Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yil yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida qatnashdi. 200 dan ortiq mahalliy va xalqaro jurnalistlar akkreditatsiya olib qatnashgan anjumanda Zelenskiy ko‘plab savollarga javob berdi. Xususan, mamlakatda safarbarlik qamrovi tobora kengayib borishi mumkinligini istisno qilmadi.
Zelenskiyning aytishicha, harbiylar undan yana 450-500 ming kishini safarbar qilishni so‘ragan. Ammo prezident faqat yangi odamlarni jalb qilishni emas, ikki yildan buyon jang qilayotganlarga uyiga javob berish haqida ham o‘ylash kerakligini ta’kidlagan. Ayollarni safarbarlikka jalb qilish to‘g‘risida qonunni imzolamoqchi emasligi, ammo 25 yoshdan boshlab yigitlarni ma’lum shartlar asosida armiyaga qabul qilishga rozi ekanini aytgan.
Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya frontda birorta g‘alabaga erishmagan. U Ukraina urushni yutqazishi haqida gaplarni ham rad etdi. Tabiiyki, Zelenskiydan bosh qo‘mondon Zalujniy haqida ko‘p marta so‘rashdi. Oxirgi vaqtlarda ular o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani ko‘rinib qoldi. Ammo prezident harbiy rahbariyat haqida savollarga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermadi, Zalujniyni o‘z jamoasi a’zosi deb atadi va uning iste’fosi haqida to‘xtalib ham o‘tirmadi. Shunchaki Zalujniydan frontda Ukrainaga foyda keltiradigan muvaffaqiyat kutishini bildirdi.
Zelenskiy AQSh Ukrainaga qo‘shimcha yordam berishiga ishonchi komil ekanini aytgan. Uning ishonch bildirishicha, amerikaliklar tez orada Kiyevga yordam bo‘yicha bir qarorga keladi.
Shuningdek, AQShdagi prezidentlik saylovlari natijasi bo‘yicha xavotirli fikr bildirgan. «Agar Tramp AQSh prezidenti bo‘lsa, uning siyosati aniq boshqacha bo‘ladi. Agar u Ukrainaga nisbatan sovuqroq siyosat yurgizsa, bu Ukrainadagi urushga juda katta ta’sir o‘tkazadi», degan u.
«Rossiya birorta g‘alabaga erisha olmadi»

Zelenskiy matbuot anujmanini frontda vatani uchun jon berib qurashayotgan Ukraina Qurolli kuchlari harbiylariga minnatdorchilik bilan boshladi. Rossiya frontda birorta g‘alabaga erisha olmaganini aytgan Zelenskiy BBC muxbirining «Ukraina urushni yutqaza boshladimi?» degan savoliga keskin ohangda «Yo‘q» deb javob berdi. U 2022 yilda ham mamlakat juda qiyin vaziyatga tushib qolgani, ammo blokadani yengib o‘tgan harbiylar katta yerlarni qaytib olganini eslatdi.









