14:25 / 01.12.2023
12310

“Dok-1 Maks” dorisi bo‘yicha sud jarayoni 1 oyga to‘xtatildi

65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan ishga aloqador yangi shaxslar tergov organi tomonidan ayblandi. Ularni ayblanuvchi tariqasida jalb etish uchun jinoyat ishi tergov organiga qaytarildi hamda ishni ko‘rish 1 oylik muddatga to‘xtatildi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar sudida birinchi instansiyada ko‘rilayotgan “Dok-1 Maks” dori vositasiga oid jinoyat ishiga aloqador yangi shaxslar tergov organi tomonidan ayblangani va boshqa asoslarga ko‘ra, sud tomonidan 2023 yil 1 dekabr kuni tegishli ajrim chiqarildi.

Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, ajrim Jinoyat-protsessual kodeksining 416 (sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun asoslar aniqlanganda sudning harakatlari) va 417 (jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) moddalari tartibida chiqarilgan.

Unga ko‘ra, jinoyat ishiga tegishli ayrim hujjatlar ayblovni to‘ldirish va boshqa shaxslarni ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organiga yuborildi.

Shu tariqa jinoyat ishini ko‘rish 1 oylik muddatga to‘xtatildi.

Avvalroq sudlanuvchilardan biri – Farmatsevtika agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyevning advokati ish bo‘yicha sudga guvohlikka chaqirilgan uch kishi, jumladan agentlikda Kariyevning o‘rinbosari, u ketganidan keyin agentlik direktori lavozimida ishlagan Ulug‘bek Egamov ustidan jinoyat ishi ochishni so‘ragan edi.

O‘zbekistonda 2022 yil kuzidan boshlab “o‘lim siropi” – “Dok-1 Maks” dori vositasini iste’mol qilish oqibatida 65 nafar bola halok bo‘lgan edi. 11 avgust kuni mazkur dori bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha Toshkent shahar sudida ochiq sud jarayoni boshlandi.

Ish doirasida jami 21 kishi, jumladan, Farmatsevtika agentligi sobiq rahbari, “Quramax Medikal” MChJ direktori (Hindiston fuqarosi) va boshqalarga ayblov e’lon qilingan. Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Top