– Qizamiq ko‘paygani haqida xabarlar tarqalyapti, bu xabarlar qanchalik asosli?
– Qizamiq mavsumiy kasallik bo‘lib, ushbu kasallik asosan kuz-qish mavsumlarida ro‘yxatga olinadi. Bugungi kunda qo‘shni davlatlarda qizamiq kasalligi ko‘paymoqda va chetga borib kelayotgan qizamiqqa qarshi emlanmagan aholi, bolalar orasida qizamiq bilan kasallanish ro‘yxatga olinyapti.
– Qanday himoyalash mumkin?
– Qizamiqdan himoyalanishning yagona usuli – emlash. Milliy emlash kalendari asosida har bir ota-ona yashash manzilidagi poliklinikaga murojaat etib, farzandini 1 yoshda va 6 yoshda qizamiqqa qarshi emlatishi kerak. Kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilan shifokorga yoki tez yordamga murojaat etish lozim. Bemorni alohidalash zarur. Shifokor tavsiyasi asosida kerakli davolash olib boriladi.
– Qizamiq asosan qaysi yosh guruhlarida uchraydi, belgilari qanday namoyon bo‘ladi?
– Qizamiq har xil sabablarga (vaqtincha ko‘chib ketgan, tibbiy cheklov berilgan, emlashdan bosh tortgan) ko‘ra emlanmagan aholi va bolalarda uchraydi. Qizamiq havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi, kon’yunktivit, terida o‘ziga xos bosqichma-bosqich dog‘li toshmalar toshishi bilan kechadi.
– Gripp qanday kasallik va u qanday yo‘llar bilan yuqadi?
– Gripp bu – o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, zararlash va og‘ir intoksikatsiya bilan kechadi. Gripp asosan havo-tomchi mexanizmi bilan tarqaladigan kasallik. U sog‘lom kishilarga kasallik havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadi. Kasallik atrofdagi sog‘lom odamlarga asosan havo-tomchi yo‘li bilan bemor aksirganda, yo‘talganda, gaplashganda tez yuqadi. Havoda saqlanib turgan gripp virusi sog‘lom odamni tezroq xastalaydi.
– Joriy mavsum yurtimizda grippning tarqalish ko‘rsatkichi qanday?
– Ko‘pincha odamlar katta shaharlarda grippga duch kelishadi. Hozirgi vaqtda gripp bo‘yicha joriy epidemik vaziyat saqlanib qolmoqda. 2023 2024-yillardagi epidemiya mavsumida gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha mavsumga xos holat kuzatilmoqda.
– Kimlar xavf guruhiga kiradi?
– Gripp bilan kasallanish aholining har xil yoshlari orasida taqsimlanishiga kelsak, asosan yosh bolalar kasallanadi, faqat shuni aytib o‘tish kerakki, A virusining yangi turi keltirib chiqargan epidemiyada bolalar va katta yoshdagilar kasallanadi, ammo kasallanish darajasi farqi kamroq bo‘lishi mumkin.















