Jahon | 22:01 / 30.12.2023
13810
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina frontida faollashuv va turklar roziligini olgan shvedlar – hafta dayjesti

2023 yilning oxirgi haftasi yakunlanmoqda. Ortda qolgan hafta ham asosan urushlar, istilolar va mojarolar bilan yodda qoldi. Quyida ortda qolayotgan haftaning ba’zi muhim voqealarini eslaymiz.

Navalniyning daragi chiqdi

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniydan ancha vaqt darak bo‘lmagan, advokatlari uni oxirgi yillarda saqlanayotgan Vladimir oblastidagi qamoqxonadan topolmayotgandi.

Foto: Meduza

19 kun o‘tib siyosatchining Sibirdagi boshqa qamoqxonadan daragi chiqdi. Siyosatchining matbuot kotibi Kira Yarmishga ko‘ra, uni Yamal-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan qamoqxonaga olib ketishgan.

Advokat Navalniy bilan ko‘rishgan va ahvoli yaxshi ekanini aytgan. Navalniy jamoasi yetakchilaridan bo‘lgan Ivan Jdanov bu qamoqxonada sharoit og‘irligi, juda sovuq maxsus rejimli qamoqxona ekanini aytgan.

Navalniyning Telegram-kanalida 26 dekabr kuni uning nomidan yozilgan post paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, muxolifatchini Vladimir – Moskva – Chelyabinsk – Yekaterinburg – Kirov – Vorkuta – Xarp yo‘nalishi bo‘yicha maxsus rejimli qamoqxonaga olib borishgan. «Men sizning yangi ayozbobongizman, faqat hozircha kiyiklarim yo‘q. Maxsus rejimdagi ayozbobo bo‘lganim uchun sovg‘ani faqat o‘zini juda yomon tutganlar oladi», deb yozdi Navalniy kanalida.

Rossiya Maryinkani egalladi

Ushbu haftada Rossiya Ukrainaning yana bir shahrini egallab oldi. Donetsk viloyatidagi Maryinka shahri ishg‘ol qilindi. Avvaliga bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Putinga bergan hisobotida aytdi. Keyinroq Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ukrainaliklar chindan shahardan chiqqanini tasdiqladi.

Vayronaga aylangan Maryinka shahri
Foto: AP

Bu shahar uchun janglar urush boshlanganidan buyon davom etayotgan, ruslar shahar egallangani haqida bungacha ham bir necha marta xabar qilgan. Donetskdan 5 km uzoqda bo‘lgan bu shahar egallanishi ruslarga taktik ustunlik berishi aytilmoqda.

Chunki Maryinkadan keyin asosan ochiq joylar va dalalar, ya’ni hujum qilish oson bo‘lgan maydondan boshlanadi. Ayovsiz janglar oqibatida Baxmut va Soledar kabi Maryinkaning ham «kuli ko‘kka sovurilgan», shahardan asar ham qolmagan.

Qrimdagi bandargohga hujum: ruslarning desantchi kemasi yo‘q qilindi

Ukraina armiyasi anneksiya qilingan Qrimdagi Feodosiya portiga hujum qilib Rossiyaning «Novocherkassk» katta desant kemasi yo‘q qilinganini xabar qildi. Zarbadan keyin hududda kuchli portlash aks etgan videolar tarqaldi. Rossiya tomoni hujum faktini tasliqlagan.

«Novocherkassk» desantchi kemasi amaliyot vaqtida
Foto: RIA Novosti

480 tonnagacha yuk ortish mumkin bo‘lgan ushbu kema desant tashlashga moslashgan. Unda bir vaqtning o‘zida 150 nafar qurollangan desantchilar joylashishi mumkin. Bundan tashqari, tank va boshqa turdagi zirhli texnikalarni tashiy oladi.

Foto: Videodan kadr

Astra mustaqil nashrining yozishicha, hujum vaqtida kemada 77 nafar dengizchi bo‘lgan va ularning 35 nafari bedarak yo‘qolgan. Shuningdek, portlash sodir bo‘lgan joy yaqinidan Britaniya tomonidan Ukrainaga yuborilgan Strom Shaddow raketasi qoldiqlari topilgan.

Turkiya parlamenti tasdiqladi

Turkiya parlamentining tashqi ishlar komissiyasi 26 dekabr, seshanba kuni Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasini ma’qulladi. Endi shvedlar arizasi Turkiya parlamenti Bosh assambleyasidagi ovoz berish jarayonidan ham o‘tsa, mamlakat NATOga qo‘shilishi uchun Turkiya tomondan to‘siq qolmaydi.

Shvetsiya 2022 yil Rossiya qo‘shnisi Ukrainaga bostirib kirganidan keyin o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun Finlandiya bilan birga NATOga kirish uchun ariza topshirgandi. Qoidaga ko‘ra NATOga kirish uchun ushbu yangi a’zo alyansga kirishini qolgan davlatlar tasdiqlashi kerak. Ammo turk muxolifatchilariga siyosiy boshpana beradigan Shvetsiya alyansga kirishiga Turkiya qarshi chiqadi. Shuningdek, Rossiyaga moyil bo‘lgan Vengriya ham bu arizani qo‘llamaydi.

