Ikkinchi Baxmut. Ukraina Avdiyivkani ushlab turishidan ma’no bormi?
Avdiyivka uchun janglar avj pallaga kirdi. Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi ushbu shahar atrofidagi «qisqich»ni toraytirmoqda va uni mudofaa qilayotgan ukrain guruhini qurshovga olishga harakat qilmoqda. Bunday vaziyatda Ukraina qurolli kuchlari qanday yo‘l tutishi kerak?
Urushga qadar 30 mingga yaqin kishi yashagan ushbu kichik sanoat shahri bo‘lgan Avdiyivkaning qanotlariga Rossiya armiyasining hujumi 10 oktyabr kuni boshlangandi.
Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning qariyb 40 ming kishidan iborat qo‘shini bir vaqtning o‘zida shimol va janubdagi qanotlarga bosim qilib, shahar ta’minot yo‘llarini kesib qo‘yishga harakat qilmoqda.
Avdiyivka — Donetsk chekkasidagi shahar bo‘lib, harbiy harakatlarning 9 yili davomida Ukraina tomoni bu yerda kuchli mudofaa chizig‘ini tashkil etgan. Rossiya armiyasi uni bir hamlada egallay olmagach, o‘tgan oyda shaharni aviatsiya zarbalari orqali vayron qilib, keyin piyodalar bilan shturm qilishga o‘tdi.
Ukraina qo‘mondonligi Rossiya armiyasi shturmning ilk haftasida katta yo‘qotishlarga uchraganini ma’lum qildi. Avdiyivka shahri harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Barabash oktyabr oyi oxiriga kelib bu miqdor 6,5 ming kishi atrofida ekanini aytdi. Shturm boshlanganiga bir oy to‘lganida, 10 noyabr kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya armiyasi bu yerda 10 ming kishidan ayrilgani, shuningdek, bir oy davomida ukrain harbiylari rossiyaliklarning 100 dan ortiq tankini, boshqa turdagi 250 ta zirhli mashinalari, 50 ta artilleriya qurilmasini yo‘q qilgani haqida xabar berdi. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ham noyabr oyi boshida Rossiyaning ushbu shahar uchun janglardagi yo‘qotishlari minglab ekani, 200 dan ortiq zirhli texnikalarini yo‘qotgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo bu yo‘qotishlar Kremlni shaharni egallash rejasidan voz kechishga unday olmayapti.
Avdiyivkadagi hozirgi vaziyat qanday?
Noyabr oyi boshigacha Rossiya armiyasi ikkita hujum to‘lqinini amalga oshirdi. Rossiyalik harbiylar Avdiyivkadan shimolda bir necha kilometrga ilgarilab, mahalliy koks kimyo zavodiga yaqinlashdi, shuningdek janubda — Vodyanedan Tonenke posyolkasi tomon harakatlangan.
Asosiy maqsad — Ukraina qurolli kuchlari ta’minot yo‘lini Orlovka, Semenovka va Berdichi posyolkalari hududida kesib qo‘yishdir.
Ukraina QK Bosh shtabi xabariga ko‘ra, 7 noyabr kunining o‘zida Avdiyivka atrofida raqibning 14 hujumi qaytarilgan.
Vitaliy Barabashning qayd etishicha, so‘nggi kunlarda ob-havo noqulayligi tufayli Rossiya qo‘shini o‘z faolligini bir necha bor pasaytirishga majbur bo‘lgan — tuproq yomg‘irlardan balchiqqa aylangan va bu zirhli texnikalar harakatiga xalal bermoqda. Ammo rossiyaliklar bu vaqtdan qayta guruhlanish va navbatdagi, uchinchi shturmga tayyorlanish uchun foydalanmoqda.
«Uchinchi to‘lqin bo‘lishi aniq, shturmlarning ikkinchi to‘lqini ham muvaffaqiyatsiz chiqqanidan keyin dushman qayta guruhlanmoqda, ham texnikalar, ham shaxsiy tarkibdan iborat zaxiralarni olib kelmoqda», — deya qayd etgan Barabash telemarafon efirida.
