Iqtisodiyot | 20:15 / 02.11.2023
22118
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda qaysi yo‘nalishga qancha subsidiya ajratiladi? (ro‘yxat)

O‘zbekistonda kelasi yil energetika, issiqlik ta’minoti, xususiy bog‘chalar va boshqalarga – jami 46 ta yo‘nalishda davlat budjetidan jami 28,4 trln subsidiya ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bu – nafaqalar, moddiy yordamlar, ijtimoiy kompensatsiya to‘lovlari, ilm-fan, madaniyat va sportga ajratilayotgan mablag‘lar yig‘indisidan ko‘proq.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024–2026 yillar uchun Budjetnomani e’lon qildi. Unda keltirilgan 2023 yilgi budjet ijrosi tahliliga ko‘ra, joriy yilda subsidiyalar uchun 31,1 trln so‘m sarflanadi. Bu – davlat budjeti xarajatlarining 11 foiziga teng.

Tabiiy gaz narxlaridagi tafovutni qoplashga dastlab 18 trln so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, yil oxirigacha bu maqsad uchun qo‘shimcha 4 trln so‘m ajratishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

2024 yilda davlat budjeti hisobidan ijtimoiy-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, eksportni rag‘batlantirish, qishloq xo‘jaligi, aholi bandligini ta’minlash kabi sohalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilishi belgilangan subsidiyalarning umumiy qiymati 28,4 trln so‘mni tashkil etadi. Bu – davlat budjetining 10 foizi degani.

Taqqoslash uchun, 2024 yilda nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlariga 18,6 trln so‘m, ilm-fanga 2,2 trln so‘m, madaniyat sohasiga 2,6 trln so‘m, sport sohasiga 2,8 trln so‘m, shu to‘rtta yo‘nalishga jami 26,2 trln so‘m ajratish reja qilingan.

Boshqacha aytganda, subsidiyalarga ajratilayotgan mablag‘ (28,4 trln so‘m) nafaqalar, moddiy yordamlar, ijtimoiy kompensatsiya to‘lovlari, ilm-fan, madaniyat va sportga ajratilayotgan jami mablag‘lardan (26,2 trln so‘m) ko‘proqni tashkil qiladi.

Joriy yilda biznes uchun energetika tariflari tannarxga yaqinlashtirilgani hisobiga 2024 yilda energetika subsidiyalari kamayishi kutilmoqda.

Xususan, tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlaridagi tafovutni qoplash uchun subsidiyalar 2 barobarga kamayadi va kelgusi yilda bu maqsadlar uchun 9,5 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu yo‘nalishdagi xarajatni 2025 yilda 6 trln so‘mgacha, 2026 yilda 5 trln so‘mgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Elektr energiyasi narxlaridagi tafovut uchun subsidiyalar 2024, 2025 va 2026 yillarda bir xil – 2,5 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan.

Kelasi yili jamoat transporti zararlarini qoplashga subsidiyalar 2 barobarga (1,5 trln so‘mgacha), issiqlik ta’minoti korxonalari zararlarini qoplashga subsidiyalar 2,5 barobarga (4,5 trln so‘mgacha) oshiriladi. Bu yuridik shaxslar uchun elektr va gaz tariflari oshgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: issiqlik korxonalari va jamoat transporti yoqilg‘ini oshirilgan narxlarda xarid qila boshlagan.

Bundan tashqari, 2024 yilda aholi tomonidan uy-joylar sotib olishga 1,5 trln so‘m va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga 3 trln so‘m subsidiyalar ajratilmoqda.

Umuman, kelasi yili jami 46 ta yo‘nalishda subsidiya ajratish nazarda tutilgan (mlrd so‘m):

Mavzuga oid