O‘zbekiston | 13:29 / 10.10.2023
12292
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Surayyo Rahmonova nomzodini Bolalar ombudsmani lavozimiga tasdiqladi

Deputatlar Surayyo Rahmonova nomzodini Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimiga tasdiqladi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Bugun, 10 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Yig‘ilish davomida kun tartibidagi masalalardan biri sifatida Surayyo Rahmonovani Bola huquqlari bo‘yicha vakillikka tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, nomzod deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan ushbu lavozimga tasdiqlandi. Endilikda Surayyo Rahmonova nomzodi Senatda ham ma’qullanishi kerak.

Ma’lumot uchun, Surayyo Rahmonova 1978 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

U 2000 yilda Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavr, 2002 yilda esa magistr darajasiga ega bo‘lgan. 2015 yilda dotsent ilmiy unvoni, 2018 yilda yuridik fanlar doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.

Surayyo Rahmonova 2018-2019 yillarda Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot xizmatida bo‘lim boshlig‘i va rahbari, 2019 yildan AOKA bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan, 2022 yildan Senatning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limida faoliyat ko‘rsatgan.

  • Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili sifatida ishlab kelgan Aliya Yunusova shu yilning sentabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra iste’fo berdi. “Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimidagi faoliyatimga yakun yasayotganimni ma’lum qilaman”, – deb yozgandi Yunusova Facebook'dagi sahifasida. U “hozirgi vaziyat” deb nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.

Mavzuga oid