— Qatar va Isroil garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarni yana davom ettiradi. Isroilning muzokaraga qaytayotganiga sabab nima? Yoki HAMAS qanday qilib Isroilni bunga majbur qildi?

Shavkat Ikromov: — Urush boshlangandan beri Isroil hukumati HAMASni butunlay yo‘q qilish haqida gapiradi. Lekin urush boshlangandan beri taxminan 30 ming deyiladigan HAMAS askarlarining 5 mingtasi yo‘q qilingan, biroq bu ham tasdiqlangan ma’lumot emas. 18 ming tinch aholi o‘ldirildi, 50 mingdan ortiq g‘azolik yarador bo‘ldi. Ammo HAMASni yo‘q qilish bo‘yicha aniq natijalar bo‘lgani yo‘q.

Oxirgi voqealardan biri – isroillik asirlarning Isroil askarlari tomonidan adashib o‘ldirilishi mavjud noroziliklarni yanada ko‘paytirib yubordi. Bundan tashqari, xalqaro bosim ham kuchaygan. AQSh hukumati tezroq urushni tugatish to‘g‘risida jiddiy ogohlantirgan. Germaniya va Britaniya o‘q otishni to‘xtatishni so‘rayapti. Umuman, ichki va tashqi bosimlar sababli muzokaraga rozilik bildirilyapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Insoniyat tarixidagi eng qadimiy urush usuli – partizanlik urushi. Bosib olingan hududdagilar katta kuchga ega bo‘lmasa, bunday paytda partizanlik urushi boshlanadi. Xuddi shunday urushlar Iroq va Afg‘onistonda bo‘ldi. Partizanlik urushida SSSR Afg‘onistonda, AQSh Viyetnamda, Iroqda yutqazdi. Ya’ni armiya qanchalik qudratli bo‘lmasin, partizanlik urushi cho‘zilib ketadigan va yutqaziladigan urush.

Isroil rostdan harbiy jihatdan qudratli. Ammo G‘azoda taxminlarga ko‘ra, 500 kilometrlik tunnellar qazilgan. Qolaversa, bu tunnellar juda sifatli, ayrim joylarida hatto mototsiklda harakatlanish mumkinligi aytiladi. HAMAS bu urushga yaxshi tayyorlangan.

Isroil uchun yana bir muammoli taraf shundaki, 2,5 millionlik g‘azoliklarda HAMAS loyihasidan o‘zga istiqbol mavjud emas. Xalqaro doirada HAMASni qanchalik terroristik tashkilot deyishmasin, g‘azoliklar uni qo‘llaydi. Taxminan 30 ming HAMAS askari bo‘lsa, ularda qurbon bo‘lganlar o‘rnini to‘ldiruvchi insoniy resurs mavjud. Isroil qanday strategiya bilan partizanlik urushiga javob berishni bilmaydi. Isroil HAMAS oxirgi 10 yilda tayyorlagan qopqonga tushgisi kelmaydi, ammo tushib bo‘ldi. HAMASni tashkilot sifatida yo‘q qilish juda qiyin, mafkura sifatida esa ilojsiz. Chunki Falastin xalqi uchun erkinlik loyihasini boshqa hech kim taqdim etmayapti.