«Axboriy qarshilik» guruhi harbiy sharhlovchisi polkovnik Konstantin Mashovets ham Rossiya zaxiralari Avdiyivka yaqiniga keltirilgani hamda hujumlarning yangi to‘lqiniga tayyorgarlik to‘g‘risida gapirgan.
Bu yo‘nalishga yana bitta tank polki olib kelingan (tahlilchining fikricha, uning tarkibida 32 tank va 1,6 ming askar bor). Shu tufayli to‘qnashuvlar ketayotgan kichik hududda Rossiyaning birdaniga ikkita tank polki harakatlanadi.
Harbiy sharhlovchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini so‘nggi kunlarda shimoliy qanotda Stepne posyolkasi tomon ilgarilashga muvaffaq bo‘lgan, shuningdek Avdiyivka koks kiyo zavodi yaqinidagi temiryo‘l liniyasini kesib o‘tgan. Korxona hududi ukrain jangchilari tomonidan mudofaa qilinmoqda, ammo rossiyaliklar shturmni davom ettirmoqda.
Janubi-sharqiy qanotda Rossiya qo‘shini «Tsarskaya oxota» restoran va mehmonxonalar kompleksi tomon yurishga urinmoqda, janubda esa Opitne va Tonenke posyolkalari yo‘nalishida hujum qilinmoqda.
Avdiyivka atrofiga yangi kuchlar tashlanishi shundan darak beradiki, Kreml bu shaharni egallashni ustuvor vazifa deb hisoblashda davom etmoqda, deya qayd etadi «Axboriy qarshilik» koordinatori.
«Dushman bu yerga yangi kuch va vositalarni ular shunchaki Donetsk atrofida „sayr qilishi“ uchun tashlayotgani yo‘q. Bu yaqqol ko‘rinib turibdi», — deydi ekspert.
Ushlab turish kerakmi yoki chekinish?
Noyabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari janubiy va shimoliy qanotlarida Ukraina mudofaasiga 10 km masofada ilgarilagan. Ya’ni ukrain garnizoni chuqur «qop» ichida qolmoqda va ikki tomondan siqib kelinmoqda.
Va buning barchasi deyarli barcha nuqtalari artilleriya nishonida turadigan kichik shahar atrofidagi hududda ro‘y bermoqda. Bunday «qisilish» va shaxsiy tarkib hamda texnikalarning tig‘iz to‘planishi Ukraina qurolli kuchlari uchun katta xavf tug‘diradi, degan BBC uchun intervyusida harbiy tarixchi Mixaylo Jiroxov.
«U yerda vaziyat og‘ir, ayniqsa masofa qisqa ekani inobatga olinsa. "Qisqich"ning shimoliy va janubiy chekkalari o‘rtasidagi masofa 4-5 km. Bu juda-juda kam, — deydi ekspert va bu gapini izohlagan. — Agar, masalan, Zaporijjya yoki Xerson oblastining qayeridadir biror o‘rmonzordagi pozitsiya boy berilsa — bu yomon, ammo halokatli darajada emas, Avdiyivka atrofida esa hatto 100-200 m masofadagi bitta ilgarilash ham juda va juda muhim».
Rossiya qo‘shinlarida shunday ilgarilash davom etayotgani tufayli Ukrainadagilar garnizonni Avdiyivkadan olib chiqish lozim deb hisoblamoqda. Bu chora shaharda yarim qurshov sharoitida har kungi hujumlarni qaytarib turgan yaxshi o‘qitilgan va tajribali jangchilardan iborat bo‘linmalarni saqlab qolishi mumkin.
«Nima muhimligini tushunish lozim: harbiy jihatdan ahamiyatsiz bo‘lgan bir parcha yerni ushlab turish yoki mudofaaning ikkinchi liniyasiga chekinib, zaxiralarni to‘plash va qanotlar bo‘ylab kuchli qarshi zarba berish. Buni faqat Zalujniy va UKQ bosh shtabi hal qiladi», — deydi Jiroxov.
Razumkov markazining tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik dasturi direktorlaridan biri, podpolkovnik Oleksiy Melnik ham bu fikrga qo‘shilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Avdiyivka bo‘yicha qaror qabul qilish uchun frontdagi voqealar hamda qo‘mondonlikning strategik rejalari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish kerak:
«Xaritaga qaraganda va nufuzli manbalardan olingan qisqacha ma’lumotlarni o‘qiganda, ma’lum xulosalar chiqarish mumkin. Ammo bu yerda umumiy strategik kontekstni, xususan, Avdiyivka mudofaasi umumiy strategiyaga qanday mos kelishini tushunmasdan oddiy yechim qabul qilish xavfi mavjud».
Shu ma’noda Avdiyivka mudofaasi Baxmut mudofaasiga o‘xshash. Ukraina qo‘shini Baxmutni ham yarim qurshov holatida, rossiyaliklarning shturmlari va vayronkor havo zarbalariga dosh berib, bir necha oy davomida ushlab turgandi. Yakunda 2023 yil may oyida Ukraina qurolli kuchlari shaharning g‘arbiy chekkalariga chekingan, Kreml esa Baxmut egallanganini e’lon qilgandi.
O‘shanda Ukraina qo‘mondonligining harakatlari mamlakat ichkarisida ham, g‘arbdagi hamkorlar tomonidan ham bir xilda ma’qullanmagandi. Ko‘plab harbiy ekspertlar ukrain jangchilari «Baxmut go‘shtmaydalagichi»da ishtirok etishi Ukraina qurolli kuchlarini holdan toydirgani va bu mamlakat janubidagi qarshi hujumga ham ta’sir ko‘rsatganini bildirgan.
Xorijiy nashrlar qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy va prezident Volodimir Zelenskiy Baxmut mudofaasi bo‘yicha turlicha qarashlarda bo‘lgani va bu borada bahslashgani haqida yozgandi. Prezident shaharni oxirigacha saqlab turishni talab qilgan, bosh qo‘mondon esa qo‘shinlarni olib ketishni istagan.
Shu bilan birga, Baxmut va Avdiyivka mudofaasi o‘rtasidagi o‘xshashlik haqida fikr bildirarkan, harbiy ekspert Oleksiy Melnik amalda Baxmutning uzoq davom etgan mudofaasining ijobiy ta’sirlariga to‘xtalgan.
Xususan, shaharni shturm qilgan «Vagner» XHK otryadlari ulkan yo‘qotishlarga uchragan — 30-40 ming kishi halok bo‘lgandi. Bu esa, o‘z navbatida, uning rahbari Yevgeniy Prigojin va Rossiya harbiy-siyosiy rahbariyat o‘rtasidagi keskinlik kuchayishiga olib kelgandi.
Mojaro 24 iyun kungi isyon darajasigacha o‘sib borgan. Bu Kremlning nufuziga kuchli darajada zarba bo‘lgan, keyinroq «Vagner» amalda o‘z mavjudligini yo‘qotgan, Prigojinning o‘zi ikki oy o‘tib sirli aviahalokatda halok bo‘lgandi.
«Agar bu jihatni olsak, Baxmut mudofaasi strategik tomondan muhim rol o‘ynagan», — deya qayd etadi Melnik.
Avdiyivkaning ikki tomon uchun ahamiyati
Rossiyaliklarga Avdiyivka nega kerak? Ekspertlarning ko‘pchiligi u Kreml uchun harbiy emas, faqatgina siyosiy jihatdan ahamiyatli ekanini aytadi.
Rossiya rahbariyati va «DXR» yetakchilarining Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkadan siqib chiqarilishi Donetskni o‘qqa tutilishdan himoyalashi haqidagi oldingi bayonotlari tanqidlarga dosh bera olmaydi, deydi Mixaylo Jiroxov.
Chindan ham Avdiyivkadan Donetskka qadar masofa atigi 10-15 km, ukrain qo‘shini esa bundan kattaroq masofaga zarba beruvchi artilleriyaga ega.
«Bu (Avdiyivkadagi pozitsiyalarni egallash) Ukrainadagi o‘t ochish vositalari masofasi kichikroq bo‘lganida muhim bo‘lardi. Men ko‘pi bilan 30-35 km masofaga zarba bera oluvchi 152-mm kalibrli sovet to‘plarini nazarda tutyapman».
