O‘zbekiston | 13:44 / 30.10.2023
18113
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablarni yaxshiroq isitish uchun koridorlarda derazalarni kamaytirishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida bir nechta ijtimoiy obektlarni rejalashtirilmagan tarzda borib ko‘rdi. Shunday muassasalardan biri Qarshi tumani markazi – Beshkent shahridagi 12-maktab bo‘ldi.

Bu maktab 1968 yilda qurilgan, 1,4 ming nafar o‘quvchi o‘qiydi. Binosi 2 yil oldin kapital ta’mirlangan.

“Menimcha” ko‘rsatuvida ma’lum qilinishicha, maktab hovlisidayoq prezidentning ta’bi xira bo‘lgan: stadion qurib-qaqshab, tashlandiq holida yotibdi, hovlida hamma o‘simliklar pala-partish ekilgan. Shavkat Mirziyoyev Qarshi tuman hokimi Behzodjon Yusupovni hudud qarovsiz holda yotgani uchun tanqid qilgan.

“Ey tuman hokimi, sening ishing-ku, viloyat hokimining ishi emas-ku, qara”, – degan u. 2022 yil fevralidan buyon bu lavozimda ishlab kelgan Yusupov tashrifdan keyin ishdan olindi.

Shundan so‘ng prezident o‘qituvchilar xonasiga kirgan, u yerdagi sharoitlar ham uni qoniqtirmagan. Mirziyoyev “maktabga raqamlashtirish jarayoni hali yetib kelmagani, hammasi eski uslubda ekani, bugungi yosh avlodni bunday sharoitda bilim olishga qiziqtirib bo‘lmasligi”ni aytgan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, maktablarning qurilish standartlarini ham qayta ko‘rib chiqish kerak.

“Senga bitta savol. Mana shu turgan joyimizda qurilishdagi eng katta xato nima?” – deya shu yerdagi mutasaddilardan biriga savol bilan yuzlangan prezident.

Shavkat Mirziyoyev shundan keyin bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning e’tiborini koridor derazalariga qaratgan: “Yozda issiq, qishda sovuq. Men Samarqand viloyati hokimi bo‘lganimda o‘zim hamma oynani g‘ishlab yopib tashlagandim. Hammasini yopish kerak. Mayli, to‘rtta emas, bitta qolsin. Buni isitib bo‘ladimi? Mana bu – beton (polni ko‘rsatib), agar bu yopilmasa, bu yer hech qachon isimaydi”, – degan u.

Prezident sinfxonaga kirib, ustoz va o‘quvchilar bilan ham muloqot qilgan.

Mavzuga oid