O‘zbekiston | 21:07 / 16.10.2023
49606
4 daqiqa o‘qiladi

Baojun 530 yoki Captiva-5. Ular bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

Shu oyning oxiridan boshlab UzAuto Motors Captiva-5 sotuvlarini boshlaydi. Taklif qilinayotgan narx 24 580 dollardan 28 680 dollargacha. Bu model bir necha yil oldin Xitoyda SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tomonidan Baojun 530 nomi ostida ishlab chiqarilgan va 11 400 dollardan 18 800 dollargacha bo‘lgan narxlarda sotilgan.

Chevrolet Captiva / Foto: Kun.uz

Oktyabr oyining oxiridan O‘zbekistonda Captiva-5 sotuvlari boshlanadi. UzAuto Motors rasmiy sahifasida e’lon qilinishicha, yangilangan Captiva LT1 , LT 2, va Premier komplektatsiyalarida sotuvga chiqariladi. Narxlar QQSni ham qo‘shganda quyidagicha bo‘ladi:

  • LT1 (5 o‘rindiqli): 299 900 000 so‘m;
  • LT2 (7 o‘rindiqli): 319 900 000 so‘m;
  • Premier (7 o‘rindiqli): 349 900 000 so‘m.

Baojun 530 va Captiva-5

UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Captiva Xitoydan import qilinishi va ichki bozordagi iste’molchilarga yetkazib berilishini ma’lum qilgandi. Qiziq jihati, bu avtomobil Xitoyda SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tomonidan Baojun 530 nomi ostida ishlab chiqarilgan va sotilgan. Dastlab, mazkur krossover 2017 yilning noyabr oyida Guanchjouda o‘tkazilgan ko‘rgazmada namoyish etilgan va 5 o‘rindiqli ilk komplektatsiyalari 2018 yilning fevral oyidan 85 ming yuandan (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 12 ming dollar) sotuvga chiqarilgan.

Keyinchalik, 2019 yilning yanvar oyidan Baojun 530’ning 7 o‘rindiqli yangi versiyasi 78 800 yuandan 97 800 yuangacha bo‘lgan narxlarda (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 11 400 dollardan 14 190 dollar orasida) sotila boshlanadi. Ushbu model dizayni yil oxiriga borib yana yangilanadi va 2020 yildan boshlab 11 ming dollardan xaridorlarga taklif qilingan.

So‘nggi yillarda Xitoy ichki bozorida raqobat muhitining kuchayganligi Baojun 530 savdosi pasayishiga ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Xususan, 75 800 yuandan (10 400 dollar) 115 800 yuangacha (18 800 dollar) narxlarda taklif qilingan Baojun 530 2018 yilda 116 324 dona sotilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilda 93 432 donani, 2022 yilda esa 37 334 donani tashkil qilgan.

Chevrolet Captiva
Chevrolet Captiva
Baojun 530
Baojun 530

UzAuto Motors tomonidan O‘zbekistonga olib kelinishi rejalashtirilayotgan krossoverning old tomonidagi panjara dizayni Baojun 530'dan biroz o‘zgargan va Chevrolet emblemasi yopishtirilgan. Ammo taklif qilinayotgan narx ancha qimmat – 24 580 dollardan 28 678 dollargacha.

Wuling Almaz va MG Hector

O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan Saptiva-5 turli mamlakatlarda har xil brend ostida sotiladi. Yuqorida ushbu model Xitoyda Baojun 530 nomi ostida sotuvga chiqqani haqida to‘xtalib o‘tdik.

Shuningdek, 2019 yil yanvar oyidan mazkur avtomobil Indoneziyada Wuling Almaz nomi ostida ishlab chiqarila boshlangan.

Wuling Almaz

2019 yil aprel oyidan boshlab esa xuddi O‘zbekistondagidek, Janubiy Amerikaning bir qancha mamlakatlariga Baojun 530 Chevrolet emblemali Captiva sifatida Xitoydan eksport qilina boshlanadi.

Chevrolet Captiva

Bundan tashqari, 2019 yil iyun oyidan MG Motor India tomonidan Hindistonda MG Hector nomi bilan ushbu modeldagi avtomobillar savdosi boshlanadi.

MG Hector

O‘zbekiston va Chevrolet Captiva

Chevrolet Captiva O‘zbekiston bozoriga 2007 yilda, bundan 16 yil oldin kirib kelgan. Ilk bor avtomobilni yirik tarmoqli yig‘ish 2007 yilning oktyabr oyidan boshlangan. 2011 yilning sentabr va 2017 yilning fevral oylarida avtomobilning yangilangan modeli chiqarilgan. 2018 yilning kuzidan boshlab krossover sotuvdan olib tashlangandi.

Keyinchalik, 2021 yilning kuzida UzAuto Motors Chevrolet Captiva sotuvi qayta tiklanganini e’lon qildi va bir qancha iste’molchilar bilan shartnomalar tuzgandi. Lekin ma’lum muddat o‘tganidan keyin bu jarayon to‘xtatildi. Sabab sifatida esa Captiva-5'ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi aytilgandi. O‘sha paytda mazkur avtomobil 221 mln 691 ming so‘mdan 309 mln 900 ming so‘mgacha narxda sotuvga chiqarilishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid