Sud hukmi inson taqdiriga daxldor bo‘lgan muhim hujjat. Uning yozilishida chalkashliklarga yo‘l qo‘yish jiddiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rilgan ishlarda bu qarashdan biroz chetlab o‘tiladi shekilli. Yo‘qsa, sud raisi Sanjar Isaqulov sudyalik qilgan ishda hukm “uyqu aralash” yozilmagan bo‘lardi. 2023 yil 22 dekabr kuni Sanjar Isaqulov tomonidan ko‘rilgan ish hukmini o‘qib, bunga amin bo‘ldik.

Mazkur ish ikki erkakning “jin chiqarish” paytida 42 yoshli ayolni o‘ldirib qo‘yishi bilan bog‘liq. Hukmdagi son-sanoqsiz orfografik hamda grammatik xatolar o‘z yo‘liga, mazmun jihatdan telba-teskari jumlalar shu qadar chalkashib ketganki, sudlanuvchi aslida kim ekanini adashtirib qo‘yish hech gap emas.

Hukmning ayrim o‘rinlariga to‘xtalib o‘tsak.

Jumladan, sudlanuvchi Rahim Boltaboyevning ko‘rsatmasi shu qadar chalkashtirib tashlanganki, birinchi gapning o‘zidanoq shaxslar almashib ketgan: sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lgani bilan boshlangan gap verguldan so‘ng birinchi shaxsga aylanib qoladi. Go‘yoki, sudlanuvchi emas, hukmni yozayotgan odam, ya’ni sudya boshidan o‘tganlarni gapirib berayotgandek.

Sudlanuvchi R.Baltabayev sud majlisida aybiga qisman iqror bo‘lib, Men 2022 yil bahor oylarida uxlagan vaqtlarimda meni ko‘ziga noma’lum maxluqlar ko‘rinib, ko‘zini bir nimalar urib ketganga o‘xshab, og‘irliklar seza boshlagan. Shu vaqtlarda kechasi bir tush ko‘rdim, tushida oq rangli eshak o‘ng qo‘lini tishlab g‘ajib tashladi. Ushbu tushdan qo‘rqib uyg‘onib ketdim. Uyg‘onganimda tishlari bilan o‘zini o‘ng qo‘lini tishlayotgan ekan”.

Bu yerda 2022 yilning bahor oylarida kim uxlagan vaqtlarida ko‘ziga maxluq ko‘ringan? Kechasi bilan kim tush ko‘rgan? Oq rangli eshak kimning qo‘lini g‘ajigan? Kim o‘zining qo‘lini o‘zi tishlagan? Yuqoridagi jumlani takror va takror o‘qib, bu savollarga javob topish qiyin. Faqatgina ishning umumiy mazmunidan kelib chiqib, bu gaplar sudlanuvchiga tegishli ekanini xulosalash mumkin.