Ko‘plab muzokaralardan keyin Turkiya prezidenti Rajab-Toyyib Erdo‘g‘an oktyabr oyida Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish arizasini mamlakat parlamentiga ko‘rib chiqish uchun yuborib, hujjatni imzolagandi. Endi shvedlar NATOga kirishini Vengriya ham tasdiqlashi kerak.

Zalujniy matbuot anjumani

Ushbu haftada Zelenskiydan keyin Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ham ilk marta matbuot anjumanida ishtirok etib, savollarga javob berdi.

OAVda ko‘p ham ko‘rinish beravermaydigan Zalujniy matbuot anjumani oldidan bir muddat milliy telemarafonga qo‘shildi hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning harbiy qo‘mondonlik kelgusi yilda 450-500 ming kishini safarbar etish bo‘yicha taklif bergani haqida aytgan so‘zlariga munosabatini bildirdi.

Foto: AFP

«Bu raqamni ochiqlay olmaymiz, chunki bu harbiy sir. Biz resurslar – harbiy texnika va odamlar uchun so‘rovlar shakllantiramiz. Takliflarni mudofaa vazirligiga kiritamiz, qolganini vazirlik hal qiladi. Bizga snaryadlar, qurol va odamlar zarur», dedi qo‘mondon.

Zalujniy harbiy xizmatga chaqirish yoshini kichraytirish, xizmatdan bo‘yin tovlaganlar uchun jazoni kuchaytirish haqidagi savollarga javob berar ekan, bu narsalar bosh shtabning ishi emasligini aytdi

«Biz armiyamiz va biz tinch aholi hayotiga aralashmasdan, faqat jang qilishimiz kerak», dedi u.

Zalujniy harbiy harakatlarda ishtirok etayotganiga olti oy bo‘lgan harbiy xizmatchilarning majburiy rotatsiyasi bo‘yicha firk bildirar ekan frontda jang qilayotganlar musobaqada emas, urushda ekanini eslatdi: «Albatta bu norma bo‘lishini istardim. Ammo odamlarimiz musobaqada emas, bu butun dunyo kuzatayotgan shou emas. Frontdagi vaziyat raqibning harakatlariga bog‘liq. Biz olti, besh yoki uch oydan keyin nima bo‘lishini bashorat qila olmaymiz», – dedi qo‘mondon.

Trampni bloklash «chellenji»ga yana bir shtat qo‘shildi

AQShning yana bir shtati Donald Trampga praymeriz saylovlarida qatnashishni taqiqladi. Oldinroq Kolorado shtat sudi AQSh konstitutsiyasi 14-tuzatishida isyon va qo‘zg‘olonda qatnashganlar davlat lavozimini egallashini taqiqlanishi qayd etilganiga asoslanib, Trampga respublikachilar praymerizida qatnashishni taqiqlagandi.

Men shtatida ham Tramga praymeriz saylovlarida qatnashish taqiqlandi va bu uchun sud ham kerak bo‘lmadi. Shtat davlat kotibi Shanna Bellouz yuqoridagi 14-tuzatishga asoslanib bu bo‘yicha qaror chiqardi. Shanna Bellouzga ko‘ra, Tramp o‘z chiqishi bilan 6 yanvardagi tartibsizliklarga turtki bergan va ularni to‘xtatish uchun hech qanday harakat qilmagan.

Avvalroq Tramp Bellouzdan uning praymerizlarini ko‘rib chiqishda qatnashmaslikni talab qilgan va buni demokratlardan saylangan sobiq senator ekani bilan izohlagandi.

Rossiyaning Ukrainaga raketa zarbalari

29 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa va dron bilan hujum uyushtirdi. Rossiya armiyasi hujumlarda Eronning Shahed dronlari, vanotli va zenit raketalardan foydalandi. Hozirgacha 17 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq odam yaralangani ma’lum.

Foto: Telegram

Ukraina Qurolli kuchlari rasmiy vakili Yuriy Ignatning aytishicha, ruslar «Kinjal» raketalari va ballistik raketalardan ham foydalangan. Rossiya tungi hujumlar uchun 18 ta strategik bombardimonchi samolyotdan foydalangan. «Monitorimizda bir vaqtning o‘zida bu qadar ko‘p nishonlarni ko‘rmagandik», degan Ignat.

Foto: Telegram

Rossiya raketa va dronlari Kiyev, Obessa, Dnipro, Xarkiv, Zaporijjya, Konotop va hatto Lviv shahridagi binolarni vayron qilgan. Rossiya tomoni hujum uyushtirganini tasdiqlab, raketalar go‘yoki harbiy obektlarga yog‘dirilganini iddao qilgan.

29 dekabr kechga borib Rossiya Lvivga uchirgan raketalardan biri Polsha hududiga borib tushgani ham ma’lum bo‘ldi. Polsha bosh shtabi mamlakat hududiga tushgan raketa Rossiyaga tegishli ekanini ma’lum qildi. Mamlakat prezidenti Anjyey Duda harbiylar ishtirokida milliy xavfsizlik kengashining tezkor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Shuningdek, ukrain nashrlarida Rossiyaning Kursk oblastida ruslarning Tu-22m3 samolyoti urib tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarni ikki tomon ham tasdiqlagani yo‘q.

Mavzuga oid