KXDR Janubiy Koreya bilan chegara yaqinida qo‘shinlar va qurol-yarog‘larni joylashtirdi
2018 yilgi Koreyalararo harbiy kelishuv to‘xtatilganidan so‘ng, Shimoliy Koreya qurolsizlantirilgan hududda vayron qilingan xavfsizlik postlarini qayta qurmoqda, deya bayonot berdi Seul.
Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy kelishuv qisman to‘xtatilganidan so‘ng, KXDR rasmiylari ikki davlat chegarasi yaqinidagi qurolsizlantirilgan hududga qo‘shinlar va og‘ir qurollarni joylashtirdi. Bu haqda 27 noyabr, dushanba kuni Janubiy Koreyaning «Ryonxap» agentligi mamlakat qurolli kuchlariga tayanib xabar berdi. Aftidan, Pxenyan 2018 yilda Koreyalararo harbiy kelishuv tuzilganidan keyin demontaj qilingan xavfsizlik postlarini tiklashga harakat qilmoqda, deya ta’kidladi Janubiy Koreya qurolli kuchlari vakillari.
Ularga ko‘ra, og‘ir qurollangan Shimoliy Koreya askarlari 24 noyabrdan buyon bir necha joylarda postlarni tiklamoqda. Shimoliy Koreya hozirda bir nechta qo‘riqlash postlarini qayta qurmoqda, biroq ularning barchasi qayta tiklanishi kutilmoqda, dedi jurnalistlarga Janubiy Koreya armiyasining yuqori martabali amaldori.
Janubiy Koreya KXDR harakatlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda
Seul kutilayotgan provokatsiyalar alomatlarini aniqlash maqsadida KXDR harakatlarini diqqat bilan kuzatishga va’da berdi. Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol ham Seul chegara yaqinidagi harakatlarni kuzatishi haqida ogohlantirdi.
Ayni vaqtda, Pxenyan sun’iy yo‘ldosh uchirilishi davom etishi va o‘zining suveren huquqlarini amalga oshirishi haqida e’lon qiladi, deb xabar berdi Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) Tashqi ishlar vazirligiga tayanib.
Seul 2018 yilgi Koreyalararo kelishuvni qisman to‘xtatdi
22 noyabr kuni Seul harbiy keskinlikni kamaytirish bo‘yicha 2018 yilgi Koreyalararo kelishuvning bir qismini to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. Bu qaror Shimoliy Koreya harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishi munosabati bilan qabul qilingan. Hukumat, shuningdek, chegarada razvedka va kuzatuvni tiklashga qaror qildi. «Shimoliy Koreya Koreya yarimorolidagi harbiy keskinlikni pasaytirish va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan 19 sentabrdagi harbiy kelishuvga amal qilish istagi yo‘qligini yaqqol ko‘rsatmoqda», — dedi bosh vazir Xan Dok Su. Shartnomaning 1-moddasi 3-bandi to‘xtatilishi Seulga ikki Koreyani ajratib turuvchi harbiy demarkatsiya chizig‘i hududida tezkor razvedka operatsiyalarini tiklash imkonini beradi.
Bir kun avval Shimoliy Koreya harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirish bo‘yicha uchinchi urinishni amalga oshirdi, KMTA ma’lumotlariga ko‘ra, u muvaffaqiyatli yakunlandi. Xabar qilinishicha, «Malligen-1» sun’iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli uchirilgan, KXDR yetakchisi Kim Chen In nima bo‘layotganini shaxsan kuzatib borgan. Mamlakat «tez orada» yana bir nechta shunga o‘xshash sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishni rejalashtirmoqda, deya ta’kidladi KMTA.
2018 yilda ikkala Koreya keskinlikni pasaytirish va tasodifiy to‘qnashuvlarning oldini olish bo‘yicha kelishuv doirasida qurolsizlantirilgan hududdagi 11 ta xavfsizlik postidan 10 tasini portlatib yuborgandi.
Mavzuga oid
19:12 / 15.11.2024
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
14:22 / 13.11.2024
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
11:22 / 12.11.2024
Shimoliy Koreyadan qochganlar RFdagi KXDR kuchlari orasida dezertirlikka erishmoqchi
10:41 / 12.11.2024