Ammo Rossiyaning yurishi faqat kuchayib bormoqda, yangidan yangi bo‘linmalar olib kelinib jangga tashlanmoqda, ko‘pincha artilleriya qo‘llovisiz. Ushbu aholi yashash manzili Rossiya uchun nega bunchalik muhim? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev shu savollarga javob izladi. 

Avdiyivka istehkomi nimadan iborat?

Bu 2014 yilda Rossiyaning proksi-qo‘shinlari bilan janglardan keyin Ukraina o‘z nazoratida saqlab qolgan hududdir. U Rossiya mudofaasiga chuqur kirib borgan «xanjar»da joylashgan, platsdarm vazifasini o‘taydi, raqibning katta kuchlarini o‘zi bilan shug‘ullanishga majbur qiladi va Donetsk atrofidagi logistik yo‘nalishlarga tahdid soladi.

Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkaning o‘zida va uning atrofida kuchli beton istehkomlar va boshpanalar barpo etgan, o‘nlab kilometr uzunlikdagi xandaqlar qazilgan va bu hududda katta miqdordagi qo‘shinlar guruhi ushlab turiladi. Shahar atrofidagi kenglik minalashtirilgan va yaqinlashib keladigan nishonlar oson o‘qqa tutiladi.

Rossiyaliklarning 2022 yil fevraligacha ham mazkur xavfli «bo‘rtiq»ni olib tashlash uchun qilgan urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

«Bunday artilleriya tayyorgarligini butun urush davomida ko‘rmagandim»

Har qanday mustahkamlangan hududning zaif joylari ham bo‘ladi. Avdiyivka holatida bu bo‘rtiqning old (frontal) tomonidagiga nisbatan shimol va janubda nisbatan cho‘zilgan hamda kamroq mustahkamlangan qanotlardir. Rossiya qo‘mondonligi ham hozirgi yurish amaliyotiga tayyorlanish vaqtida aynan qanotlarni nishonga olgandi. Uning rejalari oldindan ma’lum — shimol va janubdan zarbalar berish orqali ukrain qo‘shinini qurshovga olishga harakat qilish va ularni chekinishga majbur qilish.

Rossiya qo‘shini Avdiyivkaga keng front bo‘ylab yurishni 10 oktyabr kuni boshlagandi. Shaharga hujumlar aviatsiya, artilleriya va zirhli texnikalarni yoppasiga qo‘llagan holda bir necha yo‘nalishlarda boshlandi.

«Butun urush davomida men hech qachon bunday artilleriya tayyorgarligiga guvoh bo‘lmaganman. Hamma narsadan otishdi: aviatsiya, gradlar, smerchlar, solnsepyoklar… Stvolli artilleriya haqida aytishga hojat yo‘q, o‘z-o‘zidan PTUR va minomyotlar ham, bir so‘z bilan aytganda jahannam boshlandi. Hatto meni ham hayratda qoldirishdi, — deya yozgan rossiyalik harbiy tomonidan yuritiladigan „Vojak Z“ telegram-kanali muallifi. — Biz barcha yo‘nalishlarda bosim uyushtirdi, juda kuchli bosim. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim uchastkalarda natijalar bor».