Yaxshi kayfiyatdagi Putin, Isroil taklifini rad etgan HAMAS va universitetdagi otishma – hafta dayjesti
Ortda qolayotgan haftada o‘zbekistonliklar ancha hushyor tortib, katta davlatlar boshqalarga tahdid qiladigan dunyo qanchalik xaos holatida ekanini yaxshiroq his qilgan bo‘lsa ajab emas. Axir Kremlning katta g‘oyaviy targ‘ibotchilaridan biri O‘zbekiston mustaqilligiga ochiqchasiga tahdid qildi.
Rossiyalik siyosatchi O‘zbekistonga va SSSRning boshqa sobiq hududlariga faqat so‘z bilan tahdid qilgan bo‘lsa, Ukraina va G‘azoda tinch aholi vakillari o‘z uylarida dushman raketasidan o‘lishda davom etyapti. Quyida ortda qolayotgan haftaning ba’zi muhim voqealarini eslaymiz.
«Idish do‘konidagi fil kabi...»
Isroil G‘azoda HAMASni yo‘q qilish iddosi bilan ikki oydan buyon quruqliq amaliyoti o‘tkazmoqda. 2 milliondan ortiq odam yashaydigan bo‘lg‘ada butun bino topish amrimahol. Yetmaganiga yerosti tunnellari ham suvga bo‘ktirilmoqda. Isroilning asosiy ittifoqchisi AQSh prezidenti Jo Bayden ham mamlakat G‘azoda palapartish bombalashni amalga oshirayotgani uchun xalqaro qo‘llovni yo‘qotayotganini aytdi.
G‘arbda borgan sari Isroilning obro‘si tushib, mamlakat manziliga tanqidiy chiqishlar ko‘paymoqda. Britaniya sobiq mudofaa vaziri Ben Uolles Isroilning hozirgi harakatlarini juda o‘rinli o‘xshatish bilan tanqid qildi: «Men shubhasiz, HAMASni qoralayman, bu antisemistik, nodemokratik tashkilot bo‘lib, u Isroil bilan tinchlik bitimiga intilmaydi. Lekin hozirgi isroillik siyosatchilar o‘zini idish-tovoq do‘koniga tushib qolgan fildek tutmoqda», degan Britaniya parlamenti deputati.
HAMAS kelishuvni rad etdi
Isroil G‘azoga bosqinni davom ettirmoqda. Ushbu haftada tomonlar navbatdagi asirlarni ozod qilish bitimi bo‘yicha kelisha olmadi. Wall Street Journal nashrining misrlik mulozimlarga tayanib yozishicha, Isroil HAMASga 7 oktyabrda qo‘lga olingan 40 nafar asirni qo‘yib yuborish evaziga bir hafta o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar yordam yuklarini o‘tkazishni taklif qilgan.
Isroil tomoni ozod qilinishini so‘ragan 40 kishi asirlikda qolgan barcha ayollar va bolalar, shuningdek, tibbiy yordamga muhtoj yoshi katta erkaklar bo‘lgan. HAMAS bu taklifni rad etgan.
Wall Street Journalʼga ko‘ra asirlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda ilk marta «Islom jihodi» guruhi ham qatnashgan. G‘azodagi ikkinchi yirik harakat Isroil muzokaralarni boshlashdan avval o‘t ochishni to‘xtatishi kerakligini so‘ragan. Bundan tashqari, asirlikda qolgan 100 dan ortiq isroillik ozod qilinishi evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan minglab harakat a’zolarini qo‘yib yuborishni talab qilgan. HAMAS esa qisqa muddatli o‘t ochish rejimini to‘xtatish emas, to‘laqonli otashkesim istashini ma’lum qilgan.
Superliga da’vosi jonlandi
Yaqindagina futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, rasmiy nomi Superliga deb ataluvchi musobaqa yakunlandi. Bizning klublar bir necha yildan buyon Superligada o‘ynab keladi, ammo Yevropa grandlariga hali-beri Superligada o‘ynash nasib qiladiganga o‘xshamayapti.
Gap shundaki, koronavirus vaqtida iqtisodiy jihatdan jiddiy inqirozga kirib qolgan Yevropa futboli grandlari «Real» Madrid klubi prezidenti Florentino Peres boshchiligida Superliga nomli yangi musobaqa tashkil etish loyihasini ishlab chiqishdi. Ular Chempionlar Ligasini odamlar bizdek gigantlar uchun tomosha qiladi, nega endi biz o‘yini ko‘pchilikka qiziq bo‘lmagan nouneymlar bilan bir xil gonorar olishimiz kerak, deb norozi bo‘lishdi.
