Jurnalistlar va muxlislar uchun futbol kabi qiziq narsa nima? Albatta, Joze Mourinioning matbuot anjumanlari, shunday emasmi? Tabiiyki, u yerda ba’zida noto‘g‘ri gaplar, mind games ham bo‘ladi, demak, agar u intervyuga rozilik bersa, ajoyib voqea. Agar suhbatdosh uning sobiq shogirdi bo‘lsa, bayram.

«Chelsi»ning sobiq futbolchisi Jon Obi Mikel The Obi One Podcast loyihasiga qo‘l urdi va Joze Mourinioni taklif etdi. Quyida suhbatning e’tiborga molik qismlari havola etiladi.

Mourinio podkastlarda ko‘p qatnashmaydi. Nega aynan Jonga rozilik berdi?

— Chunki u – o‘zimning bolakayim. O‘zimizning yigitlardan kim chaqirsa, albatta qatnashgan bo‘lardim, Jon birinchi bo‘ldi. Esimda, rahbariyatga mashg‘ulotlarga energiya olib kiradigan yosh futbolchi olib berishni so‘ragandim. Norvegiyada to‘p surayotgan afrikalik yigitchani tavsiya qilishdi. «U baquvvatmi?» deb so‘radim. Tasdiqlashdi. Men shunchaki kuchli o‘smirni ko‘raman deb o‘ylagandim, yo‘q birinchi ko‘rganimdayoq uning o‘ziga xosligini anglab yetdim. Afsuski, Jonni ser Aleks ham ko‘rib qolgandi va futbolchi uchun haqiqiy jangni yutib chiqishimizga to‘g‘ri keldi. «Chelsi» va Jonning o‘zining baxtiga, biz bu kurashda g‘olib chiqdik.

Asr boshlaridagi «Chelsi» haqida

— Nega o‘sha «Chelsi» yaxshi edi? Chunki klubda Roman Abramovich bor edi. Pulning ahamiyati katta. «Chelsi» misolida buni payqash qiyin emasdi. Hozir buni «Manchester Siti»da ham ko‘rib turibmiz. «Chelsi» avvalgidek bo‘lmasa-da, hozir ham top-klub sifatida e’tirof etishim mumkin.

Eng yaxshilar bizda edi. Yaxshi murabbiy, yaxshi o‘yinchilar. Sport direktori Piter Kenon bilan har qanday futbolchini tanlashimiz mumkin edi. Faqat maydondagi muvaffaqiyatlari emas, uning xarakteri, mentaliteti, jamoaga qay darajada qo‘shilib keta olishigacha ahamiyat berardik.

Mashg‘ulotlar haqiqiy o‘yindek kechardi. Har bir futbolchi mashg‘ulotlarni murabbiy oldida o‘zini ko‘rsatish, asosiy tarkibga loyiqligini namoyish qilish imkoniyati sifatida qarardi. Men bemalol Terrining oldiga borib, yomon o‘ynayotgani, yangi himoyachi sotib olishim mumkinligini aytardim, u esa darhol qizishib, mashg‘ulotlarga zo‘r berardi.

Hozir hammasi boshqacha. Ko‘p murabbiylarning e’tirof etishicha, asosiy muammo sifatida futbolchilarning mentaliteti bo‘lib qolmoqda. Hozirgilar uchun mashg‘ulotlar bu shunchaki mashg‘ulot, undan ortiq emas. Agar bugungi avlodga o‘sha paytdagi munosabatimni qilsam, umuman maydonga chiqa olishmasdi ham. U paytlarda tanaffusda janjal ko‘tarardim, hatto massaj stollari uyoqdan buyoqqa uchardi. Bilardimki, bu o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, hozir shogirdlarim ikkinchi bo‘limga g‘alaba uchun odam o‘ldirishga ham tayyor holatda chiqishadi.