O‘zbekiston | 20:53 / 05.12.2023
43602
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Buzruk Buzrukov qo‘lga olindi

Toshkentda jinoyat sodir etganlikda gumonlanib Buzruk Buzrukov qo‘lga olindi. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, «Dolzarb qirq kunlik» doirasida o‘tkazilayotgan tergov-tezkor harakatlar davomida yana bir necha shaxslar jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlandi. 

Shular jumlasidan, 1985 yilda tug‘ilgan Buzrukov Buzruk Akmalovich qo‘lga olingan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

U Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismi bilan ayblanmoqda (Bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish).

«Hurmatli fuqarolar agar siz ushbu shaxsdan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71−206−45−69, 71−206−49−46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99−370−73−94 Telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», deyiladi IIBB xabarida.

«Buzruk» laqabli ushbu shaxsning instagramdagi sahifasida 130 mingdan ortiq o‘quvchi bo‘lib, u sahifasida hashamatli hayotidan lavhalarni joylab boradi.

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etayotgani ta’kidlanmoqda.

  • 2 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB poytaxtda huquq-tartibot idoralari tomonidan «ko‘cha bollari» va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandi. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgani qayd etilgan.
  • Ko‘p o‘tmay Toshkent shahrida «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. U atrofiga jismonan baquvvat shaxslarni to‘plab, qarzdorlik va boshqa muammolarni qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish bilan shug‘ullangan. 
  • Huquq-tartibot idoralari xodimlari, shuningdek, «Baxti Tashkenskiy» laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevni qo‘lga olgan. Bundan tashqari, o‘ta yirik miqdordagi tovlamachilikda gumon qilingan yana ikki shaxs qo‘lga olindi. Ularning barchasi 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mavzuga oid