Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolalar ombudsmanining vazifa va vakolatlari belgilanadi
“Bola huquqlari vakili to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Vakil mansabdor shaxslarga ogohlantirish yuborish, taqdimnomalar kiritish, qamoqdagi voyaga yetmaganlarning saqlash sharoitlarini o‘rganish, voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va boshqa vakolatlarga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 24 oktyabr kungi majlisida “Bola huquqlari vakili to‘g‘risida”gi qonunni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, ma’qulladi.
Qonun loyihasi bilan, bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda bola huquqini himoya qilish borasida boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlari ko‘zda tutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Bolalar ombudsmani Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan deputat va senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Nomzodni Oliy Majlis palatalariga prezident kiritadi.
Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- bola huquqlariga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarishda ishtirok etish;
- bola huquqlari buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali bolaning huquqlarini ximoya qilish kafolatlarini ta’minlash;
- bola huquqlariga oid qonunchilik talablari ijrosini o‘rganish, bola huquqlari ta’minlashini monitoring qilish;
- bola huquqlariga rioya qilish hamda ularni himoya qilish holatidan jamoatchilikni xabardor etish va boshqa vazifalar.
Bolalar ombudsmanining ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda.
Bolalar ombudsmani faoliyatining asosiy jihatlari o‘rnatilmoqda:
- mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish yuborish va taqdimnomalar kiritish;
- qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha takliflar kiritish va palatalar majlislarida ishtirok etish;
- bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish;
- qamoqdagi voyaga yetmaganlarning saqlash sharoitlarini o‘rganish, ular va tegishli ma’muriyat xodimlari bilan uchrashish, hujjatlar bilan tanishish va boshqalar;
- surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga yetmaganlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar bo‘yicha qabul qiladigan qarori, hukmi (ajrimi) haqida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi;
- voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko‘chirma nusxalar olish va boshqalar.
Eslatib o‘tamiz, 10 oktyabrda Bolalar ombudsmani lavozimiga Surayyo Rahmonova tasdiqlangan edi.
Mavzuga oid
12:53
Mashinada unutib qoldirilgan bog‘cha bolasi dimiqib vafot etdi. Bu Qashqadaryoda bir yil ichidagi ikkinchi shunday hodisa
22:12 / 06.06.2026
Andijonda voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgan IIB xodimi qamoqqa olindi
13:52 / 26.05.2026
Buvisi muntazam tazyiq o‘tkazib kelgan 3 nafar bola Turkiyadan vatanga qaytarildi
10:24 / 24.05.2026