Davaktiv ta’sischiligidagi korxona tadbirkorning 7 mlrd so‘m pulini bermayapti
Sud qarori asosida ijro ishi qo‘zg‘atilganiga qariyb 1 yil bo‘lgan. Ammo qarzdorlikni undirish fuqarolar va tadbirkorlarga kelganida MIBning “og‘irqadam” bo‘lib olishi bu safar ham ro‘y bergan: tadbirkor bir tomondan sarson bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan vaqt yo‘qotib, daromadi ortga ketmoqda. Mas’ul tashkilotlarga qilingan murojaatlar esa “onangga bor, otangga bor”dan nariga o‘tmagan.

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
“Ilg‘or Paxlavon savdo” MChJ va “Xorazmyo‘lindustriya” unitar korxonasi o‘rtasida 2022 yilda bitum va yoqilg‘i mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. “Ilg‘or Paxlavon savdo” MChJ shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib bergan. Ammo “Xorazmyo‘lindustriya” unitar korxonasi ushbu mahsulotlarning haqini to‘liq to‘lamagan.
To‘lov amalga oshirilavermagach, holat yuzasidan sudga murojaat qilingan. Birinchi instansiya sudi qarori apellyatsiya instansiya sudi tomonidan biroz o‘zgartirilib, “Xorazmyo‘lindustriya” unitar korxonasidan “Ilg‘or Paxlavon savdo” MChJ foydasiga 9 mlrd 338 mln so‘m asosiy qarz hamda 300 mln so‘m penya undirish belgilangan.
Sud hujjatlarida ko‘rinishicha, da’vogar javobgarga 2022 yilning iyun oyida 2 mlrd 731 mln so‘mlik, iyul oyida 808 mln so‘mlik, avgust oyida qariyb 5,8 mlrd so‘mlik mahsulot yetkazib bergan.
MIB Urganch tumani bo‘limi davlat ijrochisi Dilmurod Zaripov tomonidan sud qarori asosida 2022 yilning 7 dekabr kuni ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan. Biroq qariyb bir yildan buyon MIB Urganch tumani bo‘limi mazkur ijro hujjatiga “panja orasidan” qarab keladi: javobgarga tegishli mol-mulk xatlanib, bir necha bor auksionga qo‘yilgan, lekin savdo kuni yaqinlashgach negadir auksiondan qaytarib olingan.
Tadbirkor holat yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasiga, boshqa tegishli mas’ul tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgan. Biroq bu murojaatlardan ham natija chiqmayapti.
MIB Xorazm viloyati boshqarmasi tadbirkorning murojaatlariga javoban 2023 yil 15 fevral kuni “Xorazmyo‘lindustriya” unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan jami 21 ta transport vositasiga taqiq solingani, ushbu transport vositalaridan 5 ta yuk mashinasi hamda 5 ta tirkama auksionga chiqarilganini bildirgan. Ammo tadbirkorning qarzdorligi hamon undirilmasdan qolmoqda.
Ma’lumot uchun, “Xorazmyo‘lindustriya” unitar korxonasi 2013 yil yanvar oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 11,8 mlrd so‘mlik ustav kapitaliga ega bo‘lgan korxona ta’sischisi 100 foizlik ulush bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisoblanadi.
Oldinroq byuro bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxonov Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda davlat tashkilotlari MIBdan borgunga qadar o‘zlari o‘rnak bo‘lib o‘sha qarzlarni to‘lashi kerakligini, davlatning barcha xarajatlari rejali bo‘lishi, davlat organlarida budjet oldindan shakllantirilishi, rejadan tashqari xarajat qilishga haqqi yo‘qligi va shuning uchun ham ulardan pul undirishda muammolar yuzaga kelishini ma’lum qilgandi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda to‘y qilish tartibi yangilanadi
O‘zbekiston | 17:03 / 22.04.2025
Qulupnaychilar qishlog‘i: O‘qchidan reportaj
Jamiyat | 15:15 / 22.04.2025
Osiyo kubogi g‘oliblari tantanali kutib olindi - foto
Sport | 23:22 / 21.04.2025
Tramp Putinga muhlat berdi, Fransiya Falastinni tan olmoqchi - Geosiyosiy hafta tahlili
Jahon | 17:10 / 21.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda daraxt ekib, «Zamonlar sadosi» ko‘rgazmasi bilan tanishdi
O‘zbekiston | 18:14
-
Hindiston Kashmirda sayyohlarga uyushtirilgan hujumdan keyin pokistonliklar vizasini bekor qildi
Jahon | 18:09
-
Andijonda zilzila yuz berdi
O‘zbekiston | 17:40
-
Istanbuldagi zilzilada kuchli qo‘rquv tufayli O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
Jamiyat | 17:25
Mavzuga oid

22:35 / 08.04.2025
Toshkentdagi «Matbuot uyi» investorga berilgani rad etildi

21:36 / 01.04.2025
“Kvars” davlat ixtiyoriga qaytarilganiga izoh berildi

12:27 / 01.04.2025
2 yil oldin sotilgan “Kvars” AJ yana davlat nazoratiga qaytdi

15:17 / 22.07.2024