Ammo endilikda Ukraina qurolli kuchlari M777 gaubitsalari (o‘t ochish masofasi 40 km), HIMARS raketa tizimlari (70 km) va ATACMS ballistik raketalari (Ukraina 160 km masofaga harakatlanuvchi modifikatsiyasi bilan ta’minlangan) kabi qurollarga ega.
Rossiyaliklarning yana bir tezisi Ukraina Avdiyivkadagi pozitsiyalaridan kelgusida «Donetskka hujum uyushtirish uchun platsdarm sifatida foydalanishi» bilan bog‘liq. Ammo bu taxmin ham reallikdan uzoq, deb hisoblaydi Jiroxov.
«Agar bu yerdan Donetskka hujum qilinsa, qo‘shinlar ta’minotini juda tor bo‘g‘iz orqali yetkazish talab etiladi. U yerga katta garnizonni bunday sharoitda kiritish maqsadga muvofiq emas va xafli», — deya ishonch bilan fikr bildirgan u.
Shuni inobatga olgan holda Avdiyivkaning egallanishi Rossiya uchun faqat tashviqot effektiga ega bo‘ladi. Shahar egallanganidan keyin Donetsk oblastining ma’muriy chegaralarigacha harakatlanish uchun rossiyaliklarda kuch va vositalar yo‘q va yaqin vaqtlar ichida bo‘lmaydi ham, deb hisoblaydi Jiroxov.
«Men Ukraina harbiy qo‘mondonligiga maslahat bermoqchi emasman, ammo bunday sharoitda yana bir shaharni ushlab turish va uni „qal’a“ deb e’lon qilishdan naf bormi? Bungacha ham „Azovstal“ va Baxmutda „qal’a“ bo‘lgandi va bu qanday yakunlanganini ham ko‘rdik».
Qayd etish kerakki, Rossiyaning oliy siyosiy rahbariyati Avdiyivkadagi vaziyatni deyarli izohlamayapti.
Prezident Vladimir Putin 15 oktyabr kuni frontning ushbu uchastkasi haqida qisqacha to‘xtalib, bu yerda qo‘shinlar «ayrim hududlarda o‘z pozitsiyalarini yaxshilash maqsadida faol mudofaa janglari» olib borayotganini aytib o‘tgandi.
Amerikaning ISW tahlil markazi («Urushlarni o‘rganish instituti») Rossiya qo‘shinlari Avdiyivka shturmi vaqtida berayotgan katta yo‘qotishlar, katta ehtimol bilan kelgusidagi yurish qilish salohiyatiga putur yetkazishiga e’tibor qaratgan.
Bundan tashqari, dastlabki muvaffaqiyatsizliklardan keyin rossiyaliklar taktikani o‘zgartirib, zirhli texnikalar kolonnasida hujum qilish o‘rniga kichik piyoda guruhlari bilan harakatlana boshlagan.
Rossiyalik ayrim harbiy blogerlar, masalan, VGTRK jurnalisti Aleksandr Sladkov Avdiyivka atrofidagi amaliyot allaqachon «ijobiy natija» keltirganini qayd etgan.
«Donetsk bo‘ylab zarba berish kamaygani bejiz emas — bu ham qo‘shinlarimiz harakatlari samarasidir. Ha, Donetsk atrofi hali ham o‘qqa tutilmoqda, ammo markaz hozircha xavfsizlikda», — deya yozgandi u telegram-kanalida 6 noyabr kuni.
Ammo 7-8 noyabr kunlari Rossiya nashrlari Donetsk markazi kuchli darajada o‘qqa tutilganini xabar qildi. Dron operatorlarini tayyorlash markazi ham zarbaga uchragan. Rossiya tomoniga ko‘ra, hujum qurbonlari soni 6 nafarni tashkil etgan va yana 50 kishi yaralangan.
Ukraina hukumati bu zarbalar yuzasidan hech qanday izoh bermadi.
Mavzuga oid
22:59 / 26.11.2024
Ukraina – Janubiy Koreya: kutilmaganda paydo bo‘lgan ittifoq
19:07 / 26.11.2024
Ukraina armiyasiga yollangan britaniyalik Rossiyada asirlikka tushdi
17:41 / 26.11.2024
«Putin doim hujumga tayyor, Tramp – tabiatan developer». Merkelning memuaridan parchalar
13:20 / 26.11.2024