Jahon | 09:24 / 20.12.2023
11817
7 daqiqa o‘qiladi

Qizil dengizdagi notinchlik G‘arbga o‘z ta’sirini oshirish imkonini beradimi?

Qizil dengizda kemalarga hujumlar tez-tez bo‘lib turadi. Bu – dunyo davlatlarining bu koridor yagona bitta davlatning ta’siri ostida qolishining oldini olishga intilishlari bilan bog‘liq. Shu kunlarda AQShning G‘arbdagi ittifoqchilari bilan koalitsiya tuzayotgani Qizil dengizning shu mintaqadagi davlatlar ta’siriga tushib qolishi fonida ro‘y bermoqda, deydi olim Farhod Karimov.

18 dekabr kuni AQSh mudofaa vaziri Qizil dengizda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida koalitsiya tuzilganini e’lon qildi. Bu harakat Yamandagi husiychilarning savdo kemalariga hujumi bilan izohlanmoqda.

Kun.uz Qizil dengiz atrofidagi geosiyosiy jarayonlarni sharhlab berish uchun “Geosiyosat” dasturiga Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovni taklif qildi.

— Qizil dengiz atrofida qanday geosiyosiy jarayonlar ketyapti?

— Qizil dengiz Yaqin Sharq mintaqasidagi navbatdagi qizg‘in siyosiy jarayonlar bo‘layotgan nuqtaga aylanyapti. Ammo bu yerdagi jarayonlar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, shunchaki G‘azodagi vaziyatdan so‘ng faollashdi. Qizil dengiz yo‘li azaldan Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi savdo yo‘li bo‘lgan. Shuning uchun ham bu hududga egalik qilish uchun katta davlatlar harakat qilgan. Italiya, Britaniya, Fransiya, Ispaniya kabi davlatlar Suvaysh kanalini qazishda ham shuni maqsad qilishgan edi.

Bu yo‘l asosan Yevropa davlatlarining nazoratida bo‘lgan. Lekin keyinchalik bu mintaqada bir qancha mustaqil davlatlar paydo bo‘lgach, yangi kuchlar ham paydo bo‘ldi. Bugungi kunda Saudiya, Misr, Turkiya va Fors ko‘rfazi arab davlatlari mana shu hududni nazorat qilishga intiladi. Tranzit orqali anchagina foyda ko‘rish ham boshlandi.

21-asrda ishlab chiqarish, sanoat o‘sishi G‘arbdan Sharqqa o‘tishi natijasida, bu yo‘lning ahamiyati yanada oshib ketdi. Xitoy mahsulotlarining G‘arbga borishdagi asosiy yo‘li ham Qizil dengizdan o‘tadi. Birgina Suvaysh kanalining o‘zidan Misr 6,5–7 mlrd dollar foyda qiladi. Mintaqadagi harbiy bazalarning ham asosiy maqsadlaridan biri – savdo yo‘llarini qo‘riqlash.

— Hozirda Qizil dengizda bo‘layotgan voqealar G‘azodagi urush fonida Yaman husiychilarining kemalarni garovga olishi bilan bog‘liq bo‘lyapti. Shu borada ham to‘xtalsangiz.

— G‘azodagi vaziyat ham ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin husiychilar va Somalidagi qaroqchilar bu yerdagi kemalarga avvaldan tahdid qilib keladi. Bu harakatlar esa tashqaridan moliyalashtirilgan, ya’ni o‘ziga xos biznesga aylangan. Husiychilar zamonaviy dronlar bilan, o‘rta masofaga uchuvchi raketalar bilan hujum qildi. Demak, kimdir bu yerda husiychilar orqali Qizil dengizdagi xavfsizlik uchun o‘z himoyasini taklif etmoqchi.

— Koalitsiya tuzgan davlatlar ichida Bahrayn ham bor. Husiychilar bizning raketalar Bahraynga ham boroladi, dedi. Rostdan shunday bo‘lishi mumkinmi?

