Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani moliya bo‘limi boshlig‘i va tuman hokimi yordamchisi karta o‘ynayotgani, o‘rtaga pul tikilgani aks etgan surat tarqaldi. Unda rasmiy idora xonasi ekani ko‘rinib turgan joyda bir guruh shaxslar ko‘rpacha solib, pul tikkan holda karta o‘ynab o‘tirganini ko‘rish mumkin.
Qimor o‘ynaganga qanday jazo bor?
Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi 176-sonli qarori bilan 2007 yil 1 sentabrdan boshlab qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlab qo‘yilgan.
Bunday qilmish uchun tegishli kodekslarga ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari kiritilgan.
Intizomiy jazo. Davlat xizmatchisining qimor o‘ynashi, xususan bu “ish”ni xizmat idorasida amalga oshirishi ahloq odob hamda intizomga oid normalarning qo‘pol buzilishini ham anglatadi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ga ko‘ra, davlat xizmatchilari xizmat faoliyati davomida o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ymasligi, har qanday qonunbuzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashishi zarur.
Mazkur hujjatda davlat xizmatchilari ishdan bo‘sh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid bo‘lgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyishlari shartligi, dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymasligi ham belgilab qo‘yilgan.
Davlat xizmatchisining Odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 191-moddasiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan (990 ming so‘m) 5 baravarigacha (1 mln 650 ming so‘m) miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.















