O‘zbekiston | 17:48 / 08.02.2024
29176
3 daqiqa o‘qiladi

«Toshshahartransxizmat» rahbari Anvar Jo‘rayev qamoqqa olingani tasdiqlandi

U mansab soxtakorligi va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarida gumonlanmoqda.

Foto: Toshkent hokimligi matbuot xizmati

Transport vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasining boshlig‘i va «Toshshahartransxizmat» AJ raisi Anvar Jo‘rayev qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Bosh prokuror o‘rinbosarining Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi «a» bandida (takroran mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi (surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan Anvar Jo‘rayev (1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan) ga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 7 fevraldagi ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi Anvar Jo‘rayevga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.

Bundan avvalroq Kun.uz manbasi Anvar Jo‘rayev  Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i hamda «Toshshahartransxizmat» rahbarligidan ketgani, u hibsga olingan bo‘lishi ham mumkinligini xabar qilgandi. 

  • Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda transport sohasining bir qator mansabdorlari, xususan, Anvar Jo‘rayevga hayfsan va so‘nggi ogohlantirish berilgandi. Davlat rahbari Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini qayd etgandi.
  • Ma’lumot uchun, Anvar Jo‘rayev 2017-2018 yillarda «Toshshahartransxizmat» raisi bo‘lgan, biroz muddat ishdan olinib, 2019 yilda yana shu lavozimga qaytarilgan.

Mavzuga oid