Ya’ni tashkilotchilar oraga UYeFA yoki FIFAni qo‘shmay yangi musobaqadan tushadigan pulni bo‘lib olishni ko‘zlashgandi. Keyinchalik UYeFA Yevropa klublariga bosim o‘tkazib, bu musobaqada qatnashish fikridan qaytarishga chaqirdi. Ushbu haftada Yevropa sudi UYeFA va FIFAning qit’a klublariga xo‘jayinchilik qilishga haqqi yo‘qligi haqida hukm chiqardi. Ya’ni endi Superliga tashkil qilish uchun huquqiy to‘siq qolmadi.
Ammo boshqa muammo bor. Yevropaning aksar klublari UYeFA musobaqalaridagi ishtirokidan ko‘ngli to‘qligi, tashkilotni qo‘llashini aytib chiqdi. Masalan, Angliyada Superligada qatnashmoqchi bo‘lgan jamoalardan 30 ochko olib tashlanib, katta jarima belgilanishi haqida xabarlar chiqdi. Xullas, Yevropada hali-beri Superliga degan musobaqa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.
«Muammo yo‘q edi, endi bo‘ladi»
Rossiya prezidenti Putinning oxirgi vaqtlarda dimog‘i chog‘. U o‘tgan haftada rossiyaliklar bilan 4 soat muloqot qilib, o‘zini g‘oliblardek tutdi va Dpinro bo‘yidagi platsdarmda ko‘proq ukrainalik o‘lishiga qo‘yib berganini faxr bilan gapirib berdi. Keyin esa NATOga kirgan yana bir qo‘shnisi Finlandiya manziliga tahdidomuz chiqish qildi. Putinga ko‘ra Rossiyaning shu vaqtgacha Finlandiya bilan muammosi bo‘lmagan, lekin endi bo‘ladi.
«Bizda Finlandiya bilan barcha bahslar, jumladan, hududiy munozaralar XX asr o‘rtalaridayoq hal etilgan, hech qanday muammo yo‘q edi. Endi bo‘ladi. Chunki biz Leningrad harbiy okrugini tashkil etamiz va u yerga ma’lum miqdordagi harbiy bo‘linmalarni to‘playmiz. Bu ularga nega kerak edi hayronman, shunchaki bema’nilik», degan Putin bahorda NATOga qo‘shilgan Finlandiya haqida.
Zelenskiy: «Biz yengilmayapmiz»
Hafta davomida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yil yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida qatnashdi. 200 dan ortiq mahalliy va xorijiy jurnalistlar ishtirok etgan anjumanda Zelenskiy frontdagi holat, Zalujniy bilan munosabati, AQSh Ukrainaga yordam berishda davom etishi haqida gapirdi. Jurnalistning «Ukraina urushni yutqaza boshladimi?» degan savoliga esa keskin ohangda «Yo‘q» deb javob berdi.
Ukraina prezidentidan mamlakat armiyasi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bilan munosabati haqida ham so‘rashdi. Oxirgi vaqtlarda ular o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida tobora ko‘proq yozishmoqda.
Zelenskiy Zalujniy bilan ishchi munosabatda ekani, bu mavzuni titkilashdan ma’ni yo‘qligini aytdi. «U ham boshqa komandirlar kabi frontdagi vaziyat uchun javob beradi. Bosh qo‘mondon bo‘lish sharaf, prezident bo‘lish esa buyuk sharaf», dedi Zelenskiy.
«Messi bilan yashirilgan» geroin
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Moskvada Lotin Amerikasidan keltirilgan 673 kg geroin moddasini sotishga uringan jinoiy guruhni qo‘lga oldi.
Xabarda aytilishicha, jinoiy guruh bu katta miqdordagi narkotik moddasini Moskva orqali Yevropa Ittifoqiga yuborishni maqsad qilgan. Qizig‘i, geroin argentinalik futbolchi Lionel Messining surati tushirilgan qutilarga solingan bo‘lgan. Jinoiy guruh a’zolarini sud va katta ehtimol bir umrlik qamoq jazosi kutmoqda.
Bayden kortejiga «hujum»
Hafta boshida AQSh prezidenti Jo Baydenning kortejiga mashina kelib urilgani shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Axir dunyodagi eng kattiq qo‘riqlanadigan davlat rahbari kortejiga har kuni ham mashina urilavermaydi. Har qanday prezident ketayotgan kortejga mashina urilishi tahlika bilan qabul qilinadi.