— Husiychilar oldinroq Isroilga hujum qilolamiz, degan bayonotlar ham bergandi. Lekin amalda hech narsa ko‘rmadik. Vaholanki, bu yerda husiychilarning eng katta dushmani va Fors ko‘rfazida yetakchi bo‘lgan Saudiya bor, undan o‘tib Bahraynga ta’sir o‘tkazishi juda qiyin. Bu bayonot aynan Bahraynga hujumni nazarda tutib emas, shunchaki o‘zlarida shunday qurollar borligini aytish uchun berilgan.

— AQSh koalitsiyasining keyingi istiqboli qanday?

— Koalitsiya kirib kelishi aslida savdo yo‘lining mintaqaviy davlatlar ta’siriga tushib qolish fonida bo‘ldi. Masalan, Saudiya bu hududni nazoratga olishni 7-8 yil oldin boshlagandi. Butun Qizil dengizni ta’sir doirasiga olib, tranzitdan foyda olmoqchi edi, shuning uchun ham koalitsiyaga qo‘shilmadi. Koalitsiya davlatlari bu ma’noda Saudiya bilan raqobatlashadi, bunga Turkiya ham qo‘shiladi. Turkiyaning Somalida harbiy baza qurishida ham katta gap bor, bu baza o‘z kemalari nazorati uchun qurilgandi. Boshqa kemalarni qo‘riqlash bilan foyda ham keltirayotgandi. Bunday daromadga tashqaridan boshqalar kelib egalik qilishi Turkiya, Saudiya kabi mintaqa davlatlariga yoqmaydi.

— Qizil dengiz sohilida Xitoyning ijaraga olingan porti va Xitoy harbiylari ham bor. Vaziyatga Pekinning fokusi bilan qarasak.

— Xitoy uchun juda ahamiyatli bu. Xitoy mahsulotlarining eng katta xaridorlaridan biri – Yevropa. Xitoydan Yevropagacha borishdagi har qanday to‘siq esa mahsulot tannarxini oshiradi. Oddiy misol, kechagi ishlardan keyin sug‘urta kompaniyalari bu yerda narxlarni 4 barobar oshirdi, harbiy xizmat ko‘rsatuvchilar ham shunday qildi. Bu, albatta, narxga ta’sir qiladi va Xitoy mahsulotlarining raqobatbardoshligini tushiradi. Shuning uchun Xitoy o‘z mahsulotlarini o‘zi qo‘riqlashni istaydi.

— Bu holat husiychilarning roliga qanday ta’sir qiladi?

— Ozroq keskinlashuv yuzaga keladi. G‘azodagi vaziyatga pozitsiya bildirish uchun ham husiychilarni qo‘llash kuchayadi va bundan ular foydalanishga urinadi.

Husiylar tahdidi yirik davlatlar uchun xavf emas aslida, qaytaga bu yerda ularning harbiy himoya qilish xizmatiga ehtiyoj ortadi. Ya’ni sababga yo‘l ochadi. Umuman, bu yerda kichik-kichik to‘qnashuvlar, voqeliklar bo‘lib turadi. Va koalitsiya davlatlari bu yo‘l bitta davlat ta’siriga tushmasligi uchun harakat qiladi.

— Husiylar hujumidan so‘ng Isroilga yuk yetkazish quruqlikdan Saudiya, Iordaniya, BAA tomonidan amalga oshirildi, degan xabarlar chiqdi.

— Bu marshrut G‘azo muammosidan oldin boshlangan loyiha edi, ammo realizatsiyaga yetib kelinmagan. G‘azodagi vaziyat bu loyihani to‘xtatib qo‘ydi. Musulmon dunyosida Fors ko‘rfazi arab davlatlari va Saudiya obro‘siga putur yetmasligi uchun bu loyihalar to‘xtatilib turibdi.

Siz aytayotgan yo‘l avvaldan Qizil dengiz yo‘liga alternativ sifatida mavjud edi, Xitoy tovarlari ham tashilishi rejalashtirilgandi. To‘liq ishga tushganicha yo‘q hali. Bu harbiy yordam uchun qilingan yo‘l emas, yuk tashish maqsadida ishlab chiqilgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid