Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

O‘zbekiston bir oydan beri Isroilning to‘xtovsiz hujumlari ostida yashayotgan Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 mln dollar ajratdi. Prezident qaroriga ko‘ra, bu mablag‘ BMTning Yaqin Sharq agentligi hisobiga o‘tkaziladi va G‘azo sektori aholisiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun yo‘naltiriladi.

Bu haqda e’lon qilgan Shavkat Mirziyoyev tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib, O‘zbekistonning bu urush borasidagi pozitsiyasini eslatib o‘tdi. “Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ham Yaqin Sharqdagi urushga munosabat bildirdi. Tashkilotning Ostonadagi sammitida qabul qilingan deklaratsiyada tinch aholiga qilinayotgan hujumlar qoralandi. Shavkat Mirziyoyev bu sammitdagi nutqida ham mustaqil Falastin davlatini qo‘llashini bildirdi.

“Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi – nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir. Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega”, – dedi prezident.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyevning shu hafta ma’lum qilishicha, Isroilda 10,5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi yashaydi. Ularning aksariyati Samarqand viloyatidan. Isroildagi o‘zbekistonliklarning 95 foizdan ortig‘i qariyalarni parvarishlash bilan shug‘ullanadi.