Gap shundaki, Bayden Vashingtondagi saylov kampaniyasi shtabidan chiqayotganda uni kutib turgan qo‘riqchilari bo‘lgan mashinalardan biriga boshqa mashina kelib urildi. Bayden bir muddat tahlikaga tushdi va qo‘riqchilar uni tezda mashinaga o‘tqizib, voqea joyidan olib ketishdi. Bayden o‘tirgan mashinada xotini ham bo‘lgan.
Kortejga urilgan mashinani tezda maxsus xizmatning qurollangan zobitlari o‘rab oldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu shunchaki baxtsiz hodisa bo‘lgan. U sodir bo‘lgan vaqtda yomg‘ir yog‘ayotgandi.
Tramp va sud «seriali» davom etadi
AQShning Kolorado shtati Oliy sudi sobiq prezident Donald Trampga kelasi yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni taqiqladi. 2024 yil 4 yanvarda kuchga kiradigan hukm kelasi yil 5 martdagi respublikachilar o‘rtasidagi birlamchi saylovlarga taalluqli. Hukmga AQSh konstitutsiyasida isyonchilar saylovda qatnashishi taqiqlanishi belgilangani asos qilib olingan.
Ammo bu hukm ham Trampning saylovda ishtirok etishiga katta ehtimol to‘siq bo‘la olmaydi. Sobiq prezident ish yuzasidan AQSh Oliy sudiga murojaat qilmoqchi. U yerda esa konservatorlar ustunlikka ega va Trampni qo‘llashlari ehtimoli yuqori. Qaytanga Tramp Kolorado sudi hukmidan ham siyosiy piar yo‘lida foydalanmoqda.
Ma’lumot uchun, Trampga qarshi yana to‘rtta jinoiy ish ochilgan bo‘lib, ularning barchasi 2024 yilda ko‘rib chiqiladi. Kelasi yil noyabr oyida AQSh prezidentligi saylovlari o‘tkaziladi.
WSJ: Prigojinga suiqasdni Patrushev tashkillashtirgan
Wall Street Journal nashrining yozishicha, o‘tgan yil avgust oyida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin samolyoti Rossiya Xavfsizlik kengashi bosh kotibi Nikolay Patrushev tashkillashtirgan operatsiya doirasida portlatib yuborilgan.
Gezata G‘arbdagi razvedka tashkilotlariga tayanib yozishicha, Patrushev Prigojin xavfli bo‘lib borayotgani haqida Putinni 2022 yil bahoridayoq ogohlantirgan, lekin Rossiya prezidenti sobiq oshpaziga ishonishda davom etgan. 2022 yil oktyabr oyiga borib Putinning Prigojinga nisbatan munosabati o‘zgargan.
Gazetaning yozishicha, o‘shanda «Vagner» asoschisi Putinga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘pol ohangda o‘q-dori yetishmayotgani haqida gapirgan. Bu vaqtda Patrushev ham Putinning yonida bo‘lgan.
O‘tgan yil iyun oyida Prigojin isyon boshlagach, Patrushev bu oshpazni o‘ldirish uchun qulay fursat degan qarorga kelgan. Keyin Prigojinni yo‘q qilish rejasini Putinga ko‘rsatgan, prezident qarshilik qilmagan.
23 avgust kuni «Vagner» rahbari Shermetova aeroportida samolyotga chiqishni kutayotgan vaqtda uning samolyoti qanoti ostiga kichik bomba qo‘yiladi. Parvozdan 30 daqiqa o‘tib, bomba portlab, uchoq 8500 metr balandlikdan pastga qulaydi. Kreml Prigojinning o‘limiga aloqador ekanini rad etib keladi.
Chexiyada otishma
21 dekabr kuni Chexiya poytaxti Pragada dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Karl universitetining 24 yoshli talabasi David Kozak oliygoh falsafa fakulteti binosiga o‘t ochib 15 kishini o‘ldirdi. Yana 25 kishi yaralandi. Qotil oxirida o‘zini ham otib o‘ldirgan.
Politsiya qotil xalqaro terrorchilik tashkilotlariga aloqador emasligi va yolg‘iz harakat qilganini ma’lum qilgan. Jinoyat motivi aniq emas. Kozakning o‘z vaqtida mamlakat xavfsizlik xizmatida ishlagan otasi ham biroz avval o‘lik holatda topilgan. Qotil otasini ham o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi.
