«Idish-tovoq do‘konidagi fil kabi»

Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vaziri Ben Uolles Isroilning taktikasi mojaroni yana 50 yilga cho‘zib yuborishini aytib tanqid qildi. Uning fikricha, Isroilning hozirgi olib borayotgan urushi sabab musulmon olamidagi yoshlar radikallashuvi holatlari ko‘payib, mojaro keyinchalik yana qaytalanishi mumkin.

«HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lmaydi, toki ularning o‘zi buni xohlamagunga qadar. HAMASni yo‘q qilish – qonuniy maqsad, lekin G‘azodagi to‘g‘ri kelgan yerni vayron qilish emas», degan sobiq vazir.

Vazir Isroil hukumati o‘zini noto‘g‘ri tutayotgani, bunday harakat qilish yaramasligini aytgan: «Men, shubhasiz, HAMASni qoralayman, bu antisemistik, nodemokratik tashkilot bo‘lib u Isroil bilan tinchlik bitimiga intilmaydi. Lekin hozirgi isroillik siyosatchilar o‘zini idish-tovoq do‘koniga tushib qolgan fildek tutmoqda», degan Britaniya parlamenti deputati.

Pentagon rahbari Isroilga boradi

Bayden Isroilni tanqil qilganidan ko‘p o‘tmay uning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Isroilga kelgandi. Endi Pentagon rahbari Lloyd Ostin ham Isroilga kelmoqda. Uning tashrifi G‘azodagi tinch aholi o‘rtasida o‘lim holatlari ko‘paygani, oqibatda Isroilga tashqi bosim kuchaygani fonida yuz bermoqda.

Associated Press manbalariga ko‘ra, Ostin Isroilni G‘azodagi to‘laqonli operatsiyani to‘xtatib, HAMASga qarshi operatsiyalarga o‘tishga ko‘ndirish uchun bormoqda.

Asirlar o‘ldirilishi bosimni oshirdi

Isroillik harbiy xatolik tufayli asirlarni o‘ldirib qo‘ygan binodan topilgan matoda ivrit tilida «Yordam bering, uch nafar asir» yozuvi bitilgan. Foto: Israel Defense Forces / Reuters / Scanpix / LETA

Isroil harbiylari G‘azoda uch nafar isroillik asirni o‘ldirib qo‘ygani shundoq ham xalqaro bosim ostida qolayotgan mamlakat rahbariyatiga endilikda ichki bosimni ham kuchaytirdi.

TsAHAL G‘azoda uch nafar isroillik aynan isroillik harbiy tomonidan otib o‘ldirilganini tasdiqladi. Vaholanki ular kiyimlarini yog‘ochga o‘rab yordam so‘rab chiqishgan. Shunga qaramay, harbiy ularni HAMAS vakillari deb o‘ylab otib tashlagan. Asirlardan biri jarohatlangach ivritchada yordam ham so‘ragan, lekin shundan keyin ham harbiy uni otib o‘ldirgan.