O‘zbekiston | 15:18 / 30.10.2023
29434
6 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab fuqarolarni chuv tushirgan firibgarlik: csenariy o‘zgarmagan, ijrochilar esa «Avto 60 oy» ishidagilar

Kun.uz tahririyatiga «oson shartlarda» avtomobil va uy-joy olib berishni va’da qilib, fuqarolarni katta mablag‘ga chuv tushirayotganlar haqida murojaat kelib tushdi. Bu safargi aldov Instagram sahifasida Xumo vines nomi bilan tanilgan vayner shaxsidan foydalanib amalga oshirilgan. Ucharlar jamoasi tarkibida «Avto 60 oy» ishida 8 yilga qamalib, 2 yil-u 10 oy «o‘tirib» chiqqan Jamshid Bahodirov ham bor. 

Oson shartlarda mashina va kvartira olib berish va’dasi bilan «Media plus 24» hamda «X-vines» MChJlari fuqarolar bilan shartnoma imzolagan. Yuzlab fuqarolardan boshlang‘ich to‘lovlar qabul qilib olingan. Kun.uz muxbiri mazkur firmalar joylashgan hududga holatni o‘rganish uchun bordi. U yerda 50 dan ortiq aldangan fuqarolar to‘plangan edi.

Jabrlanuvchilarning ko‘pchiligi Xumo vines nomi bilan tanilgan vayner Humoyun Mahamadjonovning Instagram sahifalaridagi uy-joy va avtomobil olib berish haqidagi reklamalarini ko‘rib ofisga kelganini, shartnoma tuzib boshlang‘ich to‘lovlarni to‘laganini bildirdi.

«25 mlndan 50 mln so‘mgacha to‘lov qilsangiz, arzon ikki-uch xonali uy-joy olib beramiz deyishgandi. Shunga ishonib to‘rt kishi kelib, umumiy hisobda 105 mln so‘m to‘lov qilgandik. 17 oktyabrgacha uy olib beramiz deb pulimizni olishdi. Firmaning kassalariga to‘lov qilgandik. Hozir surishtiruv ketyapti deyishyapti. Ofislari esa yopilib ketgan. Pulimizni ololmay sarson-sargardon bo‘lib yuribmiz», deydi jabrlanuvchilardan biri.

Foto: Kun.uz

15 sentabr kuni Spark avtomobiliga 5,5 mln so‘m to‘lov qilgan Bahrom Ergashevning ta’kidlashicha, boshlang‘ich to‘lovdan so‘ng firma tomonidan unga 2 ming AQSh dollari miqdorida pul ajratib berilishi va’da qilingan.

«O‘ttiz kun ichida, ya’ni 15 oktyabrgacha Sergeli avtoikkilamchi bozoridan avtomobil olib berishni va’da qilishdi. O‘zingizning xohishingizga qarab bank orqali yoki «arendator» qilib olib beramiz deyishdi. Keyin sentabrning oxirida o‘zlarining Instagram sahifasiga Olmazordagi filialimiz yopildi va 20 oktyabrda sizlarga aloqaga chiqamiz tarzida «istoriya» qo‘yishdi. Telefon qilib so‘raganimda pulingiz 20 oktyabrda qaytariladi deb aytishdi. Aytilgan sanada kelganimizda ofis ichi bo‘m-bo‘sh, yopilib ketgan. Keyin jabrlarganlar «uchastkavoy»ga borib ariza yozib berdik», deydi u.

Yana bir jabrlanuvchi firma bilan shartnoma tuzib, avtomobil olgan. Shunga ishonib uyga ham to‘lov qilib aldanib qolgan.

Foto: Kun.uz

«Avtomobilga 10 mln so‘m to‘lov qilganman. Birinchi to‘lovni qilganimdan so‘ng 3 ming AQSh dollarini sizga beramiz. Bank yoki «arendator» orqali olasiz. Firmaga 3 ming AQSh dollarini 3 yilda bo‘lib qaytarib berishimni aytishdi. Keyin Cobalt avtomobilini oldim. Shunga ishonib, uyga ham to‘lov qilgandim. Keyin bunday muammolar paydo bo‘ldi», deydi jabrlanuvchi Jamoliddin Ismoilov.

Qizig‘i shundaki, «firibgar» ekani da’vo qilinayotgan bu ikki firmaning menejyerlik lavozimida Jamshid Bahodirov ismli shaxs ishlab kelgan. Jamshid Bahodirov va uning jinoiy sheriklari «Avto 60 oy» ishi bo‘yicha o‘tgan sudning 2021 yil 29 mart kungi hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan jabrlanganlardan biriga ko‘ra, ayni paytda Bahodirov ozodlikda. U odamlarga «arzon va qulay shartlarda avtomobil hamda kvartiralar olib berish xizmat»larini ko‘rsatib kelayotgani ham aytilmoqda.

«To‘lov qilganimda menga Jamshid Bahodirov kelib, o‘zini rahbarman deb tanishtirgan. Keyin surishtirib ko‘rsak, u «Avto 60 oy» MChJ rahbari bo‘lgan ekan. Bu yerda hujjatlarda 2-3 odamni rahbar qilib, o‘zi kelgan mijozlarga rahbarman deb tanishtirib, pullarni yig‘ib yurgan shaxs ekan. Buni biz firma yopilganidan keyin bilganmiz», — deydi jabrlanganlardan biri.

Kun.uz suhbatlashgan jabrlanuvchilardan birining aytishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, bir nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Jinoiy guruhning qolgan a’zolari tergovdan yashiringan. Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha tergovni IIV huzuridagi Tergov departamenti olib bormoqda.

Ma’lumot uchun, mazkur ishda asosiy «figurant»lardan biri ekani aytilayotgan Jamshid Bahodirov «Avto 60 oy» ishida 8 yilga qamalgandi. Ammo 2 yil-u 10 oy «o‘tirgan» firibgar «o‘zini yaxshi tutgani va tuzalish yo‘liga o‘tgani uchun ijobiy tavsifnoma olgani» sababli o‘talmay qolgan 5 yildan ko‘proq qamoq muddati axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Oliy sud axborotiga tayanadigan bo‘lsak, u fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplamagan.

Mavzuga oid