O‘zbekiston | 21:05 / 14.01.2024
23557
5 daqiqa o‘qiladi

«Chang yutishdan charchadim» - Faollar toza havo uchun fleshmob uyushtirishdi

Faollar va blogerlar aholi va hukumat e’tiborini ekologik muammolarga, jumladan havo sifati yomonlashganiga qaratish maqsadida Toshkent shahri markazida #TozaHavoKerak heshtegi bilan fleshmob o‘tkazishdi. 

Foto: t.me/Urik_guli

O‘zbekistondagi taniqli faollar juma kuni aholi va hukumatning e’tiborini og‘irlashib borayotgan ekologik muammolarga qaratish maqsadida Toshkent shahri markazida #TozaHavoKerak fleshmobini o‘tkazishdi.

Aksiyada ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (O‘rikguli), reper Konsta, stendapchi Mirshakar Fayzullayev, blogerlar Umid Gafurov, Mirzayor Erkinov, Sarvinoz Tolibayeva, A’zam Qahramoniy, Sa’dulla Abdullayev va boshqalar qatnashgan.

Mirzayor Erkinov telegram-kanalida fleshmobdan maqsad ko‘proq o‘zbekistonliklar ekologiya bilan bog‘liq holatga befarq bo‘lmasligi, kurashishiga chorlov ekanini ta’kidlagan.

Mirzayor Erkinov

«So‘nggi yillarda yurtimiz hududida nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklar ko‘paygani sayin daraxtlar kesilishi, turar joylar tinimsiz qurilishi, avtomobillar ham haddan ziyod ko‘payib ketgani sezilyapti, suvning qadriga yetilmayotgani va eng yomoni — turli zaharli gaz, chang, tutunlar chiqaradigan zavod-fabrikalarning to‘porilarcha ishlashi ham aholi salomatligida o‘zining izini ko‘rsatyapti.

Fleshmobdan maqsadimiz ko‘proq o‘zbekistonliklar ekologiya bilan bog‘liq holatga befarq bo‘lmasligi, kurashishiga chorlov. Bugun Vatan himoyachilari kuni, uning musaffo osmonini va odamlarini qurol emas, tabiatga nisbatan munosabat bilan ham himoya qilsa bo‘ladi. Har bir o‘zbekistonlik o‘zi uchunmas, atrofidagilar uchun ham mas’ulligi darajasini oshirishi kerak.

Undan kutayotgan maqsadimiz — hukumatning mas’ul bo‘g‘inlari ekologiya masalasini kun tartibida ushlab turishi, qat’iy-qat’iy choralar ko‘rishi, daraxtlar kesilishiga shunchaki jarima bilan javob bermasligi, qurilishlarni kamaytirishi va tabiatni asrashda jiddiyroq qonunlar qabul qilishi», degan u.

Ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova

Ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova aksiya O‘zbekistondagi havo bilan bog‘liq ekologik muammolarga odamlar va hukumat e’tiborini qaratishga bag‘ishlanganini aytadi.

«Muammo bir marta ko‘tarilgani uchun „bir martalik“ yechim qilinib, oxirigacha tizimli yechim bo‘lmasligidan juda qo‘rqyapman. Aksiya butun e’tiborni shu muammoga qaratish uchun o‘tkazilgan.

Hukumat bir martalik emas, balki uzoq yillarga mo‘ljallangan va qat’iy choralar bilan chiqishini kutyapman. „Muammo hozir bor, buni hozir yechamiz“, deb yechim bermasdan, 10 yildan keyin bunday natijaga erishamiz, 20 yildan keyin bunday natijaga ega bo‘lamiz, deydigan uzoq muddatli yechim xohlayapman.

Vaziyat yaxshi tarafga o‘zgaradi, degan umiddaman, chunki odamlar ham, faollar ham, hukumat ham befarq emas. Hamma birlashsa, hamma bu muammoning muhimligini tushunsa, albatta, yaxshi tomonga o‘zgaradi», — degan u Gazeta.uz nashriga.

Umid Gafurov

Umid Gafurov o‘z intervyusida maqsad O‘zbekiston aholisi va hukumatining e’tiborini «bugungi kunning eng dolzarb, eng muhim, birinchi navbatda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammosiga» qaratish ekanini ta’kidladi.

«Anchadan beri O‘zbekistonda havo yomonlashyapti, suv muammolari bor, ekologik muammolar tobora o‘sib bormoqda, havoning sifati [yomonlashgani]ni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lyapti. Agar hozir chora ko‘rilmasa, keyin kech bo‘ladi

Men bu holatning to‘liq, kerak bo‘lsa, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda to‘liq tahlil qilinishini kutyapman. Bir tomonlama tahlillar masalani hal qilishda yordam bermaydi. Shuning uchun to‘laqonli, kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishlarini xohlar edim.

Men vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishini kutyapman, menimcha, hamma buni kutmoqda», deya ta’kidlagan bloger. 

Mirshakar Fayzullayev
Reper Konsta o‘zining Havo nomli qo‘shig‘idan iqtibos keltirgan
Sa’dulla Abdullayev
Sarvinoz Tolibayeva
 Teacher Azam (A’zam Qahramoniy)

O‘zbekistonda daraxtlar kesilishi, yashil hududlarda qurilishlar qilinishi, havo sifati yomonlashishi muammolari haqida bir necha yildan buyon yozib kelinadi, ammo hukumat tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmagan. Bu yil esa havo sifati buzilishining tashqi belgilari yaqqolroq ko‘rina boshladi va ekologiya masalasi yanada dolzarblashdi.

Shu kunlarda Ekologiya vazirligi Toshkent havosi ifloslanishiga ta’sir etayotgan omillarni ma’lum qildi. Tahlillarga ko‘ra, poytaxt havosi ifloslanishiga yashillikning kamaygani, betartib qurilishlar, transport oqimi yuqoriligi, ko‘mir va mazutdan chiqayotgan zaharli tashlanmalar sabab bo‘lmoqda. Vazirlik atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish bo‘yicha takliflarini ilgari surgan.

Mavzuga oid