Kozak oliygoh binosi ichiga kirib koridorlarda talabalarni o‘qqa tutgan. Ba’zilar mebel yordamida sinfxonalarni to‘sishga harakat qilgan, boshqalar baland qavatlardan bo‘lsa ham yerga sakragan. Qotil politsiya yakinlashayotganda o‘z joniga qasd qilgan.
15 dekabr kuni Pragadagi xiyobonda 32 yoshli erkak va uning ikki oylik bolasini o‘ldirib ketishgandi. Politsiya ushbu qotillikni ham Kozak uyushtirgani bo‘yicha surishtiruv olib bormoqda.
Bu Yevropaning tinch davlatlaridan biri hisoblangan Chexiya tarixidagi eng yirik ommaviy qotillik bo‘ldi. Qotil bungacha aslo organ xodimlari e’tiborini tortmagan, universitetda ham yaxshi o‘qigan. Politsiya tintuv davomida uning uyidan ko‘p miqdordagi qurollarni topgan. Chexiyada motam kuni e’lon qilindi va ko‘plab ommaviy tadbirlar bekor qilindi.
Hafta onasi: AQShda «ming yilda uchraydigan» tug‘uruq
Amerikalik ayol Kelsi Xetcher 19 va 20 dekabr kunlari ketma-ket ikki qizaloqni dunyoga keltirdi. Qizig‘i, bolalar onasi organizmidagi ikkita alohida bachadondan dunyoga kelgan.
Kelsi Xetcher 17 yoshidayoq unda ikkita bachadon borligini bilgan va shifokorlar qizni homiladorlik davri qiyin o‘tishidan ogohlantirgan. Ammo ayol 2016 yildan 2021 yilgacha muammosiz uchta homiladorlikni boshdan kechirib, hech qanday operatsiyasiz uch sog‘lom farzandni dunyoga keltirgan.
To‘rtinchi homiladorlik davri esa noodatiy kechadi, shifokorlar ultratovush tekshiruvidan («UZI») keyin ayolning ikki bolasi ikki bachadonda rivojlanayotganini aniqlaydi. Butun homiladorlik davri davomida ayolni Alabama universiteti shifokorlari nazorat qilib turadi. Ular tug‘uruq ertaroq amalga oshishini taxmin qilishadi, ammo ayol homila 39 haftalik bo‘lganda qizlarni dunyoga keltiradi. Birinchi bola o‘zi tug‘iladi, ikkinchisini kesarcha usuli bilan tug‘dirib olishadi.
Shifokorlar uchun ikki bola onasi qornidagi ikki bachadonda dunyoga kelishi shu qadar kamyob hodisaki, bu bo‘yicha hatto statistika ham mavjud emas. Shartli ravishda bunday holat har million homilada bir marta kuzatiladi deb aytiladi, ammo hozirgacha bunday tasdiqlangan holat aniqlanmagan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev
Tavsiya etamiz
"Husanov tezroq ingliz tilini o‘rganishiga umid qilaman. Uning jismoniy ko‘rsatkichlari ajoyib" – Gvardiola Abduqodir Husanov haqida
Sport | 23:12 / 22.01.2025
Katanets ketdi. U O‘zbekistonni JChga yaqinlashtirgandi
Sport | 21:24 / 22.01.2025
“Oxirgi so‘zni Oliy sud aytadi” - tahlilchilar Trampning antimigratsiya choralari haqida
Jahon | 16:10 / 22.01.2025
Bayden oila a’zolari va Kapitoliyga hujum tergovchilarini oldindan afv etdi. Bu nima uchun kerak?
Jahon | 15:46 / 22.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
BMT bosh kotibi 2025 yildagi asosiy tahdidlarni sanadi
Jahon | 21:11 / 22.01.2025
-
FT: Kiyev G‘arbdagi ittifoqchilari Ukrainaga 50 ming harbiy yuborishiga umid qilmoqda
Jahon | 17:28
-
Qozog‘iston o‘rtacha maosh miqdori bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi deb topildi
Jahon | 17:16
-
Yangi uy-joy xaridida keshbek tizimi joriy qilinishi mumkin
O‘zbekiston | 17:13
Mavzuga oid
22:01 / 30.12.2023
Ukraina frontida faollashuv va turklar roziligini olgan shvedlar – hafta dayjesti
22:24 / 16.12.2023
Yoyilib gapirgan Putin, g‘oyib bo‘lgan Navalniy, Isroilga muhlat bergan Bayden – hafta dayjesti
14:56 / 20.11.2022
2022 yilning eng yaxshi ixtirolari va 10 ta eng qulay arzon smartfonlar - hafta texnodayjesti
21:45 / 07.08.2022