O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi davomida ham ushbu mamlakat ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashgan. O‘shanda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilgan edi. Bugungi uchrashuv ushbu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi bo‘ldi.

Fransiya tomonidan tadbirda tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik masalalari va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari bo‘yicha vazir-delegat Oliv Besht, iqtisodiyot, moliya, sanoat va raqamli suverenitet vaziri huzuridagi sanoat masalalari bo‘yicha vazir-delegat Rolan Leskyur, «MEDEF International» biznes uyushmasi bosh direktori Klod Imoven, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu qatnashdi.

Bundan tashqari, tadbirda EDF, Voltalia, Total Energies, Orano, Eiffage, Veolia, SUEZ, Lactalis, Semai, Semmaris, Alstom, Airbus Helicopters, ATR, Vicat, Mobilitas, Boehringer Ingelheim, Thales, Aramine, Meridiame, Societe Generale, Natixis kabi yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Ko‘hna Samarqanddagi uchrashuvni ochar ekan, davlatimiz rahbari prezident Emmanuel Makronni va Fransiya ishbilarmon elitasi vakillarini samimiy qutladi.

Oliy darajadagi faol muloqotlar tufayli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda ijobiy sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshidan o‘zaro savdo hajmi uch barobar, keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni to‘rt barobar ko‘paydi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqalari va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos ekani qayd etildi.

– Bugun qadrli hamkasbim bilan nihoyatda samarali muzokaralarni o‘tkazdik, hamkorligimizning yangi davri boshlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Kelgusida o‘zaro munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyatidamiz, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Davlat rahbari o‘z nutqida yetakchilar kelgusida savdo hajmlarini keskin oshirish, Fransiya kompaniyalarining investitsiyaviy faoliyatini faollashtirish masalalariga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olganlarini qayd etdi.

Bunda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi va ishbilarmonlik tashabbuslariga har tomonlama ko‘maklashiladi.