Shavkat Mirziyoyev turkiy dunyo yetakchilariga: «Tili, dini va yuraklari bir qardosh xalqlarimiz ovozi yanada balandroq yangramoqda»
O‘zbekiston prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida Turkiya Respublikasining 100 yilligi, Qozog‘istonning Respublika kuni milliy bayrami va Ozarboyjon Qorabog‘ ustidan suverenitetini tiklagani haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi.
Prezident o‘z so‘zini qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning quyidagi da’vati bilan boshladi: «Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla – yanada yuksalgaysan!»
«Ushbu ibratli so‘zlar bugungi shiddatli zamonda – Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z faoliyatini tobora takomillashtirib borayotgan bir davrda albatta chuqur ma’noga ega. Tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan qardosh xalqlarimiz ovozi endilikda dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangramoqda.
Fursatdan foydalanib, do‘st Qozog‘iston elini yaqinda keng nishonlangan mamlakat milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Shuningdek, Turkiya prezidenti, qardoshim Rajab Toyyib Erdo‘g‘an janobi oliylarini va butun turk xalqini Respublika e’lon qilingan kunning qutlug‘ 100 yillik tantanalari bilan samimiy tabriklayman», – dedi O‘zbekiston rahbari.
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Qorabog‘ ustidan suverenitetini tiklaganiga to‘xtalib o‘tdi.
«Barchangiz yaxshi bilasiz, turkiy dunyoda do‘st Ozarboyjon xalqi o‘zining munosib o‘rni va katta obro‘-e’tiboriga ega. So‘nggi yillarda Ozarboyjon xalqi qadrli birodarim Ilhom Haydarovich yetakchiligida olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Tarixiy adolat qaror topib, mamlakatning ajralmas qismi bo‘lgan Qorabog‘ hududini bunyodkorlik makoniga aylantirish borasida ulkan natijalarga erishilmoqda.
Men avgust oyida Shusha va Fuzuliy shaharlarida bo‘lib, keng ko‘lamli o‘zgarishlarga, zamonaviy infratuzilma barpo etilayotgani, vayron bo‘lgan madaniy meros obektlari qayta tiklanayotganiga shaxsan guvoh bo‘ldim.
Ozarboyjon xalqini buyuk g‘alaba – mamlakat hududiy yaxlitligi to‘liq tiklangani bilan yana bir bor chin yurakdan samimiy tabriklayman», – dedi prezident.
Davlat rahbarining qayd etishicha, Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. 160 million aholini qamrab olgan tashkilot hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir.
«Bizning mamlakatimiz tashkilotning barcha a’zolari bilan strategik sheriklik aloqalari o‘rnatganini katta mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchiman.
O‘tgan yili «Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari» shiori ostida bo‘lgan Samarqand sammitida imzolangan hujjatlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston raisligi davrida yuzdan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi, muhim tashabbuslar ilgari surildi. «Turkiy nigoh – 2040» konseptual dasturi asosida amaliy hamkorlikning yangi va yanada samarali mexanizmlari yaratildi. Jumladan, Turkiy davlatlar Kasaba uyushmalari tashkiloti, Fazo tadqiqotlari akademiyasi, Jo‘g‘rofiy kengash, Qurg‘oqchilikni bartaraf etish instituti, Notarial idoralar uyushmasi kabi yangi tuzilmalar ish boshladi. Qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning turli ixtisoslashgan institutlari, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqin sheriklik aloqalari o‘rnatildi.
Global iqtisodiy inqiroz kuchayib borayotganiga qaramasdan, olib borayotgan tizimli ishlarimiz natijasida o‘zaro savdo hajmi o‘smoqda.
O‘zbekistonning raisligi davrida bizga faol ko‘mak ko‘rsatgan barcha davlatlarga va Tashkilot Kotibiyatiga yana bir bor minnatdorlik bildiraman», – dedi O‘zbekiston prezidenti.
Mavzuga oid
00:59 / 21.11.2024
Ozarboyjon 2025 yilgi mudofaa xarajatlarini oshiradi
14:26 / 13.11.2024
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024