Noyabr oyida husiychilar Qizil dengizda Isroilga tegishli yuk kemasini egallab olgandi. So‘nggi ikki oy mobaynida ular raketa va dronlar yordamida boshqa bir qancha tijoriy kemalarga ham hujumlar uyushtirdi.

Husiychilar Isroil obektlariga qanday hujum qilmoqda?

19 oktyabr kuni, Isroilning G‘azoda javob amaliyoti boshlanganidan ko‘p o‘tmay, isyonchilar Isroil tomonga bir qancha raketalar va uchuvchisiz uchish qurilmalari yubordi.

AQSh o‘z harbiy kemalari Qizil dengiz ustida bu obektlarning ayrimlarini to‘xtatgani haqida ma’lum qilgan. Qolgan qismi Qizil dengizga yoki Misr hududiga qulagan.

2023 yil noyabrida husiychilar Qizil dengizda isroilliklar yuk kemasini egallagani va uni Yaman sohillariga olib ketishgani haqida xabar berdi.

Isroil o‘shanda kema ularniki emasligi va ekipaj safida birorta isroillik yo‘qligini ma’lum qilgan, ammo tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, kemaga Isroil fuqarosi egalik qilishi mumkin.

3 dekabrdan boshlab husiychilar Qizil dengizda Yamanning o‘z nazoratidagi qismidan uchirilgan dronlar va ballistik raketalar orqali bir qancha tijorat kemalariga hujumlar uyushtirdi.

Amerika, Britaniya va Fransiya harbiy kemalari ularning katta qismini to‘xtatgan, ammo baribir bir necha kema shikastlangan.

Dunyodagi eng yirik kemachilik kompaniyasi bo‘lmish Mediterranean Shipping Company o‘z kemalarini Qizil dengizni aylanib o‘tishga yo‘naltirgani haqida malum qilgan. Fransiyaning CMA CGM, Daniyaning Maersk, Germaniyaning Hapag-Lloyd kompaniyalari hamda BP neft kompaniyasi ham shunday qarorga kelgan.

AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarini boshqaruvchi Centcom harbiy idorasi shunday bayonot bergan: «Bu hujumlar Yamandagi husiychilar tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham, ular to‘lig‘icha Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda».

AQSh savdo kemalarini husiychilarning kelgusidagi hujumlaridan muhofaza qilish uchun harbiy-dengiz operativ guruhini tashkil etishni taklif qilgan. Qo‘shma Shtatlar husiychilarni terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.