shahnoza Soatova ushbu holatga o‘z munosabatini bildirib, uzoqqa qatnovchi transport yetarli daraja va sifatda bo‘lmasa, hech qanday ichki turizm rivojlanmasligi haqida yozdi.

Temiryo‘llar monopoliyamiz beti boshqa monopoliyamiznikidan battar shekilli. 300 km uchun 100 dollar olib, dushi ishlamaydigan, iflos, unitazlarida peshob qoldiqlari oqib yotgan bir kupeni beryapti ekan. Odamlar indamas ekan deb, indasa ham bizdan boshqa tanlov yo‘q deb, shunchalikka borish mumkinmi?

Men shuncha safarda yurib, biron yerda temiryo‘l uchun chipta yo‘q, bir oy oldin olish kerak degan gapni eshitmadim. Ichki turizmni rivojlantiramiz deb nechta qaror chiqmasin, uzoqqa qatnovchi transport yetarli daraja va sifatda bo‘lmasa, hech qanday ichki turizm rivojlanmaydi”, — degan jurnalist.

Mavzuga oid
Top