O‘zbekiston | 18:34 / 09.06.2023
9787
4 daqiqa o‘qiladi

“Italiya O‘zbekistonning G‘arbiy Yevropadagi birinchi strategik hamkoriga aylandi” - Sherzod Asadov

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-9 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Italiyada bo‘lib turibdi. Prezident matbuot kotibi tashrifning amaliy ahamiyati, unda erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Italiyaga rasmiy tashrifni «prezidentning faol va pragmatik tashqi siyosatining amaldagi ifodasi» deb atadi.

«Mazkur tashrif tasnif jihatidan rasmiy, ahamiyati jihatdan tarixiy tashrifdir. Sababi ikki davlat rahbarlari 2000 yildan buyon ilk bor oliy darajada uchrashmoqda. Ikki davlat munosabatlarida 2016 yilgacha mavjud bo‘lgan bo‘shliq prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan oxirgi yillarda barcha yo‘nalishda, xususan, Italiya davlati bilan, umuman olganda, Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan ham sifat nuqtayi nazaridan, ham natijadorlik tarafdan ancha to‘ldirildi.

Va bu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bu bugungi tashrifning asosiy natijasi, ya’ni O‘zbekiston–Italiya munosabatlarining strategik darajaga ko‘tarilishidir. Italiya – O‘zbekistonning G‘arbiy Yevropadagi ilk strategik hamkoridir.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni prezidentimiz bilan suhbat davomida: «Biz sizning islohotlaringizga va siyosatingizga ishonganimiz uchun hamkorligimizni strategik darajaga ko‘tarishga qaror qildik» degan gaplarini alohida ta’kidlash joiz.

Umuman olganda, Italiya davlati bilan oxirgi yillarda ikkitomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori dinamika qayd etilmoqda. Xususan, siyosiy sohani oladigan bo‘lsak, ikkitomonlama tashriflardan tortib, natijadorlikka qaratilgan aniq kelishuvlarni aytib o‘tish mumkin», – dedi Asadov.

Uning ta’kidlashicha, Italiya hukumati O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari chuqurlashishiga xayrixoh. Xususan, rasmiy Rim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Keng qamrovli sheriklik va hamkorlik shartnomasi imzolanishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qayd etilishicha, siyosiy-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi shtati kengaytiriladi. Bundan tashqari, Milan shahrida elchixonaning maxsus bo‘linmasi ham ochiladi.

Prezident matbuot kotibi O‘zbekiston–Italiya biznes forumida ikki davlat ishbilarmon doiralari tomonidan umumiy qiymati 9 mlrd yevroga teng 40 dan ziyod kelishuvlar imzolangani, shuningdek, Italiya rahbariyati O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga kirishiga to‘liq xayrixohlik bildirganini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda birinchi O‘zbekiston–Italiya ta’lim forumi o‘tkazilishiga kelishib olingan. Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvlarda O‘zbekistonda italyan tili borasidagi qo‘shma dasturlarni rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan. Yaqin kelajakda, nafaqat O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida, balki maktablarda italyan tilini o‘qitish kurslarini tashkil etish bo‘yicha ham fikr almashilgan.

Asadov rahbarlar uchrashuvida mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashilganini bildirdi.

«Italiya rahbarlari bilan uchrashuvlarda mintaqaviy masalalar borasida ham fikr almashildi, xususan, Markaziy Osiyodagi vaziyat, bo‘layotgan iqtisodiy, ijtimoiy o‘zgarishlar haqida ham. Bundan tashqari, Italiya rahbarlari O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va bu bo‘yicha keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ham kelishib olindi.

Tashrif doirasida ikki davlat hamkorligining normativ-huquqiy bazasi ancha kuchaytirildi. 12 ta hujjat qabul qilindi. Bular, asosan, sanoat, adliya, madaniyat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan hujjatlardir.

Hech mubolag‘asiz, prezidentimizning Italiya davlatiga rasmiy tashriflari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy va gumanitar aloqalarning mustahkamlanishiga katta zamin yaratadi. Shu bilan ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va strategik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi», – dedi u.

Mavzuga oid