Jahon | 11:51 / 09.11.2023
7060
2 daqiqa o‘qiladi

NATO F-16'ni Kiyevga topshirish jarayonidagi o‘zgarishni olqishladi

NATO rahbarining ta’kidlashicha, niderland qiruvchi samolyotlari ukrainalik uchuvchilar o‘qitiladigan Ruminiyaga yetkazilgan. U Ukrainaga yordamni kamaytirmaslikka chaqirdi.

Foto: U.S. AirForce

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg G‘arb qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga o‘tkazish jarayonidagi olg‘a siljishdan mamnun. 8 noyabr, chorshanba kuni u Niderlandiyadan birinchi F-16 samolyoti ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash uchun Ruminiyaga yetkazilganini olqishladi. Bryusselda Vengriya prezidenti Katalin Novak bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida u ittifoqdoshlar Rossiyadan himoyalanayotgan Ukraina uchun misli ko‘rilmagan yordam ko‘rsatishda davom etishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Stoltenberg Kiyevga harbiy yordamni kamaytirish xavfi haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zini sabrliroq deb bilib, G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash istagi qachonlardir tugashiga ishonadi. «Biz unga noto‘g‘ri fikrda ekanini isbotlashimiz kerak», deydi alyans rahbari. Bu Ukrainaning omon qolishi uchun ham, NATO mamlakatlari xavfsizligi uchun ham muhim, deydi u. 

Niderlandiya Ruminiyadagi o‘quv markaziga beshta F-16 samolyotini yubordi

Bir kun oldin Niderlandiya Ukrainaga topshirish uchun mo‘ljallangan dastlabki beshta F-16 qiruvchi samolyotini Ruminiyadagi o‘quv markaziga jo‘natdi. Ukraina Qurolli kuchlari ulardan qachon jangovar foydalanishi mumkinligi hozircha noaniq. Uchuvchilarni tayyorlash kamida olti oy davom etishi kutilmoqda. Niderlandiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy samolyotlar mashg‘ulotlar jarayonida NATO havo hududini tark etmaydi. 

Daniya, Niderlandiya va Norvegiya Ukrainaga o‘nlab F-16 qiruvchi samolyotlarini taqdim etishga va’da bergan. Bundan tashqari, bir qancha g‘arb davlatlari ukrainalik uchuvchilar va ushbu mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlamoqda. Lockheed Martin Amerika ishlab chiqaruvchisi ham ta’lim va texnik yordam ko‘rsatadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid