Jahon | 07:35
1829
2 daqiqa o‘qiladi

Raketa o‘rniga nur: Isroil dunyodagi birinchi jangovar lazerni joylashtirish arafasida

Isroil yil oxirigacha yuqori quvvatli birinchi harbiy lazerga asoslangan havo hujumidan mudofaa tizimini joylashtirishni rejalashtirmoqda. Mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lumoticha, bu qadam dronlar, raketalar va boshqa havodagi tahdidlarga qarshi kurash usullarini keskin o‘zgartirishi mumkin.

Foto: Iron Beam / © Rafael

Iron Beam («Temir nur») deb nomlangan ushbu tizim sentabr oyida ekspluatatsiya sinovlarini yakunladi va dunyodagi birinchi jangga tayyor lazerli tutib olish tizimiga aylanadi.

Quvvati 100 kilovattga teng bo‘lgan lazerli qurilma nishonlarni soniyalar ichida yo‘q qilishga qodir va shu bilan birga an’anaviy raketa tutib oluvchilarga nisbatan bir necha barobar arzon tushadi.

Bir necha hafta davom etgan sinovlar chog‘ida Iron Beam raketalarni, dronlarni va boshqa havo nishonini muvaffaqiyatli tutib oldi va yo‘q qildi. Mudofaa idorasi vakillarining ta’kidlashicha, lazer jang sharoitiga iloji boricha yaqinlashtirilgan vaziyatlarda «aniq va ishonchli» ishlashni namoyish etgan.

Iron Beam Isroilning ko‘p qismli HHM tizimida beshinchi bosqichga aylanadi. Unga allaqachon «Temir gumbaz», «Kela David», shuningdek Arrow-2 va Arrow-3 majmualari kiradi.

Mavjud tizimlar raketalar va ballistik nishonni tutib olishda 90–95 foiz samaradorlikka ega bo‘lsa-da, dronlar va pastdan uchuvchi uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi ancha qiynaladi — ayrim hollarda samaradorlik taxminan 50 foiz atrofida, deya qayd etadi isroillik rasmiylar.

Yangi lazer aynan kichik va sekin, yerga yaqin balandlikda uchadigan nishonlarni yo‘q qilish uchun maxsus ishlab chiqilgan — aynan shular bilan radarli tutib olish tizimlari ko‘pincha qiyinchilikka duch keladi.

Mavzuga oid